Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bizga uyda o‘tirish og‘irlik qilayotgan bir paytda ular uyga borishni orzu qilishyapti

Bizga uyda o‘tirish og‘irlik qilayotgan bir paytda ular uyga borishni orzu qilishyapti

Foto: «Youtube.com»

Aziz vatandoshlar!

Avvalo, nafaqat xalqimiz, balki butun dunyoni koronavirus tashvishga solib turgan paytda hukumatimiz ko‘rsatmalariga amal qilib, karantin qoidalariga rioya etib, UYDA QOLAYoTGAN har bir yurtdoshimizga minnatdorchilik bildiramiz.

Madaniyat vazirligi ham bu kasallikka qarshi kurash yo‘lida barcha hukumat tashkilotlari, vazirlik va idoralar bilan birlashishni o‘zining davlat va xalqimiz oldidagi burchi deb biladi. Bu jarayonda avvalo har birimizdan matonat va yuksak madaniyat talab etiladi. Sinovlarni yengish yo‘lida yakdillik, bir tanu bir jon bo‘lib yurt rahbarining, davlatning, fidoyilarning atrofida jipslashish bugun har doimgidan muhim.

Biroq, bu boradagi targ‘ibot tashviqot ishlarini jiddiy qabul qilmasdan, boz ustiga unga turli axloqiy me’yorlarga zid shaklda munosabatda bo‘layotgan, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, hatto shaxslarni obro‘sizlantirishga urinayotganlar ham uchrayotgani achinarli hol.

Koronavirus, bu shunchaki pandemiya emas! U insoniyatning, davlatlarning kelajagini, o‘zaro munosabatlarini belgilab beruvchi mezon hamdir. Bizning unga munosabatimiz ertaga dunyo hamjamiyatining, boshqa davlatlarning bizga nisbatan munosabatini belgilaydi. Davlat taraqqiyoti, sha’ni, millat salomatligi, kelajak avlod sog‘ligi bugun har birimizga bog‘liq! Bu kurashda g‘oliblik ham, mag‘lubiyat ham o‘z qo‘limizda!

Aziz do‘stlar! Kuni kecha madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan taqdim etilgan «Go‘zal hayot» nomli qo‘shiq turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Albatta, madaniyat vakillari o‘z ijodiy asarlariga bildiriladigan munosabatlarni kutadi va ulardan tegishli xulosa chiqaradi. Ushbu qo‘shiq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning koronavirus pandemiyasi munosabati bilan xalqimizga yo‘llangan murojaatlaridan ruhlangan holda dunyoga keldi. Madaniyat vazirligining maqsadi avvalo, mana shunday o‘ta mashaqqatli, sinovli kunlarda xalq dardida qayg‘urayotgan yurt rahbariga, vatanimizning fidoyi shifokorlari-yu, huquq tartibot xodimlariga, xayru-saxovat ishlarida faol bo‘lgan fuqarolarimizga dalda bo‘lish, ularni ruhlantirishdan iborat. Chunki,ularga oson bo‘layotgani yo‘q. 

Bizga uyda o‘tirish og‘irlik qilayotgan bir paytda ular uyga borishni orzu qilishyapti. Qolaversa, olijanob xalqimizga yurt otasining murojaatini chuqurroq yetkazish, barchani birdamlikka, yakdillikka, sabru qanoatga chorlash maqsadida ham ushbu loyihaga qo‘l urildi. Xalqqa atalgan asarni kim yaratishi muhim emas. Undan chiqariladigan xulosa, ibrat muhim!

Bugun yurtimizda pandemiyaga qarshi qilinayotgan ishlar qamrovini to‘laqonli anglagan har bir kishi shunday xulosaga kelishi va uni xalqqa yetkazishga oshiqishi aniq. «Go‘zal hayot» qo‘shig‘i ana shunday xulosa mahsulidir!

Hurmatli vatandoshlar! Karantin e’lon qilinganiga hali bir oy ham bo‘lmadi. Lekin har birimiz ungacha bo‘lgan go‘zal hayotimizni sog‘ina boshladik. Bizni charchatib qo‘ygan o‘sha tashvishlarni, yugur-yugurlarni, tinim bilmas turmush ikir-chikirlarini qo‘msayapmiz hatto. O‘sha kunlar albatta yana qaytadi. Qaytganda ham o‘z qadrini o‘tkazib qaytadi. Aynan «Go‘zal hayot»ni to‘laqonli his qilishni o‘rgangan kunimiz...

Biroq, har kim aravani o‘zi tomonga tortadigan, aql emas, hissiyotlarga erk beradigan bo‘lsa, go‘zal hayot bizdan uzoqlashib boraveradi. Uning tezroq qaytishi uchun esa bugun yakdillikda Yurtboshimizga qanot bo‘laylik, birlashaylik! Buni uddalaymiz! Bu qo‘limizdan keladi! Bunga tarix guvoh...

Go‘zal hayot davom etmog‘i uchun,

Sabot bilan ko‘rsating xalqning kuchin...

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring