Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz bilganimiz ikkita voqea, bilmaganimiz qancha?

Biz bilganimiz ikkita voqea, bilmaganimiz qancha?

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev o‘z blogida internet va ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan bugungi va bir yil avval Jasur Ibrohimov bilan ro‘y bergan voqea hamda ularni bog‘lab turuvchi holatlar haqida mulohaza yuritdi.

Jasur Ibrohimov voqeasidan bir lavha: uni 3-may kuni do‘pposlashgan, o‘sha kuniyoq «102» orqali militsiyaga xabar berilgan. Jasur 1-iyun kuni vafot etgan — uning do‘pposlanishi bo‘yicha jinoyat ishi esa militsiya tomonidan 31-may kuni (yigitning o‘limidan bir kun avval) ochilgan — zo‘r tasodif-a? 4 -iyundan bu ish bilan prokuratura shug‘ullana boshlagan — ya’ni, Jasurning onasi o‘zining murojaati bilan butun internetda shov-shuv ko‘tarib, odamlarning ko‘chalarda to‘planishigacha sabab bo‘lganidan bir kuni o‘tib.

Boshqatdan: bola 3-may kuni do‘pposlangan, o‘sha kuniyoq bu haqda militsiyaga ma’lum qilingan, lekin militsiya jinoyat ishini oradan 28 kun o‘tib — bolaning o‘lishi aniq bo‘lganidan so‘ng ochgan, oradan 4 kun o‘tib bu bilan prokuratura shug‘ullana boshlagan, ish shaxsan bosh prokurorning nazoratiga olingan. Hammasi bunday bo‘lmasligi, jinoyat ishi ochilmay, prokuratura ishni nazoratga olmay qolaverishi ham mumkin edi — agar bu haqda jamoatchilik bilib qolmaganida, bolaning onasi bilan birga boshqa faollar jar solmaganida.

Endi Kattaqo‘rg‘on militsiyasidagi voqeani ko‘rib chiqaylik: militsiya xodimi San’at Umarov o‘g‘rilikda gumon qilingan ayolni 3-iyun kuni yechintirgan. Prokuratura axborotiga ko‘ra, ayol bu holat yuzasidan oradan 19 kun o‘tib — 22-iyunda vakolatli organga ariza bilan murojaat qilgan. San’at Umarovga nisbatan Jinoyat ishi esa 4 iyulda — bu voqea haqida «Ozodlik»da videolari bilan xabar chiqqan kuni ochilgan. Katta ehtimol bilan, San’at Umarov aynan 4-iyul kuni ishdan olingan (yoki 5-iyul bo‘lishi ham mumkin).

Boshqatdan: militsioner 3-iyun kuni bir ayolni yechintirdi, ayol 19 kundan kundan so‘ng ariza bilan shikoyat qildi, ariza tushganidan 12 kun o‘tib jinoyat ishi ochilgan, katta ehtimol bilan, shu kuni militsioner ham ishdan olingan. Endi bu ish ham, xuddi bir yil avvalgi Jasur Ibrohimov ishi kabi, alohida nazorat ostida. Bunday bo‘lmasligi, jinoyat ishlari hali ham ochilmay, ayolni tahqirlagan militsioner ham ishdan olinmagan bo‘lardi — agar bu haqda «Ozodlik» yozib, jamoatchilik bilib qolmaganida.

Endi tasavvur qiling — jamoatchilik ham sezmay, «Ozodlik» ham bilmay qolgan yana qancha shunday voqealar bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring