Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Boku va Samarqand o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi

Boku va Samarqand o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi

Ozarbayjon poytaxti Boku va O‘zbekistonning qadimiy shahri – Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi. Ozarbayjonning «Azal Airlines» aviakompaniyasiga tegishli havo kemasi 5 oktyabr oqshomida Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

Samarqandda ilk yo‘lovchilar va «Azal Airlines» vakillarini viloyat hokimligi, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi, Uzbekistan Airports va Air Marakanda aviakompaniyalari mas’ullari kutib oldi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov yangi aviaqatnov O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

«Azal Airlines» shirkati matbuot kotibi Narmin Xalilova O‘zbekiston gavhari sanalgan Samarqandga parvoz yo‘lga qo‘yilishini tarixiy hodisa deb baholagan.

Boku va Samarqand o‘rtasidagi parvozlar haftada ikki marta – seshanba va juma kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi maslahatchisi Bahrom G‘oipov Trend nashriga bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, jug‘rofiyasini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Bu borada O‘zbekistonning Buxoro, Xiva shaharlari va Farg‘ona vodiysi, Ozarbayjonning Fuzuliy va Ganja shaharlari istiqbolli yo‘nalishlari ekani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, «Azal Airlines» kompaniyasi tomonidan Bokudan Toshkentga ham muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring