Bir asar tahlili yoxud «Sultonlar suhbati»
I.Gasprinskiy o‘z g‘oyalarini nafaqat maqolalarida, balki badiiy asarlarida, ularning qahramonlari orqali yoyishga ham harakat qiladi. Davr shunday ediki, jadidchilik kayfiyati va g‘oyalarini ta’lim, matbuot, teatr, badiiy adabiyot va boshqa vositalar yordamida xalqqa yetkazish eng muhim vazifaga aylangandi. Gasprinskiy ham ana shu vositalardan unumli foydalandi. Uning «Mukolamai salotin» nomli mo‘’jaz bir asari bor. Bu asar esse janriga yaqin usulda bitilgan. Boz ustiga, unda reallik bilan xayolot qo‘shilib, o‘quvchini adibning murodiga yaqinlashtiradi. Uning murodi esa nima uchun turkiy xalqlar bunday nochor, bunday haqir holga tushib qolgani sabablarini qidirish, topish va o‘quvchiga «mana – ular!» deya ko‘rsatishdir. Xullas, «Mukolamai salotin» (Sultonlar suhbati) asari qahramoni Samarqandga keladi. «Eski shaharlarning eskisi, eng go‘zal shaharlarning go‘zali, mashhur shaharlarning mashhuri, ilm o‘chog‘i... jahongirning buyuk poytaxti, ulug‘ shaharlarning ulug‘i, Samarqand, salom!».
Qahramon uchun Samarqand eng qadim va eng mashhur, eng go‘zal shahardir. Shuningdek, jahongir Amir Temur «eng buyuk turk davlati vujudga keltirgan» hukmdordir. U «Saddi Chindan O‘rta Yer dengiziga qadar hududda istiqomat etguvchi turk davlatini o‘z dasti jahongironasiga olgan»dir. Asar qahramoni Samarqandga kelib, Temur sag‘anasiga tushadi. Uni ziyorat qilarkan, Temur va zamonasi bilan bog‘liq voqealarni bir-bir eslaydi. Shu yergacha asar realistik ruhda bo‘lsa, bundan keyingi voqelar xayoliy, hatto fantastik yo‘nalish kasb etadi. Biroq bu usul asarning qimmatini aslo tushirmaydi. Zero, jadid adabiyoti shunday adabiyotki, u san’atni vosita qilib, xalqqa aytilishi kerak bo‘lgan fikrni aytadi. Ya’ni qanday aytishni emas, balki nimani aytishni muhim sanaydi. Ular uchun adabiyot (har qanday san’at turi) maqsad emas, balki vositadir.
Shunday qilib, qabr toshi sandig‘i ko‘tarilib, ichidan Temurning ustozi Sayyid Baraka chiqadi. So‘ng u (Said Baraka) shogirdi Temur qabr toshi oldiga keladi. Temur ham qabrdan turadi. Said Baraka: «O‘g‘lim, yana zamon keldi», deya Temurga xitob qiladi. Bu juda muhim xitob. Xo‘sh, qanday zamonning vaqti keldi? Turkiy xalqlarning qaddini tiklab, o‘zligini qayta topishu ilg‘or xalqlar orasida munosib o‘ringa ega bo‘lish bilan bog‘liq zamonning vaqti kelgandi.
Keyin Usmonli davlati hukmdori sulton Abdulazizxon, ortidan Eron shohi Nasriddinshoh, ortidan Buxoro amiri Nasrulloxon, Misr voliysi Ismoil posho, Qoshg‘ardagi turkiy davlat boshlig‘i Yoqubbek, Qo‘qon xoni Xudoyorxon, Dog‘iston ozodlik kurashi rahbari shayx Shomil kirib kelishib, kutilgan majlis boshlanadi. Majlisni Amir Temur boshqaradi. Demak, majlisga turli davrlarda islomiy turkiy davlatlarni boshqargan shohlar, amirlar, yo‘lboshchilar jam bo‘lgan. Ularning eng mashhuri, eng ko‘p muvaffaqiyatga erishgani, sira yengilmagani, kimsan, Makedonskiy va Chingizxon bilan yonma-yon tura oladigani, ya’ni Amir Temur bosh bo‘ladi. Xo‘sh, ular jam bo‘lib nimani muhokama qilishadi? Nima uchun dunyo o‘zgardiyu, Ovrupa xalqlari ulardan bahra olgani holda, musulmon xalqlari bahrasiz qolgani muhokama qilinadi: «...bu inqilob, bu yangilanish birgina ovrupalik qavmlarga xos bo‘lib qoldi. Sharqiya va islomiya mamlakatlari eski holda qolaverdilar». Temur barcha yig‘ilganlardan muammoning oldini olish uchun qanday tadbirlar olganini so‘rab surishtiradi. Ular o‘zlaricha javob berishadi. Ba’zan esa asl sababni yashirishadi yoki xaspo‘shlashadi. Shunda majlisda qatnashayotgan shayx Jamoliddin qo‘lidagi qog‘ozdan ular yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni bir-bir o‘qib beradi.
«Shoh Temur... Abdulazizxonga qayrilib: Saloti Rum bu hollarga qarshi qanday tadoriklarda bo‘ldi? – dedi.
Sukut.
Ovrupaliklarni ilm, mol-mulk va siyosiy jihatdan kuchli va iqtidorli qilgan narsalarga siz ham murojaat etdingizmi?
Sukut...»
Shunday keyin Usmonli davlati hukmdori sulton Abdulazizxon Temurning ayrim savollariga javob beradi. Uni qildim, buni bajardim, deydi. Ammo Temur asl holni bilish uchun xatibga qaraydi. Xatib o‘qiydi: «Asrning salotini inqilob zamoniga qarshi juz’iy bir harakatlar qilgan bo‘lsa-da, ishlarning yuzdan biri ham amalga oshmadi. Masalan, Eron shohi Nasriddin... Tamom qirq sana kamoli rohat ila saltanat surdi. Usmonli kabi rohatsizliklar ko‘rmadi. Lekin qirq sanada na aytarli askar, na taraqqiyotga xizmat qiladigan nizom yetishtirdi. Yavmi vafotinda (vafot kunida) Eron ingliz va rus iskanjasida g‘oyat ojiz, aholisi esa nodon va sargardon edi».
Demak, Ismoilbek asarida Sharqiya va islom mamlakatlarining qoloqligi, birinchi galda, u yerdagi shohlarning, rahbarlarning uquvsizligi, tadbirsizligi bilan bog‘liq, deyilmoqda.
Endi Turkiston bilan bog‘liq tanqidga kelamiz.
«Shoh Temur Nasriddinshohga qaradi. Bir so‘z demadi. Yana Xatibga ko‘z tashladi. Xatib davom etdi».
Demak, Xatibning qo‘lida barcha ishlar – davlatni, xalqni saqlab qolish uchun qilingan va qilinmagan barcha yaxshi-yomon amallar bitilgan. Xatib o‘qiydi:
«Bu asrda rus hukmdori bir tarafdan Istanbulga ko‘z olaytirgan bo‘lsalar, ikkinchi tarafdan Turkiston va Movarounnahr tomon jiddiy harakat boshladilar. Turkiston xonlari va umarosi shu darajada g‘ofil va bexabar edilarki, rus to‘plari boshlari ustida portlagandan so‘nggina «Bu nima?» dedilar».
Ana, Turkistondagi haqiqiy ahvol, saviya, taraqqiyot darajasi! Tashqaridan yov bostirib kelyapti, lekin turkistonliklarning biron tuki «qilt» emaydi. Boshi uzra to‘p portlaganda esa hayron bo‘lib, «bu nima ekan?», deydi. Gasprinskiy bularni yozayotganda alamdan kuyib ketgan bo‘lsa, ajab emas. U davom etadi: «Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgan edi. Rus qo‘shini bosqichma-bosqich sahrolarni bosib o‘tib, qal’alarni qo‘lga kirita boshlagan paytda xonlari bir-birlari bilan janjallashib yotar, daryo-daryo musulmon qoni oqayotgan edi. Qora qushlar kelib Toshkand, Samarqand minoralariga qo‘nganida, ularni uchirib yubormoqqa yaraydigan na biror to‘p, na biror miltiq topilmadi. Hozirda bir nachalnik to‘ra kichkina bir chimchilog‘i bilan butun Turkistonni urchiqdek aynlantira oladi. Ruslarning muxosimi bo‘lgan inglizlar xonlarga yordam va qurol va muallimi askariy bermak istadilar, qabul etadigan bir kishi topilmadi. Hatto Nasrulloxon Buxoriy ikki ingliz elchisini qatl etib, zamonaning eng kuchli, eng boy davlatining hafsalasini pir qildi...».
Mana, Turkiston nima uchun yengilgan edi.
Bir tomondan shohlar, amiru xonlar askarni kuchaytirmadi, mamlakatni isloh qilmadi, zamon bilan hamnafas yurmadi, boshqa yoqdan esa diplomatik jihatdan ko‘r va soqov bo‘lib ish yuritdi. Chunonchi, Buxoro amiri Nasrulloxon yordam berish maqsadida kelgan Angliya elchilarini qatl ettirdi. Boz ustiga, u biroz avval Qo‘qon xonligiga qarshi urush qildi. Shu kabi mudhish jinoyatlar, xatolaru nuqsonlar natijasida Turkiston bosib olindi, bu ham yetmagandek, parchalandi – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kabi kichik davlatlarga bo‘lib tashlandi va shu holida qariyb 130 yillik asolatda tutib kelindi, dunyoning ilg‘or taraqqiyot yo‘lidan uzildi.
Xo‘sh, bu ko‘rgiliklarda faqat shohlaru amirlar aybdormidi? Umarayu ulamo-chi? Harbiy kuchlar rahbarlari-chi? Ular suvdan chiqqandek toza va oppoqmi? Gasprinskiy masalaning bu jihatini ham e’tibordan qochirmaydi. Asarda Amir Temur Nasrulloxonni tergab savollar berganda, xon shunday javob aytadi: «Taqsir... Ko‘p xatolig‘lar qilganim ma’lum bo‘ldi. Ammo vafotimdan so‘ngra ma’lum bo‘ldi... Umarodan, sipohidan va ulamodan ko‘zimni ochgan bo‘lmadi».
Albatta, bu yerdagi muloqot to‘qima bo‘lib, muallif, ya’ni Ismoilbek tafakkurining mahsuli hisoblanadi. Biroq bu mahsul o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u «nima uchun bunday qolga tushib qoldik?», degan zaharli savolning alamli javoblaridan biri sifatida tug‘ilgan. Unga ko‘ra, faqat xon emas, balki uning yonida turgan amaldorlar, olimu ulamolar, harbiylar ham ham sababchidir. Biroq yana bir savol tug‘iladiki, haqiqat aytilgan taqdirda xon ularga quloq solarmidi? Axir, shahrisabzlik shoir Hoziq haqiqatni aytgani uchun 1842 yilda Nasrulloxon odamlari tarafidan o‘ldirilmadimi?..
«Mukolamai salotin» shunday asarki, unda bugunning ham muammolari «manaman» deb savlat to‘kib turibdi. Zero, ulug‘ siymolarning eng sara asarlari o‘z davri uchun ham, kelajak zamonlar uchun ham xizmat qilaveradi. Ayniqsa, zamonlar o‘tsa-da, vaziyat o‘zgarmasa, muammolar muammoligicha turaversa. Shu ma’noda, Gasprinskiy qoralagan o‘sha maddohlar, johillaru kaltabinlar bugun yo‘qmi?..
Muallif maddohlikni mahv etuvchi maraz deb biladi. Nasrulloxon o‘zini oqlay boshlaganda, Amir Temur Shayx Jamoliddinga qaraydi. Shayx Nasrulloxon yashirmoqchi bo‘lgan haqiqatlarni ochib tashlaydi: «O‘n uchinchi asr hijriyning salotini huzurotinda umumiy bir maraz bor edi. Jumlasi ahvoli dunyodan bexabar o‘laroq xabar va ma’lumotni birgina madohin va madhiyachilardan olurlar edilar. Ular esa o‘z foydalarini ko‘zlab, «Sening kabi podshoh yo‘q!», «Sening kabi shavkatli yo‘q!», «Sendan kuchli hukmdor yo‘q!», «Butun dunyo barbod, faqat sening o‘lkang dilshod!» kabi madhiyalar ila hukmdorlarning orqasini qashlaylar edilar».
Mana, mamlakatni nima tanazzulga olib borgan. Atrof to‘la maddoh, hukmdor ular tomonidan madh etilib, aqlu farosati «uxlatilgan», so‘ng yurtni talash uchun harakatlar boshlangan. Mabodo, kimda kim haqiqatni aytib qolgudek bo‘lsa, Hoziq kabi o‘ldirtirilgan. Hoziqlar faqat Buxoro amirligida bo‘lmagan, ular Qo‘qonda ham, Xivada ham bo‘lgan. Biroq hammasining taqdiri deyarli Hoziqni kabi yakun topgan yoki topadi. Hatto oddiy to‘g‘ri gapni, bor haqiqitni qayd etish ham ba’zan o‘lim bilan nihoya topganligi to‘g‘risida yana asardan o‘qiymiz: «Xo‘qand boylarindan birining Maqariyai Mo‘sqivani (Moskvani – U.H.) ko‘rib, ruslarning usuli askariyasini va intizomini so‘zlagani uchun boshi kesilgani ma’lumdir».
Xuddi shunday, Moskva knyazi I.Grozniy tatar xonlarini urishtirib qo‘yib, so‘ng ularga bitta-bitta hujum qilib yenganini aytadi. Chunki ular o‘zaro araz holida bo‘lgani uchun bir-biriga yordam bermaydi, deydi Gasprinskiy. Bu hol chor Rossiyasi bostirib kelganida, ikki o‘zbek xonligi va bir amrligi birlashib, tashqi yovga qarshi urushish o‘rniga bir-biri bilan yovlashgani, alaloqibat esa, yengilganiga chunon o‘xshaydi. Shuningdek, Grozniy endi-endi kuchayib kelayotganda Istanbulning uning qarshisiga chiqmaganini ham muallif tanqid ostiga olib yozadi: «Ivan G‘ro‘zniy Qozon xonligini bosib toptayotganida Istanbulda shu qadar buyuk qudrat va siyosiy nufuz bor ediki, oddiy barmog‘ining bir ishorasi bilan G‘ro‘zniyning tanobini tortib qo‘ya olar edi».
Ushbular imkoni bo‘la turib bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zmagan turkiylarning qora o‘tmishi to‘g‘risidagi rost iqrorlardir. Bunday iqrorlar o‘zbek yozuvchisi A. Qodiriyning «O‘tkan kunlar» ibtidosida yozgan iqrorlarini yodga soladi. Adib «Tariximizning eng kir, qora kunlari»dan hikoya qilishidan so‘z ochadi. Shu narsa asar uchun bir niqob bo‘lib, Qodiriy romanda tasvirlangan o‘tmishni «eng kir», deb ataganining sababi sobiq sho‘ro davrida o‘zini va asarni himoya qilish yo‘li deb qaralgan. Nuktadon olim professor U.Normatov esa bunga boshqa jihatdan ham qarash mumkinligini aytadi: «Adib «O‘tkan kunlar» orqali «tariximizning eng kirlik, qora kunlari», ya’ni yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan «xon zamonlari» haqida so‘z ochib, tarixning bu achchiq haqiqatidan saboq bermoqchi bo‘ladi». Darhaqiqat, o‘sha tarix parchasining «eng kir, qora» deb atalishiga sabab, ozod mamlakatni bosqinchilar tomonidan bosib olinishiga yo‘l qo‘yganida ham ekan. Xonlik zamonining kir va qoraligi o‘z mustaqil saltanatini himoya qilolmagani bilan ham belgilanar ekan .
Ko‘rinib turibdiki, deyarli bir davrda yashagan ikki ulug‘ turkiy siymo (Gaspirali va Qodiriy)ning fikrlari bir joydan chiqmoqda. Ular qoldirgan bitiklarni bir-bir o‘qir ekansiz, turkiylar hozirgi ayanchli ahvoliga birdaniga va o‘z-o‘zidan tushib qolmagani, buning uchun juda ko‘p va mudhish xatolarga yo‘l qo‘ygani, hozirgi holi o‘sha xatolarning qonuniy natijasi ekanligi anglashiladi.
Gaspirali asarni g‘oyat ta’sirli yakunlaydi. Hamma shohlar Amir Temurga bir-bir hisob beradi. Axiyri, uning o‘zi ham hisob berib aytadiki, mening ham shubhasiz xatolarim ko‘p bo‘ldi. Ayrimlar meni zolim, Eronni, Rusiyani, Turkiyani, Hindni bosdi, odamlarni o‘ldirdi, deyishadi. Mening maqsadim shunchaki bosib, yo‘q qilish bo‘lmagan. Men «noahil idora»ga barham berib, turkiy elni birlashtirmoqchi edim. Bunga Haq guvoh, degan mazmunda so‘zlab deydi: «Saddi Chindan Marmara dengizi, muzli Dashti Qipchoqdan issiq Hind dengizina qadar qo‘lima kirmish. Turkiston pek (g‘oyat) buyuk edi. Bir chetindan bir cheti yuz kunlik yo‘l edi... Osiylarga jazo berganim zulm emas edi, makon va zamon iqtizoyi tadobirlar edi. Ammo na foydaga...».
Shundan keyin ustozi Sayyid Baraka kelib Temurga «Yetar, o‘g‘lum» deydi. «Shoh Temur oyog‘a qalqub, bir «Voh!» chekdi. Butun majlus dovdirab oyoqlandi...».
Demak, Temur turkiy ellar orasidagi nizoyu nifoqqa barham berish uchun qilich ko‘tarib janglar qilgan, natijada tarqoq turkiy ellarni birlashtirgan. Biroq nihoyasida «buning nima foydasi bo‘ldi?», deya oh chekib qolmoqda. Chindan ham shunday bo‘lmadimi, Amir Temurdan so‘ng kim turkiy xalqlarni uning darajasida bir bayroq ostida to‘play oldi? Hech kim. Urinishlar bo‘ldi, albatta. Biroq murodga yetilmadi. Bas, shunday ekan, aytish joizki, Temur chekkan «oh» bugun ham turkiy xalqlar bo‘g‘zini tark etgan emas.
Yozuvchi Ulug‘bek Hamdamning facebook sahifasidan olindi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter