Bizni qashshoqlikka yetaklovchi odatlar
Agar qashshoq odamdan «Nega yaxshi yashashni uddalay olmayapsan?», deb so‘rasangiz, savolingizga javoblarni qatorlatib tashlaydi. Har bir qashshoqning o‘zini oqlash uchun bahonasi bor. Kimdir «Taqdirim shu ekan. Omadim kelmayapti!», deydi. Yana birov buni jamiyatning gardaniga tashlab qo‘ya qoladi. Uchinchisi, boy bo‘lish istagi yo‘qligini aytadi. Kimdir aybni ota-onasiga yuklaydi, yaxshi ta’lim-tarbiya olmaganini aytadi. Ko‘pchilik maktabda berilayotgan noliydi.
Bugungi zamon odamlari o‘zlari mashaqqat bilan topgan pulni o‘zlariga keraksiz, biroq o‘zlari yomon ko‘radigan odamlarni qoyil qoldiradigan narsalarga sarflashni yaxshi ko‘radilar. Bu – bizning pulga, o‘z mehnatimizga nisbatan hurmatsizligimiz. Quyidagi odatlar bizni kambag‘allik sari yetaklashi mumkin.
Manmanlik
Takabburlik va o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, hurmat qozonish uchun boyligi yoki imkoniyatlari bilan maqtanish xislatlari o‘z egasini oxir-oqibat g‘ariblik domiga tortadi va xarob qiladi. Hayotimiz qulaylashib, mahsulot va xizmat turlari ko‘paygani sayin odamlarda molparastlik, dunyoparastlik illatlari kuchaymoqda. Bu esa isrofga olib keladi. Isrof esa mehnatimizni yo‘qqa chiqaradi.
O‘ziga achinish hissi
Kambag‘allik – ishonchsizlikning natijasi. Kambag‘al insondagi o‘ziga achinish hissi ulardagi ishonchning yo‘lini to‘sib turadi. Kambag‘alligimiz uchun son-sanoqsiz bahonalar topishimiz mumkin: qishloqda tug‘ilganimiz yoki ayol bo‘lib tug‘ilganimiz, otamizdan yetarli meros qolmagani, ortiqcha vaznga egaligimiz, bo‘yimiz pastligi, rangimiz va hokazo. Biroq, bularning hech biri olg‘a bormasligimiz uchun asosli sabab emas.
Xasislik
Xasislik puldan to‘g‘ri foydalana olmaslik degani. Hadeb pul tejashga intilish hayotimizdagi puldan foydaliroq narsalarni boy berishimizga sabab bo‘ladi. “Millioner” degan nom millionni sarflashdan cho‘chimagan odamga beriladi. Shuningdek, kirim va chiqim o‘rtasidagi me’yorni ham unutmaslik lozim. Boy bo‘lishni maqsad qilgan bo‘lsangiz, baxtiyorligingizga xizmat qiladigan vositalarning haqiqiy narxi uchun pul to‘lashga tayyor turing.
O‘zi yoqtirmagan ish bilan shug‘ullanish
Ishingizni yoqtirmasangiz hoziroq undan voz keching. Siz qoqqan eshiklar ochilmasa, o‘zingiz omad eshigiga aylaning. Kelajak siz bugun mashg‘ul bo‘lgan ishga daxldor. Har kimda boshqada yo‘q bir jihat bo‘ladi. Siz o‘zingizdagi ana shu iqtidorni aniqlang. Bu – siz uchun omad eshigi bo‘ladi.
Imkoniyatlar sodir bo‘lmaydi, ularni aynan siz yaratasiz!
Baxtni pul bilan o‘lchash
Biz oilali bo‘lgunimizga qadar baxtni pul bilan o‘lchaymiz. Oila bag‘rida esa pul va boylik ahamiyatini yo‘qotadi. Farzandimiz sog‘lig‘i, oilaviy xotirjamlik, boshqalarga ko‘maklashish boylikning mohiyatiga aylanadi. Ulg‘ayganda ham baxtiyorlikni pul bilan o‘lchash – kambag‘allik belgisi.
Isrofgarchilik
Isrofgarchilikning jazosi – yo‘qchilikdir.
Tezda boyib ketish istagi
Chinakamiga boy bo‘lish – erkin bo‘lishni anglatadi. Tezda boyib ketish esa nafsiga qul bo‘lganlik belgisi. Boy va kambag‘alni farqlab turuvchi yagona omil – vaqtdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasi. Vaqtni qadrlang!
«Qancha ko‘p o‘qisang, shuncha ko‘p pul topasan», degan qimmatli fikrni yodda tuting.
Hayotdan nolish
Noliyveradigan odam oshiq-moshiqlari zanglagan eshikka o‘xshaydi: harakati og‘ir va ovozi yoqimsiz. Eshikka moy quyib uni oson ochiladigan qilish mumkin. Odamni esa ilhomlantirib, olg‘a boshlash, harakatga keltirsa bo‘ladi.
O‘zini boshqalar bilan taqqoslash
Ijtimoiy tarmoqda maqtanchoqlikni o‘ziga kasb qilib olgan «do‘st»larning turmush tarzi bilan o‘z hayotingizni solishtirmang. Unutmang, ular aslida ich-ichlaridan baxtga zor va buni yashirish uchun ham bor-budlarini tinimsiz ko‘z-ko‘z qiladilar. «Birovning oyoq kiyimini kiymaguningcha, uning dardini tushunmaysan», degan gap bor.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar o‘zlarini boshqalar bilan ko‘p taqqoslaydigan bo‘lib qolganlar. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtiradigan odam – hammadan ko‘ra baxtsiz odam.
O‘z oilasidan uzoqlashish
Oila – baxt va muvaffaqiyat markazi. Siz bu doiradan uzoqlashib ketmang. Siz boyib ketish uchun zarur kuchli quvvatni oila a’zolaringizdan olishingiz mumkin. Boshqa hech kim sizga bu qudratni bera olmaydi.
Shuhrat Sattorovning
«Biz g‘alaba qozonamiz» kitobidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter