Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT kelajak talablariga ham javob berishi kerak – Annalena Berbok

BMT kelajak talablariga ham javob berishi kerak – Annalena Berbok

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok BMT Bosh assambleyasi 79-sessiyasi doirasidagi chiqishlarida dunyoda beqarorlik hukm surayotgan bir paytda mazkur xalqaro tashkilotning o‘rni va roli kuchli bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

«Tinchlikni mustahkamlash va yanada barqaror taraqqiyotga erishish uchun BMT kelajak talablariga ham javob bermog‘i lozim. Shu bois ham Germaniya Namibiya bilan birgalikda bugun qabul qilingan Kelajak paktini faol targ‘ib etib kelgan edi», – dedi olmon bosh diplomati.

Rasmiy Berlin BMT Xavfsizlik kengashi XXI asr voqeligiga muvofiq bo‘lishi lozim deb hisoblaydi. Mas’uliyatli vazifalarni zimmasiga olish uchun Germaniya 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik kengashida muvaqqat a’zolik uchun nomzodini ilgari surgan. Shuningdek, mamlakat Xavfsizlik kengashi Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi manfaatlarini yanada ko‘proq hisobga olishi uchun “To‘rtlar guruhi”ga kiruvchi Braziliya, Hindiston, Yaponiya bilan hamkorlikda ishlamoqda. 

Xalqaro tuzilmaga badal to‘lovi miqdori bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallagan Germaniya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zoligiga ham intilmoqda.

Kremlning bosqinchilik siyosatiga to‘xtalgan A.Berbok Rossiya nafaqat Ukraina, balki Yevropadagi tinchlik va xalqaro tartibga ham qarshi chiqayotganini ta’kidlagan. Shunga ko‘ra BMT nizomlariga amal qilish muhimligini urg‘ulagan.

«Agar biz Xavfsizlik kengashi a’zosi, besh doimiy a’zodan biri maqsadiga kuch va zo‘rovonlik bilan erishishiga yo‘l qo‘ysak, u holda nafaqat xalqaro hamjamiyatga, balki sayyoramizning umumiy kelajagiga ham halokatli tahdid yuzaga keladi», – dedi Germaniya vaziri.

Avvalroq Annalena Berbok bosqinchilik urushini boshlagan shaxslar muqarrar javobgarlikka tortilishi uchun xalqaro huquqni isloh etishni taklif qilgandi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring