BAAdagi qonunbuzarlik holatlari vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkin – TIV rasmiysi

Joriy yil 24 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Dubayda o‘zbekistonliklar o‘rtasida pichoqbozlik holati sodir etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxanov mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Dubay shahrida O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida yuzaga kelgan holat yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida diplomatlar Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan.
O‘z navbatida, BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
«Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi.
Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda», – deb yozadi Burxanov.
TIV rasmiysi, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini xorijda vatandoshlari sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter