Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bayramlarda uch kundan kam bo‘lmagan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda

Bayramlarda uch kundan kam bo‘lmagan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda

Foto: Xabar.uz

Kelgusida Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramlari, Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni hamda Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilanadi. Shu haqda prezidentning mamlakatda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjat loyihasiga muvofiq 2021-yilda xizmatlar va servis sohalarini rivojlantirishning drayverlari sifatida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» shiori ostida ichki turizmni ommalashtirish, shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish, shu jumladan «Umra+» ziyorat dasturi amalga oshiriladi.

Shuningdek, har yili 1-dekabrga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda kelgusi yil uchun bayram va qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar taqvimini e’lon qilib boradi.

Bundan tashqari ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan «oilaviy ziyorat ta’tili» tizimi joriy qilinadi. Bunda, «oilaviy ziyorat ta’tili» yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Mehnat jamoalari orasida mamlakat bo‘ylab sayohat qilishlarini rag‘batlantirish maqsadida «Sayohat yetakchisi» tizimi joriy qilinadi. Bunda, turizm mavsumi past bo‘lgan davrda o‘z mehnat jamoalariga sayohatlar tashkil qilgan eng faol 1 000 nafar «Sayohat yetakchisi»ga yil yakuni bilan O‘zbekiston bo‘ylab turli mavzudagi sayohatlar bepul asosda taqdim etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring