Ayrim hududlarga yangi maqom beriladi
«Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–171-son, 31.05.2023 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tuzilmasida Situatsion markaz tashkil etildi.
2023 yil 1 iyulgacha «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari Vazirlik tasarrufiga o‘tkaziladi.
2025 yil 1 yanvargacha tibbiyot muassasalari, veterinariya va farmatsevtika sohasi tashkilotlarining chiqindilari bo‘yicha quyidagi tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- chiqindilarni yig‘ish va saqlash soha tashkilotlari tomonidan;
- ushbu chiqindilarni olib chiqib ketish va utilizatsiya qilish sanitar tozalash korxonalari tomonidan markazlashgan holda amalga oshiriladi.
2023 yil 1 iyuldan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun vujudga kelgan qarzdorlikni majburiy tartibda undirish uchun sudga da’vo arizalari sanitar tozalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan kiritiladi.
2024 yil 1 yanvardan Bo‘stonliq va Zomin tumanlaridagi turistik-rekreatsion zonalarda ekologik toza hudud rejimi tatbiq etiladi.
Vazirlik davlat organlari va tashkilotlarida qog‘ozdan foydalanishni keskin kamaytirish, ayrim yo‘nalishlarda faoliyatni to‘liq raqamlashtirish orqali qog‘ozdan to‘liq voz kechish bo‘yicha nazorat o‘rnatishga mas’ul etib belgilandi.
2024 yil 1 martdan ekologik toza hudud rejimi joriy qilingan hududlardagi fuqarolar yig‘inlariga «ekomahalla», «ekoqishloq» va «ekoovul» maqomi beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlanishi ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter