Beshta xorijiy aviakopaniya O‘zbekistonga parvozlarni qayta tiklamoqchi – Uzbekistan Airports
Uzbekistan Airports kompaniyasi vakillari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan World Routes Forum-2023’da ishtirok etdi. Forum doirasida Uzbekistan Airports vakillari Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Osiyoning 56 ta aviakompaniyalari mutasaddilari bilan muzokaralar o‘tkazgan. 18 ta kompaniya yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston aeroportlari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.
“Polshaning LOT, Germaniyaning Lufthansa, Turkiyaning Sunexpress, Janubiy Koreyaning Jeju Air va jahon miqyosida yetakchilardan biri – Qatar Airways aviakompaniyalari parvozlarni qayta tiklashga jiddiy qiziqish bildirmoqda”, deyiladi “Dunyo” AA xabarida.
Bundan tashqari, FlyDubai va Jazeera Airways vakillari bilan parvozlar geografiyasini kengaytirish va mavjud reyslar sonini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan. Shu bilan birga, Lufthansa, Thai Cargo va Qatar Airways kompaniyalari bilan yuk reyslarini tashkil etish yuzasidan muloqotlar o‘tkazilgan.
“The World Routes Forumi” aeroportlar, aviakompaniyalar, yetkazib beruvchilar, investorlar, xalqaro va mintaqaviy assotsiatsiyalar, milliy turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtiruvchi dunyodagi eng nufuzli aviatsiya tadbirlaridan biri hisoblanadi. Forum oldindan rejalashtirilgan 20 daqiqalik ishchi uchrashuvlardan iborat bo‘lib, real vaqt rejimida ishchi aloqalarni o‘rnatish imkoniyatini yaratadi.
Joriy yilda forumda 300 dan ortiq aviakompaniya, 700 ta aeroport, 130 ta sayyohlik agentligi, 10 ta xalqaro sohaviy tashkilot, 150 ta yetkazib beruvchi va 110 ta davlatdan kelgan aviatsiya sohasini yorituvchi 60 nafar OAV vakili ishtirok etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter