BMT maxsus ma’ruzachisi O‘zbekistonga «taftish»ga kelmoqda
BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal joriy yil 19-30 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Balakrishnan Rajagopal tashrif davomida O‘zbekiston milliy qonunchiligi va amaliyotda uy-joy huquqi qay darajada himoyalangani, turarjoy narxi, yashashga yaroqliligi, kommunal xizmatlardan foydalanish imkoniyati va uy-joydan majburiy tartibda chiqarib yuborish masalalarini o‘rganadi.
Maxsus ma’ruzachi, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan uy-joy huquqidan barcha aholi guruhlari foydalanishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, iqlim inqirozining uy-joy huquqiga bo‘lgan ta’siri, aholining uy-joy masalalari va shaharsozlik bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida ishtirokini tadqiq etadi.
BMT vakili tashrif davomida Toshkent, Jizzax, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarga va ular yaqinidagi tumanlarga, jumladan, talabalar turargohi, oiladagi zo‘ravonlikdan qochgan yoki boshpanasiz qolgan shaxslar uchun mo‘ljallangan shelterlarga borishi kutilmoqda. U milliy va mahalliy darajadagi amaldorlar, sudyalar, fuqarolik jamiyati va biznes doiralar vakillari bilan uchrashadi.
Maxsus ma’ruzachi O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan kelgusi yil mart oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga hisobot taqdim etadi.
Ma’lumot o‘rnida, BMT maxsus ma’ruzachilari Inson huquqlari bo‘yicha kengashning Maxsus protseduralar deb nomlanuvchi mexanizmining bir qismi sanaladi. Maxsus protseduralar ekspertlari ixtiyoriy asosda ishlaydi, ular har qanday hukumat yoki tashkilotdan mustaqil bo‘lib, o‘z shaxsiy maqomida xizmat qiladi.
AQShdagi nufuzli Massachusets texnologiya instituti professori Balakrishnan Rajagopal 2020 yil 1 maydan buyon uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachi vazifasini bajarib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter