Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bizni nega aldayapsiz, Oliy sud?» — Rasul Kusherbayev

«Bizni nega aldayapsiz, Oliy sud?» — Rasul Kusherbayev

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib olgani borasida o‘z tanqidiy fikrlarini bildirdi.

«Afsuski, bizga kelayotgan murojaatlarning aksariyati sud faoliyati va qarorlaridan norozilik bilan bog‘liq. Va so‘nggi vaqtlarda bu norozilik qatoriga Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib, «bizda qabul yo‘q», degan prinsipda ish tutayotgani ham qo‘shildi.

Deputatlar qabulxonasida har kuni «bizni Oliy sud rahbarlari qabuliga kiriting, qabulga kira olmayapmiz», degan gapni eshitaverish g‘alati bo‘larkan.

«Sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz... Har bir insonning taqdirini hal etishda ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor bo‘ladi», deya bag‘rikeng xalqimizga murojaat qilib, O‘zbekiston sudyalarining boshida turgan idora rahbariyati o‘z xalqining fuqarolarini qabul qilishdan o‘zini tortsaya?!

Yaxshiyam pandemiya bor ekan. Qabulni to‘xtatib qo‘yishga ayni muddao bo‘ldi. Biroq karantin tartibi yengillashdi, barcha idora va tashkilotlar fuqarolarni sanitariya talablariga rioya etgan holda qabul qilyapti. Lekin Oliy sud, nega siz qabul qilmaysiz? Siz oydan tushganmisiz, yo xalqdan ustun oliy irqdanmisiz?

Yaqinda Qonunchilik palatasining yalpi majlisida xatto spiker N.Ismoilov ham Oliy sudning fuqarolarni qabul qilmayotganligiga e’tiroz bildirganda, Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov qabul masalasida muammo yo‘qligini aytib, va’da bergandi. O‘zim ham bir necha bor Oliy sudga bog‘landim,« muammo yo‘q kelsin fuqarolar» deyishdi.

Natijada esa, viloyatlardan umid bilan kelgan fuqarolar «boring qabul qiladi», degan gapimizga ishonib, Oliy sud eshigi tagida kun bo‘yi sarg‘ayib vaqtini va ishonchini yo‘qotayapti.

Oliy sud, siz parlamentni, 34 millionlik xalq vakillarini ham aldadingiz. Biz sizdan birgina narsa – o‘z xalqingiz fuqarolarini qabul qilishni, eshitishni so‘radik xolos. Shu og‘irmi?

Biz sudning chinakam mustaqil bo‘lishini istaymiz va bu yo‘lda ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq shartimiz ­— sud davlat idorasiga emas, avvalo fuqarolarning manfaatlariga xizmat qilsin, ularning dard-u tashvishlariga quloq tutib, qonunlarga asosan adolatli qaror qabul qilsin. Sud boshidagilar o‘z ishini unutib, turizmni targ‘ibot qilish uchun toqqa borib sudsiz odamlarning uyini o‘zboshimcha, deb prokuror va hokim bilan uylarni buzdirmasin, O‘zbekistonni dunyoga sharmanda qilmasin!

Qiyin bo‘lsa ham adolat yo‘lida ishlayotgan vijdoni borlaridan uzr so‘ragan holda, fuqarolarni qabul qila olmaydigan Oliy suddagi janoblarga ko‘pchilik nomidan oxirgi savol: siz o‘zi kimga xizmat qilayapsiz? (faqat xalqqa, demang iltimos!)

P/S: Bizni populizm va asossizlikda ayblab, idorama-idora shikoyat qilish va faloncha fuqaroni qabul qilib tashladik, degan statistika bilan «reaksiya» qilib, o‘zingizni oqlashdan avval fuqarolarni qabul qilishni boshlang. Mayli shunda biz populist va yolg‘onchi bo‘lishga rozimiz, faqat siz fuqarolarni qabul qiling va eshiting!», — deb yozadi Rasul Kusherbayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring