Bitta kubok uchun 32 jamoa: «O‘zimizning yigitlar»

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «O‘zimizning yigitlar»
Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Islandiyaga!
Laqabi: «O‘zimizning yigitlar».
Konfederatsiya: UYeFA.
Bosh murabbiy: Xeymir Xadlgrimsson.
Sardor: Aron Gunnarsson.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Runar Kristinsson (104).
To‘purar: Eydur Gudyonsen (26).
Stadion: Laugardalsvyollur.
FIFA reytingida: 22 (2018-yil 17-may).
Eng yuqori o‘rin: 18 (2018-yil fevral).
Eng past o‘rin: 131 (2012-yil aprel-iyun).
Ilk rasmiy o‘yin: Islandiya – Daniya 0:3 (Reykyavik, Islandiya; 1946-yil 17-iyul).
Eng yirik g‘alaba: Islandiya – Malta 5:0 (Reykyavik, Islandiya; 2000-yil 27-iyul).
Eng yirik mag‘lubiyat: Daniya – Islandiya 14:2 (Kopengagen, Daniya; 1967-yil 23-avgust).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 0.
Yevropa chempionatidagi ishtiroki: 1 (1/4 final, 2016-yil).
Ilk taassurot
Islandiya futboli bugungi kun yulduzlari bilan dunyoni hayratlantirayotgan bo‘lsa-da, mamlakat aholisi birinchi raqamli sport turi bilan 20-asrning boshlaridan buyon shug‘ullanib keladi. Ilk rasmiy uchrashuvini 1946-yilda Daniyaga qarshi o‘tkazgan «vikinglar» tirixdagi eng yirik mag‘lubiyatni ham aynan Daniyadan qabul qilib olishgan. 1980-yillarning oxirlarigacha Islandiya futbol sohasida qoloq mamlkatlardan biri sifatida tilga olinar edi. O‘sha paytgacha eng yaxshi futbolchi sifatida faqatgina 50-yillar qahramoni Rikxardur Younsson hamda «Milan» va «Arsenal»da to‘p surgan, keyinchalik mamlakat moliya vaziri sifatida faoliyat yuritgan ilk professional futbolchi – katta Albert Gudmundssonlar tilga olinar edi.
Yangi qahramonlar
20-asr oxirlariga kelib Islandiya futbolida yangi qahramonlar paydo bo‘la boshladi. «Bordo» va «Anderlext»dagi o‘yinlari bilan ko‘zga ko‘ringan Arnor Gudyonsen mamlakat futbolida yangi qiyofa sifatida namoyon bo‘ldi. 1996-yil 24-aprelda u bilan bog‘liq qiziq holat ro‘y bergan edi. Estoniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinining ikkichi bo‘limida Arnor Gudyonsen o‘rniga uning o‘g‘li Eydur maydonga tushdi. Bu o‘yin bir paytning o‘zida ota-bola o‘ynagan ilk uchrashuv sifatida tarixga kirdi. O‘g‘il ham otasini uyaltirib qo‘ymadi va keyinchalik «Chelsi» va «Barselona» safida yulduzlik davrini o‘tkazdi. Eydur bugungi kunga qadar mamlakat terma jamoasi tarkibida eng ko‘p to‘p kiritigan futbolchi sanalsa, uning otasi bu borada kuchli o‘nlikka kiradi. O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida yetarlicha kuchga ega bo‘lgan Islandiya terma jamoasi Yevropaning o‘rtamiyona jamoalari qatoriga mustahkam joylashdi va vaqti-vaqti bilan o‘z maydonida kuchli jamoalarni mag‘ubiyatga uchratib turardi.
Muammo va yechim
1990-yillarning oxirlariga kelib Islandiyada kashandalik, ichkilik va narkotik moddalarga berilgan yoshlari soni ortib ketdi. Muammoning yechimiga chora sifatida hukumat vakillari tomonidan ommaviy sport turlarini rivojlantirish masalasi ko‘tarildi. Ammo haddan tashqari sovuq iqlim yilning istalgan paytida sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatini bermasdi. Natijada 2002-yildan boshlab barcha shahar va qishloqlarda ommaviy ravishda usti yopiq sport inshootlari qurish avj oldi. Tez orada sportning futbol va gandbol turlarida erishilgan ko‘zga ko‘rinarli yutuqlar qilingan mehnatlar samarasi sifatida baholandi.
Mehnatlar samarasi
Futbol sohasidagi dastlabki yutuq 2011-yilgi yoshlar o‘rtasigi Yevropa chemionatida qo‘lga kiritildi. To‘g‘ri, Islandiya terma jamoasi sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritmadi, ammo ilk bor bunday musobaqada ishtirok etgan Gilfi Sigurdsson boshliq island yoshlarining chorak finalga qadar yetib borishi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etildi.
Yangi qon bilan harakat qilgan «vikinglar» 2014-yildagi jahon birinchiligida ham ishtirok etishlari mumkin edi. Ammo ularning yo‘liga tajribali xorvatlar to‘g‘anoq bo‘lishdi va mundial eshiklarini yopishdi.
«Yevro-2016» saralash bahslarida Gollandiyadek grandni guruhda qoldirib ketgan Islandiya o‘z yurishlarini Fransiyada ham davom ettirdi. Guruh bahsida bo‘lajak chempion Portugaliya bilan durang qayd etgan «vikinglar» «pley-off»da Angliyani dog‘da qoldirishdi. Ular tomonidan ijro etilgan g‘alabani nishonlash usuli butun dunyoda urfga aylandi.
Asosiy yulduz
Muzli o‘lkaning bugungi kundagi yulduzi shubhasiz 28 yoshli hujumkor yarim himoyachi Gilfi Sigurdssondir. Uning iste’dodini 15 yoshligidayoq payqagan murabbiylar Angliyaning «Reding» jamoasiga chorladi. Tumanli Albionda o‘ynash Gilfining yoshlikdagi orzusi edi. Bir paytlar otasi ikki bora «Manchester Yunayted» o‘yinini tomosha qilish uchun «Old trafford»ga olib kelgandi. Futbolchi darhol APL haqida o‘ylamadi, avvaliga «royalchilar» safida Chempionshipda o‘zini ko‘rsatdi. Keng jamoatchilik birinchi marta islandiyalik haqida o‘sha yerda bilishdi, uning uzoqdan berilgan zarbalari va standart vaziyatlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishi futbolchining usunlik tarafi edi. Mavsum yakuniga ko‘ra «Reding»ning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Gilfining nomi bir yil o‘tib klub shon-sharaf zalidan o‘rin oldi. Unga kuchliroq klublardan «sovchi»lar kela boshladi. Keyingi mavsumni «Xoffenxaym»da ajoyib tarzda o‘tkazgan futbolchi yana tumanli Albionga qaytishga to‘g‘ri keldi. Premer-ligaga chiqqan Brendan Rodjersning «Suonsi»siga o‘tgach, Angliyaning yanada kuchliroq jamoalari futbolchining xizmatiga qiziqa boshlashdi. Kurashda «Tottenxem» g‘olib bo‘ldi. Ammo uning yulduzi bo‘lish «viking»ga nasib etmadi. Yana «Suonsi»ga qaytib ajoyib o‘yinini davom ettirgan islandiyalik futbolchiga bu safar «Everton» qiziqdi va uni 50 million yevro evaziga sotib oldi. Sigurdsson «ko‘klar» safida ham yomon o‘yin ko‘rsatgani yo‘q, ammo murabbiy Sem Ellardays unga doim ham ishonch bildirmayapti.
Gilfining terma jamoadagi ishlari joyida. U barcha standartlarni ijro etadi, konstruktorlik xususiyatlari va 186 santimetrlik bo‘yi bilan har qanday futbolchini cho‘chitadi, murabbiyni qiziqtiradi. «Everton» futbolchisi 7-bor «Islandiyaning eng yaxshi futbolchisi» degan nomni qo‘lga kiritib, bu borada Eydur Gudyonsenni ortda qoldirdi. Bosh murabbiy Xeymir Xadlgrimssonning so‘zlariga ko‘ra, Gilfi muvaffaqiyatining siri uning futbolni haddan tashqari yaxshi ko‘rishida. U mashg‘ulotlardan keyin kamida 30 daqiqa qolib, jarima zarbalarini tepish mashqini bajaradi. Shuningdek murabbiyning aytishicha, Gilfining spirtli ichimliklarga xushi yo‘q. Futbolchini o‘z vatanida nafaqat zo‘r futbolchi sifatida, balki qo‘li ochiq inson sifatida yaxshi ko‘rishadi.
Saralash bahslari
Jahon chempionati saralash bahslariga qur’a tashlanganida ko‘pchilik Islandiyaning Yevropa chempionatida ko‘rsatgan «karomati» yakuniga yetgani, shimolliklar navbatdagi bir kunlik jamoalardan biri siftida tarixga kirishlari aytildi. Xeymir Xadlgrimsson shogirdlari jahon mundialiga chiqishlari uchun Xorvatiya, Turkiya, Ukraina kabi kuchli terma jamoalarini ortda qoldirishlari lozim edi. Guruhning qolgan jamoalari ham shunchaki ochko ulashadiganlar xilidan emasdi: Finlyandiya, Kosova...
Mundial yo‘llanmasining asosiy faktori o‘z maydonidagi g‘alabalar («vikinglar» Reykyavikdagi barcha o‘yinlarni yutishdi) va ajoyib jismoniy tayyorgarlik edi. Shimolliklar Suomi vakillariga ham, xorvatlarga ham hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda gol urishdi. Hal qiluvchi bahslar 9-turda bo‘lib o‘tdi. Balqonliklar finlarni mag‘lub eta olishmadi, islandlar esa Eskishaharda «mehmon» bo‘lishdi. Faqat g‘alabadan umidvor bo‘lgan Mircha Lucheskuning «yanicharlar»i tinmay hujum qilishdi, «vikinglar» esa o‘z ishini qildi: qarshi hujum va standartlardan unumli foydalanish! Natijada 3:0 hisobida g‘alaba qozongan Islandiya terma jamoasi guruhda birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi va musobaqa yakuniga qadar pastga tushmadi. So‘nggi uy uchrashuvida Kosovoni mag‘lub etgan orolliklar jahon chempionatiga yo‘llanma olgan aholisi eng kam davlat sifatida tarixga kirishdi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 10-noyabr |
Chexiya |
1:2 |
Finnbogason |
Doha, Qatar |
2 |
2017-yil 14-noyabr |
Qatar |
1:1 |
Kyartansson |
Doha, Qatar |
3 |
2018-yil 14-yanvar |
Indoneziya |
4:1 |
Gudmundsson 3 ta, Smarason |
Jakarta, Indoneziya |
4 |
2018-yil 24-mart |
Meksika |
0:3 |
– |
Santa-Klara, AQSh |
5 |
2018-yil 28-mart |
Peru |
1:3 |
Foluson |
Xarrison, AQSh |
Raqiblar
Islandiyaliklar ishtirokidagi guruhning ikki bahsi Rossiyaning janubiy qismida joylashgan shaharlarda bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, ular tanlagan Gelenjik shahri baza uchun ayni muddao. Ammo «vikinglar» birinchi o‘yinni moskvalik muxlislar ko‘z o‘ngida kimsan Argentinaga qarshi o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi. Ushbu bahs Islandiya mamlakati mustaqilligi kunidan bir kun avval bo‘lib o‘tishi bayramni ko‘ngildagidek kutib olish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Hal qiluvchi so‘nggi turda xorvatlar bilan uchrashish Islandiya uchun tobora an’anaga aylanmoqda. So‘nggi besh yil mobaynida bunday holat uchinchi marta ro‘y berishi. Islandiyaliklar shu kungacha guruhdagi jamoalar orasida aynan bolqonliklar bilan ko‘proq to‘qnash kelishgan. 2013 yili Braziliya mundiali yo‘llanmasi uchun o‘tish bahsida avvaliga nursiz durang qayd etilgan bo‘lsa, Zagrebdagi ustunlik mezbonlarni jahon chempionatiga olib chiqdi. Bu safargi saralash bahslarida ham bir guruhdan joy olgan jamoalar to‘qnashuvida avvaliga «shashkachilar» Brozovichning «dubl»i evaziga 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ikkinchi davradagi o‘yinda Gilfi Sigurdssonning uzatmasini Xyordyur Magnusson golga aylantirib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi. Bundan tashqari mazkur jamoalar ishtirokida yana ikkita bahs o‘tkazilib, har ikkisida ham xorvatlarning qo‘li baland kelgan.
Islandiya terma jamoasi uzoq 1981 yilda nigeriyaliklarga qarshi bir marta o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etib, 3-0 hisobida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Argentina bilan shu kungacha biror marta bellashmagan
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter