Bayden AQShning «Huawei»ga qarshi urushini davom ettiradimi yoki...
Donald Trampning prezidentlik davri texnologiyalar sohasi uchun asosan AQShning Xitoy kompaniyalari, xususan, «Huawei» bilan urushlari ko‘rinishida iz qoldirdi. Endi, yangi prezident saylanganidan so‘ng, ayrimlarda umid uyg‘onyapti — balki hammasi izga tushar... «Nikkei Asia» nashri Baydenning g‘alabasi Osiyo uchun nimani anglatishini yozmoqda.
Texnologiya kompaniyalari Bayden ma’muriyati Xitoy va AQShdagi ta’minot zanjirlari uzilishlarini tiklashi yoki hech bo‘lmaganda ziddiyatni sekinlashtirishiga umid qilishyapti. Chunki «Huawei» «qora ro‘yxat»ga kiritilganidan beri Amerika texnologiya kompaniyalari milliardlab dollar zarar ko‘rdi. Ekspertlarga ko‘ra, Baydenning o‘rtadagi nizoni yanada chuqurlashtirishi ehtimoli pastroq, aftidan u Pekinga ko‘proq hamkorlik takliflarini bera oladi.
Mutaxassislardan biriga ko‘ra, Xitoyga nisbatan qattiqqo‘l siyosatni davom ettirish barobarida, baribir, Bayden strategik mushohadasiga ko‘proq tayanadi. Xullas, Amerika kompaniyalariga zarar yetkazib qo‘ygan Trampdan farqli ravishda, yangi prezident ehtiyotkor bo‘ladi.
Shunga qaramasdan, Bayden davrida ham Xitoy va AQSh orasidagi texnologik raqobat kuchayib boraveradi. Xususan, «Huawei»ga sanksiya qo‘llangandan keyin g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan: «Apple», «HP», «Dell» va «Google» o‘z ta’minotchilaridan ishlab chiqarishni Xitoydan olib chiqishni so‘rashgan. Misol uchun, «Apple» ulkan zavodlarini Hindiston va Vetnamga ko‘chirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter