Ayollarning intim rasmini telegramda aldab olib, «shantaj» qilgan yigit qo‘lga olindi
2019 yilning 11 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi binosida ko‘rilgan sud ishi bilan tanishar ekansiz, ko‘nglingizdan shunday o‘ylar kechishi tabiiy. Ayblanuvchi hali hayotda yashashdan maqsadini tushunib yetmagan o‘smir emas, aksincha, ayni kuch-quvvatga to‘lgan, tog‘ni ursa talqon qiladigan Xayribek Shokirov (maqolada barcha ism-familiyalar o‘zgartirilgan) haqida shunday ma’lumotlar keltirilgan:
...1982 yilda tug‘ilgan. Ma’lumoti o‘rta, vaqtincha ishsiz. Oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiladi. Muqaddam bir necha bor sudlangan...
Darvoqe, uning ilk jinoyati 19 yoshida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan qayd etilgan. Tuman sudining 2001 yil 12 yanvardagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismining «a», «v» bandlari, 277-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan, ya’ni, talonchilik va bezorilik sodir etganligi uchun 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qonunlarimiz adolatli, ularda har bir fuqaro manfaati himoya qilinishi bilan birga, ishonch va rahmdillik prinsiplariga amal qilinadi: o‘sha yilning 6 iyulidagi ajrimi bilan sud qarori o‘zgartirilib, shartli hukm qilingan va 2 yil sinov muddati belgilangan. Ushbu sinov muddati ham amnistiya aktiga ko‘ra bekor qilinib, Xayribek jazodan ozod qilingan. Bu xalqimizning yosh yigitga berayotgan katta imkoniyati va to‘g‘ri yo‘lga kirishi uchun ishonchi edi. Afsuski, X. Shokirov bu ishonchni oqlay olmadi. Oradan yarim yil ham o‘tmasdan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar, Yashnobod tuman sudi yana talonchilik (juda ko‘p miqdorda) jinoyatini sodir etganligi uchun unga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Oradan 6 yil o‘tib, ya’ni 2011 yilning 26 noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Zarafshon shahar sudi ajrimi bilan JKning 73-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmay qolgan 4 oy 5 kunidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinadi.
Xayribek ota-onasi havas qilib qo‘ygan ismiga amal qilib, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, xayrli ishlarga qo‘l urganida firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlarni takror sodir qilib, 2018 yilning 30 aprelida yana jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudining qora kursisida o‘tirmagan va eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarima va 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olmagan bo‘lar edi.
Hukm bilan tanishar ekansiz, jinoyatchi hali belgilangan jazo muddati tugamay yana jinoyatga qo‘l urganiga guvoh bo‘lib, hayratdan yoqa ushlaysiz.
«Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi», «Tili kuygan qatiqni ham puflab ichadi» kabi maqollarning Xayribekka umuman daxli yo‘qdek. Aks holda jarima va ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganidan yarim yil o‘tar-o‘tmas, yana jinoyatga qo‘l urmagan bo‘lar edi. Jinoyat bo‘lganda ham... U har gal jinoyat turini o‘zgartirib borardi: bezorilik qilib ko‘rdi, o‘g‘rilik qilib ko‘rdi, talonchilik qildi va hokazo... Endi masofadan turib «sevishish» orqali moddiy boylik orttirishni rejalashtirdi.
U 2018 yilning sentyabr oyi boshlarida «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘i orqali Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi oliy ma’lumotli o‘qituvchi Gavhar Azimova bilan tanishadi. Suhbat asnosida uni kompyuter ustasi ekaniga, turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganiga, yaxshi qiz uchrasa uylanmoqchiligi va uning rasmlarini ko‘rib yoqtirib qolganiga ishontiradi.
Yoshi 30 dan oshgan bo‘lsa ham hali turmushga chiqmagan qizning soddaligidan foydalanib, uning tuyg‘ularni junbushga keltiradigan sevgi izhorlari yo‘llash va uyiga sovchi yuborish maqsadi qat’iyligiga ishontirishni uddalaydi. Har holda birovning uyiga borib o‘g‘irlik qilishdan ko‘ra qiz bolaning qalbini o‘g‘irlash ming chandon oson tuyulgan bo‘lsa ajabmas. Tez kunda sovchilar jo‘natishini, to‘y taraddudini aytib, qizni shirin orzular og‘ushida mast qilishga erishganidan so‘ng, uning telefon raqamlarini olishga muvaffaq bo‘ladi. O‘zining profiliga qo‘ygan «xushsurat yigit»ning rasmini ko‘rib, «xushmuomala» va «mehribon»ligini bilib, qizning g‘oyibona sevib qolganidan foydalangan Xayribek Gavharning telefon raqamiga rasmiylashtirilgan telegramm tarmog‘i orqali shaxsiy rasmlarini jo‘natishini so‘raydi. Albatta, o‘zi ko‘rmagan, bilmagan odamning bu iltimosini har qanday qiz rad etishi tabiiy. Ammo Xayribek o‘z moddiy manfaati yo‘lida «Bu suratlarni ko‘ramanu o‘chirib tashlayman», deb qasam ichadi. Qasamni muqaddas bilgan Gavhar unga ishonadi va iltimosini bajaradi. Ammo «oshiq» yigit bu bilan kifoyalanmaydi. Ertasi kuni tong chog‘idan boshlab, ketma-ket SMSlar yozib, diydorga oshiqayotganini aytib, sog‘inchlarga «to‘la» sevgi izhorlari bilan qizni esankiratib qo‘yadi. Kechga borib esa qizdan yechingan holatda suratga tushib yuborishini so‘raydi. Qiz rozi bo‘lmagach, rasmlarni bir marta ko‘rib o‘chirib tashlashga va’da beradi.
Tinimsiz iltimoslardan so‘ng Gavhar ichki kiyimda suratga tushib yuboradi.
«G‘oyibona oshiq» ichki kiyimlarini ham yechib rasmga tushib yuborishini, bir ko‘rib, darhol o‘chirib tashlashini, ishonmasa onasining rasmini jo‘natayotganini, shu onasi haqqi qasam ichishini aytadi. Bu uning onasi emas, begona ayolning rasmi ekanligi xayoliga ham kelmagan qiz uning talabini bajaradi...
Niyatiga yetgan «oshiq» rejasining keyingi qismiga o‘tadi: o‘sha kuni kechki soat 22 larda yalang‘och tushgan suratlarning nusxasini Gavharning o‘ziga yuboradi va ushbu rasmlarni «Odnoklassniki»dagi uning o‘g‘il bola do‘stlariga 100 AQSh dollariga sotmoqchiligini, buning ustiga uning nomiga bir nechta profillar ochib, shu rasmlarni joylashtirishini, bundan tashqari, Gavharning tanish-bilishlariga ham jo‘natishini aytganida shu yoshigacha ilk bor erkak zotiga ishonib, «g‘oyibona» sevib qolgan qizning qanday ahvolga tushganligi faqat qizning o‘zigagina ma’lum...
Bu sharmandalikdan qutulish uchun qizning yalinib-yolvorishlari go‘yoki Xayribekning ko‘nglini «yumshatib» yuboradi va 100 AQSh dollari bersa, rasmlarni o‘chirib tashlashga rozi bo‘ladi. Qiz oilaviy ahvoli yaxshi emasligini, buncha puli yo‘qligini qancha tushuntirsa ham yigit «so‘zi»dan qaytmaydi. Ilojsiz qiz qarz-qavola qilib bo‘lsada, «oshiq»ning aytganini topib berishga majbur bo‘ladi. Toshkentni yaxshi bilmagani sabab Chirchiqqa kelib pulni olib ketishini iltimos qiladi. Xayribek qiz yashaydigan shaharga borish xavfli ekanidan qo‘rqsa-da, bu taklifiga rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmagach, ish bilan borganda olib ketishini aytadi. Bu orada ovozli xabarlar jo‘natib, rasmlarni tarqatib yuborishini aytib tahdid qilib turadi. Uning ovozli tahdidlari har doim besh daqiqa o‘tar-o‘tmas o‘chib ketayotganini bilgan Gavhar bir kun asqotishi mumkinligini tushunib, ayrimlarini telefon apparatiga yozib olishga ulguradi...
«Masofadan sevish» orqali daromadga ega bo‘lish mumkinligiga ishonch hosil qilgan ustamon «Odnoklassniki» orqali yana ovga chiqadi. Albatta u hayot zarbalariga uchragan, turmushidan ajrashgan yoki baxtini izlayotgan, mehrga tashna, risoladagidek inson uchrasa turmush qurish niyatidagi xotin-qizlarni izlaydi. Bir nafar farzandi bilan turmushidan ajrashgan, o‘rta maxsus ma’lumotli, Olmaliq shahrida yashovchi 34 yashar Xurram Sobirova uning navbatdagi o‘ljasiga aylanadi.
Bu gal ham hammasi Gavhar bilan bo‘lgan munosabatlar shaklida davom etadi. «Oshiq» yigit o‘zini Xitoy davlatida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor sifatida tanishtiradi. Shu tariqa ijtimoiy tarmoq orqali «ishqiy» munosabatlar boshlanadi. Yana sevgi izhorlari, tinimsiz SMSlar... Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas Xitoy davlatiga «ketgan oshiq» bir oydan so‘ng kelib, uyiga sovchi jo‘natishi haqidagi va’dalar va yana ona nomi bilan ichilgan qasamlar tufayli Xurramni ishontirib, uning ham yalang‘och holatdagi suratlariga ega bo‘lgach, maqsadga ko‘chadi: «Bir tanish yigitingdan bu ishni qilishim uchun 100 AQSh dollari olganman. Rasmlarni olgach, yana 200 AQSh dollari beradi. Mayli, sen 100 AQSh dollari bersang, pulini o‘ziga qaytarib beraman va rasmlaringni o‘chirib tashlayman. Ammo mening xizmat haqqim 200 ming so‘m».
Albatta, ayol kishi uchun o‘z sha’ni va or-nomusidan qadrli narsaning o‘zi yo‘q. Xurram talab qilingan pul va AQSh dollarini aytilgan manzilga, ya’ni Toshkent shahrining «Olmazor» metro bekati oldiga olib keladi va uni uzoqdan kuzatib turgan X.Shokirovning telefonda yozgan SMS topshirig‘iga asosan yelim paketga o‘rab, daraxt tagiga tashlab ketgach, afsus-nadomatdan yuragi o‘rtansa ham sharmandalikdan qutulganiga shukur qiladi.
Ikki haftada shuncha daromadga ega bo‘lgan «oshiq» jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran tovlamachilik qilish maqsadida ijtimoiy tarmoq orqali 1993 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan Nodira Shodmonova bilan tanishib, uni «sevib» qolganiga ishontiradi...
Bu gal u Nodirani 300 AQSh dollariga «kiydiradi». Ammo oradan 10 kun o‘tib beva ayolning rizqiga yana chang solish yo‘llarini o‘ylab topadi.
Nodiraga Qozog‘iston Respublikasida uning bergan 300 AQSh dollarini almashtirayotgan vaqtda soxta bo‘lib chiqqanligi uchun kaltaklab, qo‘lini sindirishganini aytib, isboti sifatida gipslangan qo‘l suratini jo‘natadi va 300 AQSh dollariga teng miqdordagi milliy pul berishini talab qiladi.
Nodira bularning barchasi hiyla ekanligini bilsa ham ota-onasiga yalang‘och holatda tushgan suratlarini jo‘natishini aytgach, talab qilingan 2 500 000 so‘mni eski joyga tashlab kelishga rozi bo‘ladi. Ammo ota-onasidan 1 200 000 so‘m pulni olib aytilgan joyga emas, balki xolasi aytganiday O‘zbekiston Respublikasi IIVga keladi...
Uddaburon «oshiq» Nodira bilan bir vaqtda yana bir qancha xotin-qizlarni ham qarmog‘iga ilintirgan ediki, bu endi boshqa mavzu.
X. Shokirovga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi. Albatta, jinoyatchi jazosini olishi muqarrar. Ammo kishini boshqa narsa mulohazaga chorlaydi: Erkak qayerda va qanday sharoitda bo‘lishidan qati nazar, nozik xilqat egalariga suyanchiq va qalqon bo‘lishi kerak emasmi?!
Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi bu masalaning ham ikkinchi tomoni bor.
Turli viloyatlarda istiqomat qiluvchi, kamida o‘rta-maxsus va hatto oliy ma’lumotli o‘zbek qizlarining osongina aldanishiga, bunday ayanchli va hatto sharmandali ahvolga tushib qolishlariga sabab nima? Tanishganiga bir hafta, ikki hafta va hatto ikki kungina bo‘lgan begona erkakka bu darajada behayo holatdagi suratini jo‘natgan qizlarning qilmishini qanday baholash mumkin? Buning ustiga firib qurboniga aylanganlar 15-16 yoshli o‘smir qizlar emas, 25-30 yoshdan oshgan, oqu qorani tanigan, turmush zarbalari zahrini totganlar ekanligi kishini ajablantiradi.
Opa-singillarimizga aytar so‘zimiz: ehtiyot bo‘ling, ijtimoiy tarmoqlardagi qalb o‘g‘rilarining tuzog‘iga tushib qolmang!
Ilgizar SOBIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Chilonzor tuman sudi raisi,
Saodat MATYoQUB qizi,
«Adolat» muxbiri
(«Adolat» gazetasi,
2019 yil 10 may)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter