Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi partaning narxi qancha?

Birinchi partaning narxi qancha?

Illyustrativ surat

Qaysidir tumanda Koreya davlati bilan hamkorlikda innovatsion bog‘cha ochilgani haqidagi xabarga ko‘zim tushadi. Birdan xayolimga «iloji»ni qilib bolalarimni shu bog‘chaga joylasammikan, degan fikr keladi. Biroq darhol o‘zimni qo‘lga olishga tirishaman: yo‘g‘-a, nimalar deyapman? Axir men korrupsiyaga  tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilishga o‘tayotgan odamman-ku?! Lekin miya qurg‘ur korrupsiyasiz binoyidek hayot kechirish mumkinligini qabul qilmay odamni qon qiladi, deng...

Ikkinchi sinfida o‘qiydigan qizimni maktabdan olish uchun yo‘lga tushaman. Yo‘l-yo‘lakay «Qo‘yliq Ota» mahallasining qoq o‘rtasidagi yo‘lni tuzatishga kelgan yo‘lsozlar 300 metrcha yerni tep-tekis qilib, 10 qadamcha joyni shundog‘icha qoldirib ketishganiga ko‘zim tushadi. «Hay, mahalla raisimi yoki shu ko‘p qavatli uyda yashovchilarmi, xullas, kimdir yo‘lsozlarning cho‘ntagiga bir-ikki so‘m solib qo‘ymabdi-da! O‘shanda shu bir qatim joy tuyaning o‘rkachiday bo‘lib turmasmidi?!» Bu o‘y ham miyamga beixtiyor keladi. Chunki o‘quvchilik paytim katta ko‘chamizni asfalt qilayotgan yo‘lsozlarni uyiga chaqirib, yedirib-ichirib, kamiga cho‘ntagiga bir-ikki so‘m solib, yag‘ir tuprog‘i o‘ynab turgan hovlisini archilgan tuxumday silliq qildirib olgan qo‘shnimizni ko‘zim bilan ko‘rganman-da.

Maktabga yetib kelaman. Sinf eshigi oldida to‘planib turgan onalar nimanidir qizg‘in muhokama qilishadi.

— Nega mening o‘g‘limni birinchi partaga o‘tirg‘izmaydi unda? — deydi qorachadan kelgan ayol bo‘g‘ilib. So‘ng doim birinchi partada o‘tiradigan bolani yoniga chaqiradi:

— Sinfdoshlaring har hafta joy almashadi bolam, sen nimaga birinchi partadan qimirlamaysan? Yoki ko‘zoynak taqasanmi, qulog‘ing yaxshi eshitmaydimi?

Bolakay ayolning pichingini tushunmaydi. Ko‘zlarini pirpiratib: «Dadam to‘rt yilga birinchi partani sotib olgan. Shuning uchun joyimni almashmayman», deydi...

Turgan joyimda qotib qolaman. Ana, nuqul «ilojini qilish» bekorga miyamga kelmas ekan-da. Axir maktabdagi birinchi partaga o‘tirish ham «uzatish» kerak ekan. Essiz, nega avvalroq bilmadim, qizimning bo‘yi kichkina. Birinchi partada o‘tirsa yaxshi-da! Yo‘g‘-a, miyadagilarni quvib chiqarishim kerak: axir, men korrupsiyaga qarshiman!

Uchinchi farzandim tug‘ilishidan oldin ko‘rikdan o‘tkazayotgan ginekolog shuncha ko‘zini lo‘q qilsayam bir so‘m uzatmayman, ikkinchi safar kelganimda qaramaydiyam, tekshirgisiyam kelmaydi. Bolam tug‘ilgandan keyin uni ko‘rikdan o‘tkazib turadigan bolalar shifokorining cho‘ntagiga ham bir nima solib qo‘ymayman. Keyingi safar «asalim-shakarim» demasdan, siltab-siltab bolamni ko‘rib qo‘yadi. Oldingidek bog‘cha opaning cho‘ntagiga ham choy icharsiz deb bir-ikki so‘m solib qo‘ymayman. Kuni bo‘yi bolamni urishib jerkishini bilsam ham.

Tug‘ruqxonada suyunchi puliyu boshqa pereyskurantda yo‘q «uzat-uzatlar»ni bermaganim uchun qilingan qo‘pol muomalalarga ham e’tibor bermayman. Miyamni «ilojini qilib» ish bitirish fikridan butkul tozalashga urinaman. Chunki men korrupsiyaga qarshiman, hech kimga prora bermayman: ishim bugun bitmasa ertaga, ertaga bitmasa indin... yo‘q, bir oy, ehtimol bir yilda bitar?

Bitarmikan?

Saida Rustam qizi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring