Bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish yakunlandi
Surxondaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi bloger Otabek Sattoriyga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilish jarayonini yakunladi.
Qayd etilishicha, bloger 2020-yilning iyunidan 2021-yil yanvariga qadar sakkiz kishining sir saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlarini internet orqali oshkor qilish bilan qo‘rqitib, ularning ayrimlaridan moddiy manfaat ko‘rib kelgani aniqlangan.
«24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a»,«B» bandlari va 3-qismi «a» bandi (tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi «a, g» bandlari (tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi «a» bandi (haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan», deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, tovlamachilikda ayblanayotgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bo‘yicha jamoatchilik tomonidan xolis tekshiruv o‘tkazilishi talab qilinmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Surxondaryoda hokimlarni tanqid qilib kelgan bloger Otabek Sattoriyning bozorda videoga olayotgan paytda ma’muriyatdagilar tomonidan telefoni sindirilgan va shu telefoni uchun yangisini olayotganda unga tovlamachilik aybi ilingani haqida xabar qoldirgandi.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ham bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi holatiga munosabat bildirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter