Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Birinchilarga doim qiyin bo‘lgan» — deputat Blogerlar chempionati haqida

«Birinchilarga doim qiyin bo‘lgan» — deputat Blogerlar chempionati haqida

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Azamat Ziyo shu kunlarda o‘tkazilayotgan Blogerlar chempionati haqida o‘z mulohazalarini bayon etdi.


Blogerlar birinchiligi o‘tkazilayotgani haqida o‘qiganimiz bilan jarayonning «ichiga kirib» qiziqib ko‘rmagandik. Bir necha yil burun bu kabi ko‘rik kishida qandaydir qiziqish uyg‘otishi mumkin va tabiiy sanalar edi. «Paxtakor» – «Bunyodkor» o‘yini bo‘lib o‘tgani haqida OAV orqali bilib turgan paytimizda Blogerlar chempionati, ya’ni birinchiligi qandaydir favqulodda qiziqish uyg‘otishi, aniqrog‘i, uyg‘otmasligi o‘z-o‘zidan tushunarli deb o‘ylaymiz. Bu bilan uning ahamiyatini yerga urmoqchi emasmiz. Aslo! Axborot oqimi va turlari ulkan va tezkor toshqindek bosib kelayotgan hozirgi davrda ularning barchasiga qarshi turib berishning iloji yo‘qligini urg‘ulamoqchimiz, xolos. Taqdim etilayotgan munosabatni esa jarayon yarim marraga yetib kelgani va sirli «Navbatdagi kim?..» sarlavhasi hamda biroz vaqt topilib qolgani bilan tushuntirgan bo‘lardik. Xo‘sh, vaqtimiz zoye ketdimi yo yo‘qmi? Munosabat bildirishga kirishgan ekanmiz – yo‘q! Nega?

Birinchidan, jarayonning «ichiga kirmay» turib ham umuman OAV, xususan yalpi internat tarmog‘ining milliy bo‘g‘ini, aniqrog‘i, unda faoliyat ko‘rsatayotganlar faoliyatini kuzatishdan tug‘ilgan taassurotlarimiz o‘z tasdig‘ini topdi: o‘z ustimizda ko‘p ishlashimiz kerak, mana shunday birinchilik, ko‘riklar uzluksiz uyushtirib turilishi lozim. Bu kamchiliklarimizni bilib borish, ularni to‘g‘rilash, mukammallikka intilish, pirovardida ta’sirchanligi tengsiz sohada o‘z milliy maktabimizni shakllantirish va jamiyatimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib borish uchun zarur.

Ikkinchidan, axborot makonimizda bo‘lgani kabi milliy blogchiligimizda ham Rossiya «tajribasi va maktabi»ning ta’siri yaqqol sezilib turibdi. Ya’ni «tesha tegmagan» uslublarni qo‘llash, sirlilik va mavhumlik orqali o‘quvchini lol qoldirish, o‘zi uchun ahamiyatli mavzuni katta, muhim, dolzarb masala sifatida taqdim etish. Chunonchi, Prezident matbuot kotibining «t»simon stoli, yelimshak jild (matnda yelimshiq papka), ularning birinchi rahbar huzuriga «kirib chiqqan»iga oid «vahimali», har kim ham duch kelmaydigan «tafsilotlar», bir tomondan mustamlaka davri sovet bosqichidagi voqelik va jurnalistikani eslatsa (sovet va partiya idoralarining katta-kichik rahbarlari xizmat xonalari haqidagi taassurotlar singari), ikkinchi tomondan bularning mavzudan muddaoga qanday aloqasi bor degan savolni tug‘diradi. «T», muallif va’da berganidek, ma’lumotni to‘plash, taxlash, tarqatish, tasdiqlash uchun kerak bo‘lgan taqdirda ham taxta, g‘isht va shunga o‘xshashlarni taxlash mumkinligini bilardik, ammo ma’lumotni taxlash?

Agar to‘g‘ri anglagan bo‘lsak, maqoladan muddao «Qiziq, navbatda akkreditatsiya oladigan kim ekan, taxlam yuzasidagi papka ichidagi ma’lumotlar kimga tegishli?» degan savollarga javob topishga urinib ko‘rish, bashorat qilishga bag‘ishlangan. Bunday yondashuv ikki yil burun katta qiziqish uyg‘otishi, hatto qahramonlik bo‘lishi mumkin, turgan gap edi. «Kun.uz», «Xabar. uz» kabi sanog‘i yo‘q «uz»lar, «Yuzbitik» («facebook»ning milliy bo‘g‘ini), Asliddin Almardonov singari o‘rdaftarchilarimiz (mazkur so‘zni «weblog»ning o‘rgimchak ini va daftarni anglatishidan kelib chiqib yasadik) bor ekan, eng muhimi, jamiyatimizda erkinlik, ayniqsa so‘z erkinligi ildiz otib borar ekan, endi bizga «ibnsinolar» kerak bo‘lmaydi (rivoyat qilishlaricha, odamlar o‘lim to‘shagida yotgan Ibn Sino qoshiga kelib, «bizni kimlarga tashlab ketayapsiz, sizga bir nima bo‘lsa, bizni kim davolaydi?» deya yig‘i-sig‘i qilganida, qatiqning tozalash va boshqa xossalarini ko‘zda tutgan ulug‘ tabib «men o‘lsam, qatiq bor-ku» degan ekan).

Uchinchidan, yurtdoshimizning til lug‘ati, o‘zbek adabiy tili qoidalariga rioya etishi, aniqrog‘i, etmasligi haqli e’tiroz tug‘diradi. Qarang: rakurs, master-klass, test varianti, kontent, akkreditatsiya, etika, auditoriya, alternativ, sub’yektiv, tendensiya, etiket, marker, professionallik, trener, kreativlik, ob’yektivlik, mentalitet, senzura, investor... Bularning barining o‘zbekchasi bor yoki topsa bo‘ladi. Xali, voqeilik, ko‘pam singarilarni ham to‘g‘ri yozish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Mazkur xatolar va Butsefal (Bukefal), «teshik tog‘ora ertagi»larni qo‘llash esa muallifning o‘zbek tilidan tashqari adabiyotidan ham yaxshi xabardor emasligini ko‘rsatibgina qolmay, Rossiya ta’siriga oid yuqoridagi ta’kidimizning (agar Plutarxni yunon yoki ingliz tilida o‘qigan bo‘lsa, kechirim so‘rayman va xursandman) asosli ekanini dalillaydi-qo‘yadi.

Xulosa: o‘qiganimiz va yozganimizga ketgan vaqtimizga achinmaymiz. Kundan-kunga ahamiyati oshib borishi aniq, biz uchun nisbatan yangi yo‘nalishda nimalar bo‘layotganidan oz ersa-da xabardor bo‘ldik. Bu soha kerak. Demak, uni takomillashtirish yo‘lida ter to‘kishimiz ham kerak. Bu ish Asliddin Almardonov va uning hamkasblari, o‘rdaftarchilar ko‘riklari, ularni uyushtiruvchilar hamda biz kabi tanqidchilar yelkasidadir. Birinchilarga doim qiyin bo‘lgan. Tanqidiy munosabatimizni to‘g‘ri qabul qilib, keragi va foydalisini olib, komillik sari intilsalar, har jihatdan unum bo‘ladi. Eng avvalo, shundoq ham ahvoli chatoq tilimizni saqlab qolishdek tarixiy jarayonda! Boshqa mualliflarni o‘qimaganimiz uchun baho qo‘ymaslikka to‘xtadik. Asliddin Almardonovga esa omad va o‘z ustida ishlashdan qochmaslik, tanqidni to‘g‘ri qabul qilishni tilayman. Tashkilotchilarga esa kelgusida ko‘rik shartlariga, hech bo‘lmaganda, til qoidalariga rioya qilish, chet so‘zlarni asossiz qo‘llamaslik talabini qo‘yishni maslahat bergan bo‘lardik.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring