Bank, sud va hokimlik o‘rtasidagi o‘yin zangiotalik bog‘bonlarni xonavayron qilmoqda (video)
«Xabar.uz» tahririyati faoliyat boshlangandan buyon deyarli har kuni turli mavzularda murojaatlar qabul qiladi. Shu kunga qadar ularning aksariyati ijobiy hal etildi, ammo yechimini kutayotganlari ham ko‘p.
...Tahririyat eshigini taqillatgan navbatdagi murojaatchilar zangiotalik fermerlar bo‘ldi. Ularning so‘zlarini diqqat bilan tinglagach, muammoni joyiga chiqib o‘rganish va atroflicha yoritishga qaror qildik.
Xonavayron bo‘layotgan bog‘bonlar
2016-yilda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hokimligi o‘z zaxirasida turgan 86 gektar uzumzorni tender asosida 26 ta fermer xo‘jaligiga taqsimlab, o‘zaro shartnoma tuzadi. Aytishlaricha, bu tashabbus shaxsan Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan — bir necha yil davomida qarovsiz qolgan uzumzorni optimallashtirish va obod qilish uchun egasiga — bog‘bonlarga topshirish vazifa qilib qo‘yilgan. Ana shu vazifadan kelib chiqib, har bir fermer o‘ziga ajratilgan yer uchun ijara haqi, soliqlarni to‘lagach, yerga bor mablag‘ va mehnatini ayamadi.
Birinchi yili hosil ko‘ngildagidek bo‘lmasligi ravshan edi: qarovsiz qolgan uzumzorning yana o‘z holiga qaytishi uchun bir yil kerak bo‘ldi. Ikkinchi yili esa fermerlarni bugunga qadar qiynab kelayotgan muammo bo‘y ko‘rsatdi — uzumzorning yangi egalari paydo bo‘ldi. «Turonbank» aksiyadorlik tijorat bankining Hamza (hozirgi Yashnobod) tumani filiali vakillari qo‘lidagi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi chiqargan qarorni dastak qilib, yer aslida ularga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. Fermerlar esa hayron — axir ularning qo‘lida hokimlik bilan naq 49 yilga tuzilgan shartnoma, kadastr hujjatlari bo‘lsa, bundan tashqari, har yili ijara, soliq, boqqa ishlov berish uchun million-million xarajat qilinayotgan bo‘lsa-yu, endi hosilini olaman deganda yangi xo‘jayinlar paydo bo‘lsa? Bank vakillari fermerlarni o‘ziga qonunan tegishli uzumzordan haydab chiqarishgacha borgach, ularning bosh urib bormagan idorasi, murojaat qilmagan tashkiloti qolmadi. Ammo hokimlikdan tortib, katta-kichik tashkilotlargacha qilingan shikoyatu murojaatlar bugunga qadar naf bergani yo‘q.
Bog‘ning egasi kim?
Fermerlar olgunga qadar bu ulkan uzumzor Zangiota tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan. Bog‘bonlar bu yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olgani yo‘q — hammasi qonuniy, tender asosida qo‘lga kiritilgan. Ularning qo‘lidagi boqqa oid barcha hujjatlar aynan hokimlik tomonidan berilgan. Demakki, bog‘ning egasi — hokimlik. Unda «Turonbank»ning qo‘lidagi hujjat qayerdan keldi?
Noqonuniy garov shartnomasi
Zangiotalik bog‘bon Abdurahmon Nurmuhamedov oila a’zolari bilan uzumzor tashkil etib, ellik yilga yaqin ana shu yerda mehnat qildi. U tashkil etgan «Narmuhammad Abdurahmon» fermer xo‘jaligi maydoni 83 gektardan oshdi. Bog‘ gul-gul yashnadi. Hosil ham shunga yarasha mo‘l-ko‘l bo‘ldi. Usta bog‘bonga ergashganlar, uzumchilikning sirini o‘rganaman deganlar ham, «hamkorlikda ishlaylik» degan tadbirkorlar ham ko‘p bo‘ldi.
2012-yilda Abdurahmon ota ancha keksaygan edi, ustiga-ustak bo‘yni va ko‘kragiga chiqqan o‘simta tufayli butunlay holdan toldi. Alal-oqibat bir yaqin tanishining tavsiyasiga ko‘ra aka-uka Xolmurod va Shavkat Xurramovlar bilan hamkorlik qilishga, aniqrog‘i o‘ziga yordamchi qilib olishga rozi bo‘ldi. Ko‘rinishidan mo‘min-qobil aka-ukalarning «xolis xizmati» uzum pishguncha davom etdi — Xurramovlar uzumni chetga sotishini aytib, hosilni yig‘ishtirib olib ketdi-yu, shu bilan ancha paytga yo‘q bo‘ldi. Oradan bir necha yil o‘tib, Abdurahmon otaga «hojatbaror yordamchilar» ortidan xat keladi. Xatda «shovvozlar» bankdan oz emas, ko‘p emas — naq bir milliard yetti yuz ellik million so‘m kredit olgani, bu kreditga «Narmuhammad Abdurahmon» fermer xo‘jaligidagi uzumzor garov sifatida keltirilgani aytilgan edi. Bu voqeadan va olingan pullardan bexabar Abdurahmon ota hayratdan yoqa ushlaydi.
Qator tashkilotlarga qilingan murojaatlardan so‘ng adolat qaror topgandek bo‘ladi — Xadicha Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertizasi markazi xulosasiga ko‘ra kredit olish uchun tirkalgan garov shartnomasi soxta hujjatlar bilan tuzilgani va qalbaki ekani fosh bo‘ladi. Shu asosda O‘zbekiston Oliy sudining 2015-yil 14-dekabrdagi qarori bilan Zangiota tuman 3-davlat notarial idorasi tomonidan tasdiqlangan ushbu garov shartnomasi haqiqiy emas deb topiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi qarori bilan firibgarlarga jazo ham tayinlanadi.
Oliy xo‘jalik sudining «sariq chaqalik» qarori
Aslida bu mojarolar Oliy xo‘jalik sudining shu qarori bilan o‘z yakuniga yetadigandek edi. Axir «hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q» deb yozib qo‘yilgan Oliy xo‘jalik sudi qaroriga kim ham e’tiroz bildirishi mumkin? Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi.
2016-yilning 15-iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi bankning foydasiga hukm chiqaradi. Abdurahmon otaning qator tashkilotlarga yozgan murojaatida aytilishicha, sud jarayonlarining barchasi uning ishtirokisiz o‘tkazilgan. Barchasi soxta dalillar, soxta guvohlar asosida amalga oshirilgan. Go‘yoki bankdan olingan pullarning 700 million so‘mi bog‘bonning cho‘ntagiga, qolgan 900 millioni esa agrotexnika ishlariga, ish haqi, meneral o‘g‘it, simlar va boshqa-boshqa narsalarga sarflangan. Afsuski, keksa bog‘bon bu gaplarning barchasi tuhmat ekanini aytib qilgan murojaatlarining barchasi javobsiz qoldi. Davlat ekspertiza xulosasi, Oliy sud qarori bilan hech kim hisoblashmadi. Bo‘lib o‘tgan ishlarni o‘rganish va adolatli hukm chiqarish yo hech kimning xayoliga kelmadi, yo buni istashmadi.
Hokimlikning maqsadi nima?
Biz mavzuni o‘rganish jarayonida «Turonbank» ning Hamza tumani filiali yuristlari bilan uchrashdik, ammo ulardan bu haqda izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Bu kreditlar tarixi haqida alohida maqola tayyorlashni rejalashtirib, bank vakillarini ortiq bezovta qilmaslikka qaror qildik. O‘ta shubhali bu kredit tarixi alohida bir maqolaga joy bo‘lishi aniq.
Shu o‘rinda tuman hokimligiga ko‘plab savollar tug‘ildi: nahotki ular uzumzorni ajratayotgan paytda uning garovda, ya’ni taqiqda ekanini bilmagan? Yoki bila turib, qarovsiz qolgan uzumzorni shu yo‘l bilan tiklamoqchi bo‘lishdimi? Qizig‘i, fermerlar bilan tuzilgan shartnoma oradan atigi bir necha oy o‘tib (!), 2016 yilning kuzidayoq tuman prokuraturasining protestiga asosan hokimlikning qarori bilan bekor qilingan. Ammo bu haqda biror fermerga na og‘zaki, na yozma ogohlantirish berilgan. Nima uchun? Ikki yil davomida katta umidlar bilan bor-budini sarflab, sovuqni sovuq, issiqni issiq demay uzumzorda mehnat qilsa-yu, endi og‘zim oshga yetdi deganda barchasi sarob bo‘lib chiqsa, oddiy dehqon uchun bundan ortiq haqorat, bundan ortiq adolatsizlik bo‘lishi mumkinmi?
Shartnomasi bekor bo‘lganidan bexabar bu odamlar shu ikki yil ichida o‘zlarini fermer hisoblab, hokimlik chizgan chiziqdan chiqmadi — metallom topshirish, paxtaga chiqish, obodonlashtirish ishlari — barcha-barchasini to‘la-to‘kis ado etdi. Eng achinarlisi, ularning aksariyati bugunga qadar fermer xo‘jaligi uchun katta miqdorda soliq to‘lab kelmoqda. Agar yer sud qarori bilan bank hisobiga o‘tadigan bo‘lsa, yetkazilgan katta miqdordagi moddiy va ma’naviy zararni kim qoplaydi? Bankmi, sudmi yo hokimlikmi? Prezidentning «har bir odamga adolat qiling» degan da’vatiga javob shumi?
Ushbu masala bo‘yicha Zangiota tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Xo‘jaahmedov bilan uchrashdik.
— Men bu lavozimga kelganimga endi olti oy bo‘ldi. Undan oldin bo‘lgan ishlarga javob berishga majbur emasman, — dedi Sirojiddin Xo‘jaahmedov.
— Unda fermerlarni kim himoya qiladi?
— Qaysi fermerlar? Bu odamlar fermer emas. Ularning shartnomasi ikki yil oldin bekor bo‘lgan.
— Bu haqda ular ogohlantirilganmi?
— Hokimlik bunga majbur emas. Bekor bo‘lgandan so‘ng ular avtomatik ravishda xat olgan bo‘lishi kerak. Biz qonunga muvofiq ish ko‘ramiz.
Hokim o‘rinbosari bilan suhbatlasha turib, bu muammoni hokimlikning bu amaldorlari bilan hal etib bo‘lmasligiga ishonch hosil qildik. Axir undan oldingi rahbar hokimlik nomidan ish ko‘rgan emasmi? «Men yangiman, bu ayb oldingi rahbarlarniki» deyish javobgarlikdan, muammoni hal etishdan ozod eta oladimi? Yaxshiki, shu odamning o‘zi ularni fermer bo‘lishga targ‘ib qilgan, o‘sha paytlarda hudud rahbari bo‘lib ishlagan, aks holda «sizlar kimsizlar o‘zi?» deyishi ham hech gap emasdi...
Mavzuni o‘rganish chog‘ida fermer xo‘jaligi uzumzorlarini ko‘zdan kechirdik. Bog‘bonlar qo‘li tekkan joylar gullab, yashnab turibdi. Ammo bank egalik qilayotgan 20 gektarga yaqin hudud butunlay qarovsiz ahvolda. Agar bu joylar bog‘bonlardan tortib olingudek bo‘lsa, uzumzorning qanday holatga tushishini tasavvur qilish qiyin emas.
Darvoqe, yana biroz vaqtdan so‘ng uzumlar pishib yetiladi. Agar muammo zudlik bilan hal etilmasa, hosil vaqti «Turonbank», Zangiota tuman hokimligi va bog‘bon-fermerlar o‘rtasida katta mojaro kelib chiqishi ehtimoli juda yuqori. Shu bois mutasaddilar ushbu muammoga e’tibor qaratib, yaqin vaqt ichida hal etishidan umidvormiz.
Mavzuga yana qaytamiz.
Ahmad Yusupov, Farrux Aliyev,
«Xabar.uz» muxbirlari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter