Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha turidan himoyalashga doir qonun qabul qilinyapti

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha turidan himoyalashga doir qonun qabul qilinyapti

O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga tarif berib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashni nazarda tutmoqda.

Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari belgilanib, zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish, himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishi talab qilinmoqda.

Bundan tashqari, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qo‘yishning umumiy chora-tadbirlari belgilanmoqda.

Qolaversa, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) ishtiroki hamda ularning majburiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari mazkur qonun loyihasining dolzarbligini inobatga olgan holda qo‘llab-quvvatladilar. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring