Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxonachilardan qochishga uringan shaxs ushlandi. Uning sumkasidan noyob va qimmatbaho lochinlar chiqdi

Bojxonachilardan qochishga uringan shaxs ushlandi. Uning sumkasidan noyob va qimmatbaho lochinlar chiqdi

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shaharning chegaradosh hududida harakatlanayotgan shaxs tezkor xodimlar tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qolgach, shu yerdagi uylardan biriga qochib kiradi va yashirinishga urinadi.

Mazkur xonadon belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilib, qochishga uringan shaxsning qo‘lidagi sumka ochib ko‘rilganida, uning ichida 7 bosh lochinlar borligi aniqlandi. 

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

«Noqonuniy ravishda olib o‘tishda atrofdagilarga sezdirmaslik maqsadida qushlarning ko‘zi, oyoqlari bog‘lab qo‘yilgan, qanotlari esa skotchlangan. Shuningdek, ular sumkaga zich holatda joylashtirilgan bo‘lib, bu holatni qushlarga nisbatan vahshiylik deb izohlash mumkin», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur lochinlar Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanmoqda. Keltirilgan kuni ularning 4 nafari og‘ir ahvolda bo‘lgan. Hayvonot bog‘i veterinarlari tomonidan ko‘rsatilgan muolaja va parvarishlardan so‘ng ularning holati yaxshilangan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, lochinlarga chip o‘rnatildi va endi ular Xalqaro reyestrga kiritildi. 90 kunlik karantin sharoitidagi parvarishdan so‘ng lochinlar yana ona-tabiat qo‘yniga uchirib yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga «Itolg‘i» nomi bilan kiritilgan ushbu lochinlar asosan G‘arbiy Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog‘ tizmalari hamda Qizilqum cho‘lida uchraydi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda bu kabi itolg‘i lochinlari keskin kamayib, hozirda atigi 70 juft saqlanib qolgani taxmin qilinadi.

Lochinlarni noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar ularning har birining bahosini o‘rtacha 30 mln. so‘mdan ekanligini ta’kidlashgan. Vaholanki, dunyo bo‘ylab qora bozorlarda lochinlarning narxi 15 ming AQSh dollaridan 150 ming AQSh dollarigacha baholanadi. Ularning qo‘lga o‘rgatilganlari esa hattoki bir necha million dollar turadi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring