Baxtsiz Neymar, rad etilgan Beyl, ketish traddudidagi Pogba: futbol yulduzlaridan qaysi biri yozda jamoasini o‘zgartiradi?
Yozgi transfer oynasida jahon futboli yulduzlaridan bir nechtasi jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, «Manchester Yunayted» yetakchisi va jahon chempioni Pol Pogba «Real»ga o‘tishga yaqin turibdi. Qolaversa, OAV xabarlariga ko‘ra, madridliklar Beylning xizmatidan voz kechishmoqchi. Navbatdagi jarohatni orttirib olgan Neymar esa «Barselona»ga qaytish istagida yonmoqda. Bularning barchasi «RT» sharhida.
Pol Pogba («Manchester Yunayted»)
Fransuz yulduzi yarim yil avval ham «Manchester Yunayted»dan ketishga tushib qolgandi. O‘shanda Joze Maurino bilan chiqishmay qolgan deyishadi. Taqdirni qarangki, mavsumning qoq o‘rtasida portugaliyalik «birinchi raqamli» mutaxassisning o‘zi jamoa bilan xayrlashdi. Nahotki, «MYu»ni qutqaradigan biron mard yo‘q. Balki «sehrli tayoqcha» yordam berar?!
Ule-Gunnar Sulsherning qadami Pogba uchun ham qutlug‘ keldi — deyarli har bir o‘yinda sermahsulligini ko‘rsata boshladi. Ammo «MYu»ning shashti bahorgacha ekan. Keyin yana pasayish. Pogbada ham. Muxlislardan tortib ekspertlargacha uni maydonda borini berib o‘ynamaslikda ayblashga tushishdi.
Mavsumni bir amallab tugatgan Pogba yangi chorlovlarga shayligini yashirib o‘tirmadi. OAV xabarlariga ko‘ra, «Real» jahon chempioniga go‘yoki 120 million yevro to‘lashga tayyor, ya’niki asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Garet Beyl («Real»)
Iyun oyining ilk ikki haftasidayoq transfer bozorida 300 million yevrodan ko‘p pul sochgan «Real» klub rekordini o‘rnatdi. Xullas, limit to‘lgan. Endi bir tomondan yangi xaridga qo‘l urish, ikkinchi tomondan moliyaviy feyr-pleyga xilof ish tutmaslik uchun madridliklar bir necha o‘yinchilarining bahridan o‘tishlariga to‘g‘ri keladi.
Aftidan klubni eng yaqin orada tark etish imkoniyati Gareta Beylda juda yuqori. Uelslik eng muvaffaqiyatsiz mavsumlaridan birini o‘tkazdi, Zayniddin Zidan qaytganidan keyin-ku asosiy tarkibdagi o‘rnini ham yo‘qotib qo‘ydi. Hatto bir-ikki marta o‘yinlar qaydnomasiga ham kiritilmadi.
Zidan o‘z qarorini izohlashni istamadi, biroq xatti-harakatlaridan ayonki — Beyl unga kerakmas. Masalaning nozik jihati shundaki, Garetning o‘zi Madriddan ketaman deya kuyib-yonayotgani yo‘q.
Ispan jurnalistlari quyidagi so‘zlarni Garetdan iqtibos keltirishdi: «Shartnoma bo‘yicha uch yilim qoldi. Agar ular ketishimni istashsa, menga har mavsum uchun 17 mln. yevro to‘lashsin. Bo‘lmasa qolaman».
Mish-mishlarga qaraganda, uelslik bir necha top-klub nishonida turibdi. Masalan, uni «MYu» ijaraga olishi ham mumkin degan taxminlar yo‘q emas.
Mauro Ikardi («Inter»)
«A» seriyaning hujum chizig‘ida porlab kelayotgan Mauro Ikardi eng yomon mavsumlaridan birini o‘tkazdi. Yil boshida rafiqasi Vanda Nara tufayli klub rahbariyati bilan nizoga borgani uchun qariyb ikki oy maydonga yaqinlashtirilmadi. Eslatib o‘tamiz, Vanda Nara — Ikardining agenti.
Oxir-oqibat baribir Ikardi tarkibga qaytarildi, ammo endi «Inter» rahbariyati hujumchi bilan hamkorlik qilishdan ma’no ko‘rmayotganga o‘xshaydi. G‘isht qolipdan ko‘chib bo‘ldi.
Argentinalikka ko‘p jamoalar qiziqayotganiga ajablanmaslik kerak, shuncha voqealardan keyin uning transer qiymati anchagina pastladi. Nufuzli «Transfermarkt» portali Mauroni 80 mln. yevroga baholadi, holbuki shu portalning xuddi o‘zi o‘tgan yil dekabr oyida uning narxi 100 mln. yevrodan kam emasligini yozgandi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Roma», «Yuventus», «MYu», hatto MLS da debyutga chog‘lanayotgan Devid Bekhemning «Inter Mayami» klublari Ikardini qo‘lga kiritish uchun kurashga qo‘shilgan.
Neymar («PSJ»)
Neymar — so‘nggi mavsum omadsizlaridan biri. Og‘ir jarohat sabab brazil yulduzi mavsumning ikkinchi yarmini o‘tkazib yubordi, iyun oyi boshida esa boldiridagi jarohat uni «Kopa Amerika-2019»dan mosuvo etdi. Kamiga u nomusga tegish jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinyapti.
Ehtimol, bu mashaqqatlar Neymarni «Barselona»ga qaytishga undar. Oxirgi paytlarda u Kataloniyadagi baxtli damlarini ko‘p esga olyapti. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining agenti kataloniyaliklar bilan muzokaralarni boshlagan.
Boz ustiga «PSJ» prezidenti Nassir al-Helaifiy «yulduzlarning qiliqlariga boshqa toqat qilmayman», deyishi olovga moy sepgandek bo‘ldi. Neymarligiga ham qarab o‘tirmadi.
«Hech kim uni klub bilan shartnoma tuzishga majburlagan emas. Hech kim uni bunga undagan emas. U ongli ravishda tanladi va loyihaga qo‘shildi», — al-Helaifiydan ushbu iqtibosni «France Football» keltirmoqda.
Filippe Koutino («Barselona»)
Filippe Koutino «Barselona»ni tez orada tark etadi, degan xabarlar bor. Sababi aniq — Kataloniyada braziliyalik asosiy tarkibga kira olmadi, holbuki, klub unga ozmuncha pul sarfladimi — naq 145 millon yevro!
Koutino La-Liganing so‘nggi mavsumida «gol+uzatma» tizimida atigi yetti ball to‘pladi, deyarli 50 foiz o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi. Chempionlar ligasidagi statistikasi yaxshiroq: 11 o‘yinda uch gol va uchta golli uzatma.
Iyun oyi boshlarida futbolchi «Barselona» rahbariyatidan ketishga ruxsat so‘ragani ma’lum bo‘ldi. Agarda Koutino rostdan ham klubni almashtirmoqchi bo‘lsa, xaridorlar topiladi. Masalan, «MYu» ketayotgan Pogbaning o‘rnini Koutino bilan to‘ldirishga urinib ko‘rishi mumkin.
Eng qiyini «Barselona»ga: Koutinoga sarflangan pullar havoga uchib ketadi, shekilli. Chunki bir yil ichida Koutinoning transfer qiymati 60 million yevroga tushib ketdi.
Paulo Dibala («Yuventus»)
Janubiy Amerika futbolining yana bir vakili — Paulo Dibalaning ham ishlari yurishmayapti. Yaqindagina u «Yuventus» yetakchisi, Italiya chempionatining eng yorqin futbolchilaridan edi, biroq Ronaldu kelib hammasi o‘zgarib ketdi.
Portugal yulduzini Massimo Allegri markazdan chaproqqa joylashtirdi, oqibatda Dibala sevimli «o‘nlik» pozitsiyasidan mahrum bo‘ldi. Argentinalik 25 yoshli iqtidor egasiga «Yuve» murabbiylar shtabi yangi vazifa topishning uddasidan chiqmadi. Bir o‘ngdan, bir hujumchi ortidan hujumga otlanavergan Dibala jamoaviy o‘yinga qovushib ketolmadi.
Mana oqibati — mavsum davomidagi barcha turnirlarda bor-yo‘g‘i o‘nta o‘yin. Turgan gapki, Dibala boshqa qolishni istamaydi. Unga «Inter» qiziqayotgani, Ikardiga almashtirishi mumkinligi haqida xabarlar bor.
Kristian Eriksen («Tottenhem»)
Eriksen, yuqorida nomlari tilga olingan futbolchilardan farqli o‘laroq, eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazdi. «Tottenhem» sensatsion tarzda YeChL finaliga qadar yetib borishida uning ko‘p xizmati bor. Biroq jamoasi bilan necha mavsumlarni birga o‘tkazgan Kristian Eriksen endi ketish taraddudiga tushgan ko‘rinadi.
Bir paytlar Beyl va Modrich bilan ham shunday bo‘lgandi. Ikkovlonni klub raisi Daniel Levi «Real»ga yaxshigina pullay olgandi. Eriksen ham yaxshi pul keltiradi, eng qizig‘i, unga ham «Real» ko‘z tikyapti.
Hatto Eriksenning o‘zi ham «Real»ga o‘tishi ehtimoli haqidagi gap-so‘zlarni rad etmadi, «Ekstra Bladet» nashri undan quyidagi iqtibosni keltirgan:
«Hammasi prezident Levi va manfaatdor klublarga bog‘liq. Muzokaralar stoliga o‘tirib, yangi shartnomaga qo‘l qo‘yishim mumkin».
Agarda «Tottenhem»ni tark etsam, umid qilamanki, oldinga qadam tashlayman. «Real»ga o‘tish? Bu oldinga qadam. Biroq avvaliga madridliklar meni olishmoqchi ekanini «Tottenhem»ga bildirishlari shart. Bilishimcha, ispan klubi hozircha miq etgani yo‘q».
Darvoqe, «Real» ikki haftada transfer limitini to‘ldirib qo‘ygani haqida yuqorida aytdik, galdagi masala esa maydon markazini kuchaytirish — Eriksenmi yoki Pogba? Ikkisidan birini tanlashga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter