Bayram qilishni o‘rgandikmi? Kechagi mushakbozlikning qayeri o‘xshamadi? (foto)
Toshkent shahar hokimligi kecha O‘zbekiston tarixidagi eng ulkan mushakbozlikni o‘tkazdi. Bunaqasi hali bo‘lmagan. Taassurotlar bir olam. Ammo hammasi kutilganidek yaxshi o‘tdimi? Keling, tadbirning yaxshi va unchalik ham yaxshi bo‘lmagan tomonlari haqida gaplashsak.
Avvalo ijobiy jihatlarni sanaymiz. Shubhasiz bayramning eng katta yutug‘i — yurtimizdagi eng ulkan bayroq atrofida tashkil etilgani bo‘ldi. Afsuski biz haligacha bayroqqa bo‘lgan mehrimizni ochiq-oshkor namoyish etishni bilmaymiz yoki bunga iymanamiz. Oxirgi misollardan biri — yaqinda Tashkent Sitida qurilayotgan eng baland bino borasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Turkiyaning ÖzGüven qurilish kompaniyasi rahbari O‘zgur O‘nur O‘zguven ajoyib bir gap aytdi: «Biz O‘zbekiston bayrog‘ini 266.5 metr balandlikka ko‘tarmoqchimiz!» Agar shu gap Turkiyada aytilganda, zalda shov-shuv ko‘tarilgan, chapak chalingan, ancha muhokama qilingan bo‘lardi. Ammo biz ancha kamtarmiz. Bu bayonot na o‘sha vaqtning o‘zida va na keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilindi. Vaholanki u yerda O‘zbekistonning yetakchi nashrlaridan kelgan jurnalistlar o‘tirgandi.
Shunday ekan, O‘zbekiston tarixidagi eng ajoyib tadbirlardan biri eng ulkan bayroq atrofida tashkil etilgani — quvonchli holat. Bayrog‘imizga ehtirom ko‘rsatishni o‘rganishimiz kerak.
Bayramning yana bir juda yoqimli tomoniga e’tibor qaratsak. Oxirgi vaqtlarda ichki ishlar idoralari xodimlari xalqqa yaqinroq bo‘layotgani, imkon qadar yordam ko‘rsatayotgani quvonchli holat. Bu safar ham IIV xodimlarining ishiga shunchaki besh baho. Atrofda birorta rezina to‘qmoq yoki qalqon ko‘targan xodimni ko‘rmadik. Borlari ham bayramga mos kiyingan va hayotga bo‘lgan ishonchni karrasiga ko‘tarib yuborar darajada xushmuomala. Bolakaylar xodimlarning mototsikliga o‘tirib suratga tushyapti. Bunaqasini avval ko‘rganmisiz? Qarangki, «melisa» zug‘um qilib turmasa ham tartib saqlanar ekan, Xalqlar do‘stligi maydoniga kelgan birorta odam nojo‘ya ish qilganini ko‘rmadik.
Xalqimiz nihoyat bayram qilishni o‘rganayotgani esa, o‘ta yaxshi holat. Yashil maysa ustiga choyshab to‘shab o‘tirgan odamlar, yon-atrofda yugurib, o‘ynab yurgan bolakaylar — idealdagi bayram shunday bo‘lishi kerak. Kechagi oqshomda o‘sha idealni nihoyat topdik.
Va nihoyat — mushakbozlik, hammasi shunchaki super! Bunaqasini faqat tomosha qilish kerak.
Endi bayramning noxush tomonlariga nazar tashlash fursati yetdi. Garchi istamasak ham. Afsuski, shunday. Hozircha bayram tashkil qilishda o‘rganadigan narsamiz ko‘p. Eng avvalo transport masalasida.
Tushunamiz, salkam yarim million odam yig‘iladigan joyga transport masalasini hal qilish oson emas. Ammo boridan ham unumli foydalanilmagani kishini xunob qiladi. Xalqlar do‘stligi maydoniga borish uchun eng qulay yo‘l, shubhasiz — metro. Agar u siz turadigan hududga yetib borgan bo‘lsa, albatta. Talashib-tortishib, amalab jeton sotib olishingiz va tiqilinchda bir amallab bayram bo‘layotgan joyga yetib olishingiz mumkin. Qaytishda esa bundan battariga tayyor bo‘ling.
Tarixdagi eng ulkan mushakbozlikni uyushtirish yaxshi, ammo eng elementar tadbirlarni ko‘rib qo‘ymaslik juda yomon. Jeton sotiladigan kassalarni ko‘paytirib qo‘yish (iloji bo‘lsa metrodan tashqariga ham) va poyezdlar qatnovini jadallashtirish juda katta kuch talab qiladigan tadbir bo‘lmasa kerak. Afsuski kechagi bayramga mana shu ikki qusur katta dog‘ bo‘lib tushdi. Metrodagi tiqilinchda ayniqsa yosh bolalari bilan chiqqan oilalar qiynaldi.
Endi shunday tig‘iz vaqtda metro reyslari oralig‘i salkam 7 daqiqa bo‘lishi — absurd. Baxtimizga birorta ham ko‘ngilsiz holat ro‘y bermadi. Ammo juda ham bo‘lishi mumkin edi.
Kechagi bayramga chiqqanlar tasdiqlashadi, odamlar orasida qariyalar juda kam edi, nogironlar esa deyarli yo‘q. Chunki ularning bayramga kelishi uchun yetarli sharoit yaratilmagandi. Bayram faqat olomon orasidan chiqib keta olish darajasida kuchga ega odamlar uchun bo‘lmasligi kerak.
Xalqlar do‘stligi maydoni atrofida odamlar to‘planishi uchun joy yetarli. Oliy majlis atrofida bog‘-rog‘lar, maydonlar bor. Kechagidek bayramga chiqqanlar shunchaki mushakbozlikni kutmasdan, vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazishlari uchun turli joylarda kuy-qo‘shiqlar tashkil qilsa bo‘ladi. O‘shanda hamma tor joyga yig‘ilmasdan, atrofga yoyilgan bo‘lardi. Bunday katta mushakni ikki kilometrgacha uzoqlikdan bemalol tomosha qilsa bo‘ladi.
Xalqimiz juda avtomobilsevar. Kimda mashina bo‘lsa, jamoat trasportiga o‘tirishni yoqtirmaydi. Ammo mana shunday vaqtda targ‘ibotga zo‘r berilsa, nimagadir erishish mumkin bo‘lar. Kecha atrofda birorta ham avtobus yo‘q edi. Ammo «probka»da turgan yengil mashinalarni istagancha topardingiz.
Televideniye, radio, axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bayram kuni jamoat transportidan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilsa, balki bunday muammolar yuzaga kelmagan bo‘lardi. Shaharning turli joylariga qatnaydigan avtobuslar qayerga, qaysi joydan yurishini ham avvaldan OAV orqali ma’lum qilib qo‘ysa bo‘ladi.
Albatta bularning barchasi to‘g‘rilasa bo‘ladigan ishlar. Muhimi, bu yilgi kamchiliklardan xulosa chiqarib, kelasi yil kerakli tadbirlar ko‘rilsa bo‘lgani. Nima bo‘lganda ham, Mustaqillik — yurtimizdagi eng o‘zgacha bayram va toabad shunday bo‘lib qolishi lozim...
Zafar Qosimov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter