«Bir haftada Braziliya, ikki oyda AQShdan o‘tib ketadi»: global epidemiya markazi Hindistonga ko‘chmoqda

Hindiston shiddat bilan global koronavirus epidemiyasi markaziga aylanmoqda, kasallik ketidan kasallik, bir antirekord ortidan ikkinchisi... Va bu jarayon hali-veri to‘xtaydiganga o‘xshamaydi. Shu ketishda Janubiy Osiyo giganti (aholisi 1,3 milliarddan ziyod) tez orada Braziliyani, keyin esa AQShni ham ortda qoldiradi, deyishmoqda «Bloomberg» ekspertlari.
Kecha Hindistonda 78 761 nafar yangi bemor qayd etildi (ro‘yxatga tushmaganlari qancha?..). Hali hech bir mamlakatda bir sutkada buncha bemor aniqlanmagandi. So‘nggi 24 soat davomida 971 nafar hindistonlik bemor olamdan ko‘z yumdi.
Bu qora an’ana saqlanib qoladigan bo‘lsa, Hindiston bir haftada Braziliyani, ikki oyda AQShni changida qoldirib ketadi. Amerikadagi bu ikki davlatdan farqli o‘laroq, Hindistonda yetti oy ilgari birinchi bemor qayd etilganidan beri kasallanishlar ko‘rsatkichi faqat tepaga qarab turibdi.
Eng xavotirlisi, megapolislarni «supurib o‘tgan» virus Hindistonning asosiy aholisi yashovchi qishloq hududlariga endi-endi bosh suqmoqda.
No‘’mon Shoh, Hindiston milliy epidemiologiya instituti xodimi:
«Aholisi ko‘p Hindistonning sog‘liqni saqlash tizimi nisbatan zaif, shu boisdan pandemiyaning eng katta yangi o‘chog‘i bu yerda paydo bo‘lishi muqarrar».
Rivojlanayotgan dunyodagi hech bir mamlakat Hindistonchalik og‘ir vaziyatga tushgan emas. Juda kuchli va qattiq karantin choralari ikki oy o‘tiboq bekor qilindi, chunki ishsizlik, oziq-ovqat taqchilligi, shaharlardan uylariga piyoda qaytayotgan millionlab ishchilar... bunga aslo chidab bo‘lmasdi.
Narendra Modi boshchiligidagi hukumat aholiga «virus bilan yashash»ga rozi bo‘lishni maslahat berib, har bir shtatga vaziyatga qarab cheklovlarni kuchaytirish-yumshatish huquqini taqdim etdi.
Xomcho‘tlarga ko‘ra, Hindiston iqtisodiyoti 2020-yilning ikkinchi choragida 2019-yilning shu davriga nisbatan 18 foizga pastladi. Osiyoning bironta yirik davlati bunchalik yo‘qotishga uchragan emas, deb yozmoqda «Bloomberg».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter