Besh davlat Isroil vazirlariga qarshi sanksiya joriy qildi

Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya Isroil hukumatidagi ikki radikal siyosatchi – Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichga qarshi sanksiya joriy qildi.
BBC xabariga ko‘ra, endilikda ushbu ikki vazirning Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiyaga kirishi taqiqlanadi, ularning mazkur davlatlardagi aktivlari muzlatiladi.
“Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrich isroilliklarni zo‘ravonlik, ekstremistik harakatlarga hamda falastinliklar haq-huquqlarini jiddiy ravishda buzishga undab kelmoqda. Falastinliklarni zo‘rlik bilan ko‘chirish va (Falastin yerlarida) yangi yahudiy manzilgohlarini barpo etishga qaratilgan ekstremistik chaqiriqlar dahshatli va xavflidir. Bunday harakatlarni qabul qilib bo‘lmaydi”, – deyiladi besh davlat tashqi ishlar vazirlari bayonotida.
G‘arbning besh davlati Isroil hukumatini xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini bajarish, zo‘ravonlik, ekstremizm va bosqinchilik ritorikasiga chek qo‘yishga da’vat qilgan.
Tashqi ishlar vazirlari bayonotida Isroil va Falastin xalqi xavfsizligi ikki davlat tamoyilini amalga joriy etish orqaligina ro‘yobga chiqishi ta’kidlangan. Shuningdek, G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS guruhi tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish zarurati ham urg‘ulagan.
Isroil hukumati ikki vaziriga nisbatan sanksiya joriy etilganini qoralagan.
Ma’lumot o‘rnida: besh davlat sanksiyasiga uchragan Betsalel Smotrich moliya vaziri, Itamar Ben-Gvir esa milliy xavfsizlik vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Falastinga nisbatan radikal qarashlari bilan tanilgan ushbu ikki mulozim G‘azo sektoridagi 2,3 million aholini boshqa hududlarga surgun qilish rejasini targ‘ib qilib kelmoqda.
BMTning maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopalga ko‘ra, G‘azo aholisining majburiy ko‘chirilishi genotsid deya malakalanadi. Xalqaro tashkilot vakili Isroilga bu borada ko‘mak beradigan davlatlar ham mudhish jinoyatga sherik bo‘lishidan ogohlantirgan.
Binyamin Netanyahu hukumati a’zosi bo‘lgan ikki vazirga nisbatan sanksiya joriy etilganining yana bir sababi shundaki, ular G‘arbiy Sohilda ham zo‘ravonliklar kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
Noqonuniy yahudiy turarjoylari qurilishini hatto Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham nomaqbul deb biladi. Negaki, bu xalqaro huquq hamda Falastin davlatchiligining namoyishkorona poymol etilishidir.
BMT ham ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning ishg‘ol siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.
Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich esa G‘arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgan. Isroil moliya vaziri taklif etgan budjet loyihasida G‘arbiy Sohilda yahudiy turarjoylarini barpo qilishga bir necha yuz million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Yevropa Ittifoqi noqonuniy turarjoylar qurilishi uchun mablag‘ ko‘paytirilganini tanqid qilgan.
2023 yil dekabr oyida ham G‘arb davlatlari Isroildan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qilgan edi.
Darvoqe, o‘tgan yili Axios nashri AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroil vazirlari Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichga nisbatan sanksiya qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgani, ammo pirovardida bunga jur’at qilmagani haqida xabar bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter