Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Beva ayol pensiyaga chiqish uchun turmush o‘rtog‘ining ish stajidan foydalansa bo‘ladimi?

Beva ayol pensiyaga chiqish uchun turmush o‘rtog‘ining ish stajidan foydalansa bo‘ladimi?

Foto: «Asr.uz»

«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 8-sentyabrdagi 252-qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan yoshga doir pensiya olish huquqiga: erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi. Qonunchilikda o‘zganing ish stajidan foydalanish nazarda tutilmagan.

Biroq yuqoridagi qonunning 19-moddasiga asosan vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga hamda yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa, pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qat’i nazar tayinlanadi.

Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan nizomga asosan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

— pensiya tayinlanayotgan shaxsning yoshini tasdiqlovchi tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport;

— oila a’zosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma, nikoh bekor qilingani to‘g‘risidagi guvohnoma, u bo‘lmagan taqdirda — fuqarolik holati dalolatnomalaridagi yozuvdan ko‘chirma, vakolatli tashkilotlarning yoki xorijiy davlatlar mansabdorlarining ma’lumotnomasi);

— boquvchining vafot etgani to‘g‘risidagi guvohnoma yoki uning bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida sudning qarori;

— vafot etgan boquvchining ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;

— vafot etgan boquvchining jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi nusxasi (2005-yil 1-yanvardan keyin);

— vafot etgan boquvchining ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, beva ayol pensiyaga chiqishda erining ish stajidan foydalana olmaydi, biroq boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring