Begona shaxslarni uydan ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligi talab etilmaydi
Vazirlar Mahkamasining 05.01.2024 yildagi «Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 9-son Qarori qabul qilindi.
Turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish bekor qilinmoqda (bundan taraflar o‘rtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno).
Shuningdek, Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi.
Respublika kompensatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Hududiy kompensatsiya jamg‘armalari mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
- yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash;
- jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlarni (keyingi o‘rinlarda – mulkiy va ma’naviy zarar) qoplash:
- ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan hududlarning davlat reyestriga noqonuniy yodi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar;
- davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar;
- tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonlar;
- turar joy insofli egallovchidan qonunchilikda belgilangan tartibda talab qilib olinishiga yo‘l qo‘yilmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar.
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni qoplab berish sxemasi quyidagicha:
- Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida yoki o‘z tashabbusiga ko‘ra tegishli hujjatlarni respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalar kuzatuv kengashiga (keyingi o‘rinlarda – kuzatuv kengashlari) murojaat qiladi;
- kuzatuv kengashlari 3 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan zararlarning o‘rnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplanishini moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari 3 ish kuni mobaynida yetkazilgan zararlarni qoplab beradi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy va ma’naviy zararlarni qoplash uchun jismoniy va yuridik shaxslar ariza, sud qarori va boshqa tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.01.2024 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter