Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayroqdan erkin foydalanishga qanday hollarda ruxsat berilyapti?

Bayroqdan erkin foydalanishga qanday hollarda ruxsat berilyapti?

O‘zbekiston fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘ularini ifoda etish hamda erishilayotgan yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat bayrog‘idan keng foydalanishga bo‘lgan talab oshib borayotganligi munosabati bilan «Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir hujat loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayroqqa nisbatan zarur hurmatni ta’minlagan holda foydalanilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligi belgilanmoqda.

Davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos yaratiladi.

Bundan tashqari, Davlat bayrog‘i tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish imkoniyati ham yaratiladi.

O‘zbekistonga tegishlilik belgisi sifatida Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda foydalanishga ruxsat berish:

  • O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda;
  • harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda;
  • xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda;
  • Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Ma’lumot uchun, amaldagi «Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi Qonunning 5 va 5-2-moddalarida Davlat bayrog‘i unga nisbatan zarur hurmat-ehtiromni ta’minlagan holda faqat umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ko‘tarilishi mumkinligi, shuningdek Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi belgilangan.

Davlat bayrog‘idan jismoniy va yuridik shaxslarning foydalanishi qonunchilikda to‘liq tartibga solinmaganligi sababli amalda ushbu harakatlar Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203-1-moddasiga asosan 990 ming so‘mdan 2,3 mln so‘mgacha jarima solishga olib keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring