Baliqchi 700 yillik haykalni topib oldi
Ispaniya shimoli-g‘arbidagi Sar daryosida baliqchi qo‘lida go‘dak bilan tasvirlangan Bibi Maryamning haykalini topib oldi. Asar taxminan 700 yil muqaddam granitdan yasalgani aytilmoqda, deya xabar berdi «The Guardian».
«Baliq ovlayotganimda tosh ustida sirpanib ketdim. Qarasam tosh to‘rtburchak. Bu daryo uchun juda g‘ayritabiiy. Diqqat bilan razm solganimda, bosh bilan yopinchoqni payqadim. Shunda o‘zgacha bir narsani topib olganimni tushundim», — deya so‘zlab berdi mahalliy fuqaro Fernando Brey «Voz de Galicia» ispan gazetasiga.
Santyago-de-Kompostela yaqinida ustini mox qoplagan qadimiy haykalni daryodan chiqarib olishib, Muzeyga yuborishdi.
«Bibi Maryamning ikki tomonida farishtalar tasvirlangan. Ular yedirilib ketgan, lekin yuzlarini ko‘rish mumkin», — deyiladi shahar ma’muriyati bayonotida.
Haykal o‘rnatilgan tagkursi ayiqtovon barglari va to‘rt gulbargli gullar bilan bezatilgan. Bibi Maryamning ham, go‘dakning ham yuzi saqlanib qolmagan.
Rasmiylar topilmaning madaniy va tarixiy qiymatini baholash, shuningdek, bu yerga qayerdan kelganini, daryoda qanday paydo bo‘lib qolganini va qanday qilib shu vaqtgacha daryoda bilinmasdan yotganini aniqlashga qaror qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter