Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin — Prezident

Barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin — Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev kecha Qashqadaryodagi turli obyektlarga tashrifdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.

Masalan, uch yil oldin Chiroqchidan ajralib chiqqan Ko‘kdala tumani. O‘tgan davrda bu yerda 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmog‘i qurildi, 605 kilometr tuproq yo‘llar ta’mirlandi, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushdi. Ishlab chiqarish korxonalari 3 karra oshib, 220 taga yetdi.

Qisqa davrda Mirakining o‘zida 180 million dollarlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushdi, 2 ming ish o‘rni yaratildi. Yana 150 million dollarlik loyihalarda ishlar ketayapti.

Yakkabog‘ tuman markazida 1 ming 400 xonadonli 54 ta ko‘p qavatli uylar, «Eko bozor», zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazi barpo bo‘ldi.

«To‘g‘risi bu menga juda ma’qul bo‘ldi. Mana tuman markazi qanday bo‘lishi kerak! Bunday loyihalarni har bir tuman, har bir mahallada qilsak, o‘sha hududga madaniyat kiradi, islohotlarimiz joylargacha yetib borganining yaqqol natijasi bo‘ladi», — dedi davlatimiz rahbari.

Shahrisabz shahrida 10 million dollarlik ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika ishga tushirildi. Har bir hududda kamida 1 tadan mana shunday xususiy klinika ochilishiga ko‘maklashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun davlat 140 million dollar resurs ajratishga tayyor.

«Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar «Islohotlar shtabi»ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin», — dedi prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring