Bog‘chaga navbat, taom sifati va oshpazlarning maoshi. Vazirlik savollarga javob berdi
Maktabgacha ta’lim vazirligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida soha doirasidagi savollarga javob berib o‘tildi. Xabar.uz muxbiri ushbu tadbirda ishtirok etdi.
Eng avvalo jurnalistlarni nima sababdan bog‘chalarga navbat ko‘pligi haqidagi savol qiziqtirdi. Bu savolga vazirlik axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva javob berib o‘tdi.
— Darhaqiqat, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bir qator ishlarga qaramasdan, maktabgacha ta’lim muassasalariga navbat hamon ko‘p. Buning bir qator sabablari bor. Shunga ham ahamiyat berishingizni so‘rayman, yurtimizda aholi soni oshib bormoqda, tug‘ilish tendensiyasi ko‘paygan.
Aksincha, tizimda islohotlar boshlanishiga qadar o‘tgan 20 yil davomida bog‘chalar soni 11 mingtadan 5 200 taga tushib qolgani ham vaziyatga ta’sir o‘tkazdi. Bugungi kunda mavjud vaziyatni yaxshilash uchun katta ishlar bajarilmoqda. Davlat rahbarining eng katta tashabbuslaridan biri ham shu – maktabgacha ta’limni rivojlantirish. E’tibor bering, bolalar 3-7 yoshda bazaviy ta’limni oladilar va keyinchalik buni rivojlantirib boradilar. Biz mana shu ta’lim sifatini oshirishga harakat qilyapmiz, — dedi Mavluda Asqarxo‘jayeva.
Tadbir davomida OAV xodimlarini maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlantirish tizimi qanday tashkil etilgani qiziqtirdi. Ta’kidlanishicha, bog‘chalarda yegulik tayyorlash JSST tavsiyasiga ko‘ra bajarilmoqda.
— Yaxshi bilamiz, yaqin yillarda muassasalarimizdagi eng katta muammolardan biri ham ovqatlantirish tizimida edi. Eng avvalo vazirlik tomonidan bu boradagi muammolarni aniqlash uchun juda katta tahlil o‘tkazildi. Unga ko‘ra, yumshoq qilib aytganda, bog‘chalarimizda tayyorlanayotgan taomlar bolalarga u qadar yoqmayotgani aniqlandi. Bunga nima sabab bo‘lgan? Eng avvalo, bog‘chalarimizda taom tayyorlash texnologiyasi umuman bo‘lmagan. Oshpazlar qo‘lidan kelgancha ovqatlarni tayyorlab ketaverishgan. Taom sifati ham shunga yarasha bo‘lgan. Vaziyatni o‘nglash uchun alohida ishchi guruh tuzildi, unga vazirlik, sog‘liqni saqlash va SEOM xodimlari kiritildi.
Mutaxassislar taom tayyorlash jarayonini o‘rganib chiqdilar va kundalik ratsionda meva-sabzavotlar ulushi oshirilib, shakar miqdori kamaytirildi. Bundan tashqari, sut va go‘sht mahsulotlariga alohida talab kiritildi. Bog‘chalarda tayyorlanayotgan barcha taomlar o‘rganib chiqildi va bunda har bir hududning talablari ko‘rildi. Vazirlik tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari uchun kulinar taomnoma tayyorlandi va uni «Aqlvoy oshpaz» deb atadik. Bunda JSST ko‘rsatmalari ham inobatga olindi. Ayni vaqtda bog‘chalar uchun yagona mavsumiy menyu ishlab chiqilmoqda, — dedi Bolalar salomatligini ta’minlash va ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Umida Muxitdinova.
Shuningdek, matbuot anjumani davomida maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining maoshi juda pastligi ko‘tarildi va vazirlikdan ushbu masalani tushuntirib berish so‘raldi. Savolga Maktabgacha ta’lim vazirligi moliyaviy iqtisodiy rivojlanishni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Pardayev javob berdi.
— Bu savol bizga ilgari ham berilgan. Darhaqiqat bog‘chalarda ish haqi boshqa ta’lim tashkilotlarga qaraganda sezilarli darajada kam. Biz 2021 yilning oxirida tegishli hisob-kitoblarni amalga oshirdik. Unga ko‘ra, ish haqini ko‘tarish uchun bir yilda o‘rtacha 1 yarim trillion so‘m mablag‘ talab qilinishi aniqlandi. Biz bu loyihani moliya vazirligiga berganmiz. Unga ko‘ra, direktordan tortib, texnik xodimlargacha maoshni oshirish ko‘zda tutilgan. Oxirgi muzokaralarga ko‘ra, moliya vazirligi bu mablag‘ni topib berishini bildirgan, ammo maoshni oshirishni bosqichma-bosqich amalga oshirish taklifi berildi. Bizning oldimizda ikkita yo‘l bor, birinchisi: keyingi o‘quv yilidan boshlab maoshlarni oshirish boshlanadi. Ikkinchisi: ayrim lavozimlar uchun bu yil, boshqalari uchun esa 2023 yildan boshlab ish haqini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, — dedi Sh.Pardayev.
Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva tadbir davomida OAV xodimlariga murojaat qilib, ushbu masalani kengroq yoritishni so‘radi. «Maoshning kamligi korrupsiyaga olib keladi. Masalan, bolalar bog‘chalaridagi oshpazlarning ish haqisi juda past, bu masalani ko‘proq yoritish maqsadga muvofiq bo‘lar edi», — dedi M.Asqarxo‘jayeva.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter