Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Tanlanganlar jamoasi»

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Tanlanganlar jamoasi»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat amaldagi Yevropa chempioni Portugaliyaga!

Laqabi: «Tanlanganlar jamoasi».

Konfederatsiya: UYeFA.

Bosh murabbiy: Fernandu Santush.

Sardor: Krishtianu Ronaldu.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Krishtianu Ronaldu (149).

To‘purar: Krishtianu Ronaldu (81).

Uy stadioni: Milliy stadion.

FIFA reytingida: 4 (2018-yil 17-may).

Eng yuqori o‘rin: 3 (2010-yil may-iyun; 2012-yil oktyabr; 2014-yil aprel-iyun; 2017-yil sentyabr - 2018-yil yanvar).

Eng past o‘rin: 43 (1998-yil avgust).

Ilk rasmiy o‘yin: Ispaniya Portugaliya 3:1 (Mardid, Ispaniya; 1921-yil 18-dekabr).

Eng yirik g‘alaba: Portugaliya – Lixtenshteyn 8:0 (Lissabon, Portugaliya; 1994-yil 18-noyabr); Portugaliya – Lixtenshteyn 8:0 (Koimbra, Portugaliya; 1999-yil 9-iyun); Portugaliya – Kuvayt 8:0 (Leyriya, Portugaliya; 2003-yil 19-noyabr).

Eng yirik mag‘lubiyat: Portugaliya – Angliya 0:10 (Lissabon, Portugaliya; 1947-yil 25 may).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 6 marta (3-o‘rin: 1966-yil).

Yevropa chempionatidagi ishtiroki: 7 marta (chempion: 2016-yil).

Jahon chempionatidagi ilk ishtiroki

Portugaliya terma jamoasi jahon chempionati final qismiga birinchi marta 1966-yilda chiqqan. Eysebio boshchiligida guruh bahslarini ko‘ngildagidek o‘tkazib, «pley-off»ning dastlabki o‘yinida o‘z yo‘lidan shimoliy koreyalik raqiblarini olib tashlashdi. Bo‘lajak chempion inglizlarga qarshi o‘yin esa muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Sovet ittifoqini yengib, jahon chempionatining bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu portugaliyaliklar uchun hozirgacha jahon chempionatlaridagi eng yaxshi natija bo‘lib turibdi.

Oltin avlod

1990-yillarda Portugaliya terma jamoasining oltin avlodi yetishib chiqa boshladi. Luish Figu, Ruy Koshta, Vitor Bayya, Fernandu Koutu kabi futbolchilar ikki marta ketma-ket yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Aynan o‘sha avloddan keyin bugungi kungacha mamlakat terma jamoasi deyarli barcha yirik turnirlarning doimiy ishtirokchisiga aylanib kelmoqda. Faqatgina saralash bahslaridayoq yakuniga yetgan Fransiyadagi jahon chempionati bundan mustasno.

 Ushalmagan orzu

2004-yilda Portugaliya o‘z uyida Yevropa chempionatini o‘tkazdi va finalga qadar yetib bordi. Ammo Luis Felipe Skolari boshchiligidagi terma jamoa himoyaviy taktikaga asoslangan greklarga imkoniyatni boy berdi. Yosh Krishtianuning ko‘z yoshlari «Da Luj» stadioni chimlarini «yuvishi» oltin avlod orzulari ro‘yobga chiqmaganidan dalolat berardi.

Orzular ro‘yobi

Vaqt o‘tishi bilan orzular ro‘yobga chiqdi. 2016-yili Fransiya maydonlaridagi qit’a chempionati portugaliyaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Mazkur turnirning boshlanishi Ronaldu va uning jamoadoshlari uchun oson kechmadi. Guruh o‘yinlarining birortasida g‘alaba qozona olmagan portugallar uchta durang orqali, 3-o‘rin bilan «pley-off» bosqichiga yo‘l olishdi. Xorvatlarga qarshi nimchorak finaldagi bahs taqdiri «overtaym»da kiritilgan gol evaziga hal bo‘ldi. Keyingi raqiblar, o‘ziga xos sensatsiya sohiblari – Polsha va Uels terma jamoalari birin-ketin mag‘lub etilgach, finalda musobaqa mezbonlariga qarshi qiyin uchrashuv kutib turardi. Bu o‘yin Krishtianu Ronalduning jarohati, yosh iste’dod Renatu Sansheshning ajoyib o‘yini va albatta hech kimga tanish bo‘lmagan Eder ismli yigitning qo‘shimcha bo‘limda gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirishi bilan yodda qoldi.

Chempion sifatida...

Jahon chempionati oltin medali «selesao» uchun orzuligicha qolmoqda. 2006-yildagi yarim final bahsida Zayniddin Zidan penaltidan urgan gol Pireney yarimoroli vakillarini final yo‘llanmasidan mahrum qilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin uchun bahs musobaqa mezbonlari Germaniyaga boy berilgan. Yevropaning amaldagi chempioni Portugaliya terma jamoasi Fernandu Santush boshchiligida Rossiyaga xuddi ispanlar singari qit’a kubogidan keyin jahon kubogini qo‘lga kiritish maqsadida katta ishtiyoq bilan bormoqda.

Asosiy yulduz

Kimlar uchundir u dahshatli mashina, kumir, to‘purar, yulduz; yana kimlargadir u «penaldu», mug‘ombir, xudbin va kibrli bir yigit. Ammo ne bo‘lganda ham u ikkitaning biri, hech kim eplay olmagan ishni uddalagan «o‘zga sayyoralik», zo‘r hujumchi va lider. Gap Krishtianu Ronaldu haqida ekanligini bilib oldingiz.

Yosh Krishtianuning faoliyati otasi ishlaydigan havaskorlar jamoasidan boshlandi. 12 yoshidayoq o‘zining ilk shartnomasini Lissabonning «Sporting» jamoasi bilan tuzgan yigitcha intiluvchanligi sabab katta yutuqlarga erishdi. «Qizil iblislar» safiga borib qo‘shilganda darvozabon van der Sardan mashg‘ulotlardan keyin birga ishlashni iltimos qilardi. Tinimsiz mashg‘ulotlar uni Fergyuson jamoasining muhim elementi va superyulduz darajasiga ko‘tardi. Uch marta APL va bir marta Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqqach, yangi imkoniyatlar va maqsadlar haqida o‘ylay boshladi. Portugaliyalik yulduzning «Real»ga o‘tishi Madrid jamoasi uchun ham yangi davrni boshlab berdi. Ronalduning jamoaviy va shaxsiy sovrinlarining katta qismi aynan qirollik klubi bilan qo‘lga kiritildi. Bugungi kunda Krishtianu qiziqqon, yig‘loqi va xudbin yigitcha emas. U terma jamoaning sardori, maydonda ham, kiyinish xonasida ham yetakchi; ko‘p jihatdan terma jamoaning muvaffaqiyati uning o‘yiniga bog‘liq.

Saralash bahslari

Saralash bahslari qur’asi portugaliyaliklar uchun unchalik oson guruhni taqdim etmadi. Avvaliga Shveysariya va Vengriya terma jamoalari jahon chemionati yo‘lida Portugaliya yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishi kutilgan edi. Ammo amalda faqatgina Shveysariya birinchi o‘yindayoq 2:0 hisobida mag‘lub etib Ronaldu jamoadoshlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun kim munosib ekanligini eslatmoqchi bo‘ldi. Shundan so‘ng Portugaliya kuchsizroq jamoalarni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratish bilan, Krishtianu esa shaxsiy rekordini yangilash bilan ovora bo‘ldi. «Bankirlar» termasiga qarshi hal qiluvchi javob o‘yini oldidan bitta savol ko‘ndalang turardi: kim o‘tish o‘yinida ishtirok etadi-yu, kim asosiy yo‘llanmani qo‘lga kiritadi? Favoritlar bahsida Juru o‘z darvozasini, Andre Silva esa raqib darvozasini nishonga olishi barchasiga oydinlik kiritdi: Portugaliya jahon chempionatida!

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2017-yil 10-noyabr

Saudiya

Arabistoni

3:0

Manuel Fernandesh, Gonsalu Gadesh, Joau Mariu

Vizeu, Portugaliya

2

2017-yil 14-noyabr

AQSh

1:1

Antunesh

Leyriya, Portugaliya

3

2018-yil 23-mart

Misr

2:1

Ronaldu 2 ta

Syurix, Shveysariya

4

2018-yil 26-mart

Hollandiya

0:3

Jeneva, Shveysariya

5

2018-yil 28-may

Tunis

2:2

Andre Silva, Joau Mariu

Braga, Portugaliya

Raqiblar

Portugaliya terma jamoasining raqiblari Braziliyadagi chempionatda omadi kelmagan ispanlar, Erve Renar murabbiyligidagi Marokash va qaysar «koach» sifatida nom qozongan  Karlush Keyrush boshchiligidagi Eron vakillaridir.

Kratovodagi «Saturn» o‘quv-mashg‘ulot bazasiga joylashadigan Krishtianu va uning jamoadoshlari ilk bahsdayoq guruhdagi asosiy raqib Ispaniya bilan to‘qnash kelishadi. Ustiga-ustak o‘yin ham poytaxtdan ancha uzoqda joylashgan Sochida bo‘lib o‘tadi. Darhol Moskvaga qaytib, Afrika vakillariga qarshi kurash olib boradigan Portugaliya termasi guruhdagi so‘nggi bahsni Saranskdagi «Mordoviya arena»da eronliklarga qarshi o‘tkazadi.

Pireney yarimoroli vakillarining o‘zaro bahslari tarixi 1921-yilga borib taqaladi. Portugaliya terma jamoasining ilk rasmiy o‘yini sifatida o‘tkazilgan bahs 3:1 hisobida ispanlar foydasiga hal bo‘lgan. Shundan keyin yana 35 marta turli musobaqalarda ro‘baro‘ kelgan jamoalarning so‘nggi o‘yinlarida ispanlar ko‘proq g‘alaba qozonishgan. 2010 yili JARda o‘tkazilgan jahon chempionatining nimchorak finalida va 2012 yilgi qit’a chempionati yarim finalida Ispaniya raqiblariga nisbatan kuchliroq ko‘ringan bo‘lsa, 2004 yildagi o‘yinda portugallar raqiblarini «pley-off»siz qoldirishgan.

Marokashga qarshi yagona uchrashuvni bosh murabbiy Fernandu Santush hamon esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak. 1986-yilgi jahon chempionatining guruh uchrashuvida afrikaliklar ajoyib g‘alabaga erishgan edi – 3:1.

Eron bilan 2006-yili Germaniyadagi jahon chempionatida bellashgan portugallar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring