Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Sahro burgutlari»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Caudiya Arabistoniga!
Laqabi: «lochinlar», «sahro burgutlari», «yashillar».
Konfederatsiya: OFK.
Bosh murabbiy: Xuan Antonio Pitssi.
Sardor: Yosir Qahtoniy.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Muhammad Da’iy (178).
To‘purar: Majid Abdulla (67).
FIFA reytingida: 70 (2018-yil 12-aprel).
Ilk o‘yin: Saudiya Arabistoni – Suriya 3:1 (Livan; 1957-yil 20-oktyabr).
Eng yirik g‘alaba: Sharqiy Timor – Saudiya Arabistoni 0:10 (Dili, Sharqiy Timor; 2015-yil 17-noyabr).
Eng yirik mag‘lubiyat: BAR (1958–1961-yillarda Suriya va Misr Birlashgan arab respublikasiga birlashgan) – Saudiya Arabistoni 13:0 (Kasablanka, Marokash; 1961 yil 3 sentyabr).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 4 marta (1/8 final, 1994-yil)
Osiyo kubogidagi ishtiroki: 10 marta (3 marta chempion bo‘lgan).
Konfederatsiyalar kubogi: (kumush, 1992-yil).
Tanishuv
Saudiya Arabistoni davlat sifatida oldinroq dunyo xaritasida paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, mamlakat futbolining tug‘ilishi o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga borib taqaladi. Dastlabki yillarda qit’a miqyosida autsayderlik maqomida harakat qilgan «sahro burgutlari» 1980-yillarga kelib ikki bor Osiyo chempionligiga erishdi. Terma jamoaning asosini milliy chempionatning yetakchi jamoalari «Al-Hilol», «Al-Ittihod» va «Ash-Shabob» futbolchilari tashkil etadi. Muxlislar o‘z suyuklilarini «lochinlar», «yashillar» yoki «sahro burgutlari» deyishadi. Shuningdek, ularning «Osiyo Braziliyasi» degan laqablari ham bor.
Qit’a miqyosidagi yutuqlar
Shu kungacha jahon chempionatlarida aytarli natija qayd eta olmagan Saudiya Arabistoni terma jamoasi qit’a chempionatidagi g‘alabalar bilan cheklanib qolmoqda. Osiyo chempionatida uch bora zafar quchgan jamoa yana uch marta finalda mag‘lub bo‘lgan.
Jahon chempionatidagi ilk muvaffaqiyat
Jahon chempionati final qismining muntazam ishtirokchilari orasida ham hanuzgacha g‘alaba qozona olmagan terma jamoalarni uchratish mumkin. Saudiyaliklar esa ilk bora 1994 yildagi jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi va o‘sha chempionatda sensatsion tarzda g‘alabalarga erishib ko‘pchilikni hayron qoldirishdi. AQShdagi chempionatda argentinalik murabbiy Xorxe Solari boshchiligidagi jamoa Niderlandiya, Belgiya va Marokash kabi jamoalardan iborat anchagina qiyin guruhdan chiqib, nimchorak finalda Shvetsiyaga imkoniyatni boy berdi.
Ilk bahsdayoq Niderlandiya terma jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ygan osiyoliklar Fuad Aminning zarbasidan so‘ng oldinga chiqib olishgan, ikkinchi taymning so‘nggi daqiqalarida hollandlar g‘alabani ilib ketgan edi — 1:2. Nyu-Jersidagi ikkinchi o‘yinda Marokash terma jamoasi mag‘lub etildi – 2:1. Hal qiluvchi o‘yinda Belgiya terma jamoasini yenggan osiyoliklar sensatsion tarza keyingi bosqichga yo‘llanma olishdi. Darvoqe, belgiyaliklar darvozasiga to‘p kiritgan Said Ovayran chempionatdagi ajoyib o‘yinlari evaziga «arab Maradonasi» degan laqabni oldi va o‘sha yili Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Qiziq tomoni, Ovayranning golidan keyin ham belgiyaliklar hisobni tenglashtirishga shoshilishmadi. O‘sha paytdagi reglamentga ko‘ra eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan uchinchi o‘rin sohiblari ham «pley-off»ga chiqar, shuning uchun bu hisob har ikki jamoani qoniqtirar edi. Oqibatda boshqa guruhda Kamerun darvozasiga oltita to‘p kiritgan Rossiya guruhda qolib ketdi. O‘sha paytda ko‘pchilik belgiyaliklarni o‘yinni sotganlikda aybladi.
«Qora kunlar»
Saudiya Arabistoni terma jamoasi futbolchilari 1998, 2002 va 2006 yilgi jahon chempionatlarida ham ishtirok etdi. Ammo har safar ulardan omad yuz o‘girdi. O‘tkazilgan 9 o‘yinning 7 tasida yutqazgan arablar ikkita durangga erishdi. Ular ichida eng omadsizi Osiyo maydonlarida o‘tkazilgan jahon chempionati bo‘ldi.
2010 va 2014 yillarda jahon chempionati saralash bahslaridan nariga o‘ta olmagan saudiyaliklar Osiyoda ham o‘z o‘rnini boshqa terma jamoalarga bo‘shatib berishdi. To‘rtta Osiyo chempionatining bor-yo‘g‘i bittasida medal ololgan jamoa muvaffaqiyatsizliklarining asosiy sabablaridan biri mahalliy futbolchilarning boshqa kuchli chempionatlarga borib o‘ynash xohishi yo‘qligi deyishadi.
Legionerlar
Bugungi kunda terma jamoaning bor-yo‘g‘i ikkita futbolchisi ichki chempionatda to‘p surmaydi. Kaliforniyada tug‘ilib, mahalliy «Kavalers»da to‘p suradigan Faris Abdi va eredivizionda to‘p suruvchi somalilik Muxtor Ali. Lekin ularning har ikkisi ham na o‘z klubida va na terma jamoada o‘zini ko‘rsata olishgan.
Rekordchi
Jamoaning ko‘p yillik golkiperi Muhammad Da’iy FIFA ma’lumotlariga ko‘ra o‘z milliy terma jamoasida maydonga tushish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bormoqda. Shuningdek, u to‘rtta jahon chempionatida (1994, 1998, 2002, 2006) ishtirok etib, darvozabonlar uchun nisbatan katta bo‘lmagan 34 yoshida terma jamoadagi faoliyatini tugatgan. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha rekord o‘z terma jamoasida 184 o‘yinda ishtirok etgan misrlik Ahmad Hasanga tegishli.
Asosiy yulduz
Saudiya Arabistoni terma jamoasidan yaqqol yulduzni ajratish mushkul. Agar yulduz futbolchi ko‘p gol kiritgani bilan o‘lchansa, u holda Muhammad Sahlaviyni ko‘rsatish mumkin. U Robert Levandovskiy bilan birgalikda barcha qit’alardagi saralash bahslarining eng yaxshi to‘purari degan nomga erishdi. Garchi u asosiy gollarini ikkinchi saralash bosqichida Sharqiy Timor va Iroq kabi raqiblar darvozasiga kiritgan bo‘lsa-da, hujumchini iste’dodsiz deb bo‘lmaydi. Muhammad o‘z klubi «Al-Nasr»ning asosiy yulduzi va u jamoasi tarkibida yuzdan ortiq gollarga mualliflik qilgan.
Ikki yil oldin u o‘z mamlakatida ham taniqli emas edi. Terma jamoaga Bert van Marveyk kelganidan so‘ng Sahlaviyning ham «ketmoni ucha» boshladi. U hollandiyalik murabbiyning ishonchini qozondi va terma jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi. 2017 yildagi kichik jarohat boshqa hujumchilarga ham imkoniyat taqdim etgan bo‘lsa-da, u Rossiyaga birinchi raqamli hujumchi sifatida borishi aniq.
Saralash bahslari
Osiyoda saralash bahslari ancha uzoq davom etishi ma’lum. Hollandiyalik murabbiy Bert van Marveyk shogirdlari 3 yil oldin boshlangan musobaqaning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tishdi.
Hal qiluvchi bosqichning so‘nggi turi Yaponiyaga qarshi Jidda shahrida bo‘lib o‘tdi. Arabistonga ortiqcha motivatsiyasiz kelgan kunchiqar yurt vakillari ikkinchi tarkib bilan maydonga tushishdi. O‘yinda saudiyaliklar qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, kichik hisobda g‘alaba qozonishdi va 12 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 7-oktyabr |
Bolgariya |
0:1 |
– |
Lissabon, Portugaliya |
2 |
2018-yil 26-fevral |
Moldova |
3:0 |
Umar Hafsaviy, Taysir Jasim, Muhanad Asiriy |
Ammon, Iordaniya |
3 |
2018-yil 28-fevral |
Iroq |
1:4 |
Hasan Fallatoh |
Basra, Iroq |
4 |
2018-yil 23-mart |
Ukraina |
1:1 |
Fahad Muvallad |
Marbelya, Ispaniya |
5 |
2018-yil 27-mart |
Belgiya |
0:4 |
- |
Bryussel |
Raqiblar
Saudiyaliklar chekiga anchagina og‘ir yuk tushgan. Ular chempionatning ochilish o‘yinida mezbon Rossiyaga qarshi turib berishlari kerak. O‘n minglab mahalliy muxlislar qarshisida bu oson kechmasligi aniq.
«Lochinlar»ning qolgan raqiblari ham anoyilardan emas. Saralash bahslarida Janubiy Amerikaning ikkinchi jamoasi, Suares va Kavani singari yulduzlarga ega Urugvay va albatta so‘nggi paytlarda dunyoning birinchi raqamli yulduziga aylanib borayotgan Muhammad Saloh boshliq Misr terma jamoasi. Ilk ikki o‘yin saudiyaliklar uchun hal qiluvchi bahslar bo‘lishi kutilmoqda. «Arab derbisi» rasmiyatchilik bahsiga aylanishining ehtimoli katta.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi shu kungacha Rossiya va Urugvay termalari bilan biror marta ham rasmiy o‘yinlarda uchrashmagan bo‘lsa, Misrga qarshi 1999 yilgi Konfederatsiyalar kubogida to‘qnash kelishgan. Bir guruhga tushgan ikki arab jamoasi bellashuvida Marzuq Otaybiyning pokeri barchasini hal qilib bergan: Saudiya Arabistoni – Misr 5:1.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter