«Bir million dasturchi» loyihasi tanishtirildi
Andijon viloyatida maktablarining informatika o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun «Bir million dasturchi» loyihasining targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Kecha, 21 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Digital city texnoparkida bir guruh Andijon viloyati xalq ta’limining informatika o‘qituvchilari uchun «Bir million dasturchi» loyihasining maqsadi va ahamiyati, axborot texnologiyasi sohasining bugungi kundagi o‘rni va dolzarbligi, yoshlarni IT sohasiga qiziqtirish va yo‘naltirish masalalarida seminar mashg‘uloti tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida o‘qituvchi pedagoglarning sohaga oid bo‘lgan savollariga tashkilotchilar tomonidan batafsil javob berildi.
Hozirgi kunda «Bir million dasturchi» loyihasida Andijon viloyatidan 95006 nafar ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tib, respublikada yetakchilik qilmoqda.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar Digital city texnoparki faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga texnoparkda yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan loyihalar, IT-akademiyasida tashkil etilgan o‘quv kurslari to‘g‘risida so‘zlab berildi. Bundan tashqari, 14 ta shahar va tumanlarda tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida barcha maktab o‘quvchilari uchun bepul va imtiyozli o‘qitish bo‘yicha ma’lumot berildi.
Eslatib o‘tamiz, butun respublika bo‘ylab maktablarining informatika o‘qituvchilari va o‘quvchilari uchun «Bir million dasturchi» loyihasining targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter