Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avval Boku, endi Toshkentda... Yangi imzolangan hujjat qanday naf keltiradi?

Avval Boku, endi Toshkentda... Yangi imzolangan hujjat qanday naf keltiradi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekistonning tarixiy «Turon» kutubxonasi va Ozarbayjonning Shusha tumani markazlashgan kutubxona tizimi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu tashabbus Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi doirasida amalga oshirildi. Shu munosabat bilan Toshkentdagi «Turon» kutubxonasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Kutubxona direktori Dildora Abduazizova Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi bilan hamkorlikda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. U, shuningdek, Ozarbayjon madaniyati beshigi sanalgan Shusha shahri kutubxonasi bilan hamkorlik ham alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ozarbayjon madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Akif Maarifli ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida so‘zlar ekan, kutubxonalar o‘rtasida hamkorlik kuchayotgani quvonchli holat ekanini qayd etdi.

Mamlakatimizdagi mo‘’tabar ma’rifat o‘choqlaridan biri bo‘lmish  «Turon» kutubxonasiga XX asr boshlarida asos solingan. Ushbu ma’rifat maskani o‘z davrida Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Mannon Uyg‘ur kabi taraqqiyparvar va hurriyatsevar ziyolilarni birlashtirgan.

Qorabog‘ning madaniy poytaxti bo‘lgan Shusha shahrida ham XIX asr oxirlaridayoq dastlabki qiroatxonalar tashkil etilgan. Ko‘p o‘tmay Shusha kutubxonasi Kavkazda Boku va Gubadan keyingi uchinchi yirik kutubxonaga aylangan.

Har ikki ma’rifat maskani bugunga qadar tarixiy an’analarni davom ettirib kelmoqda.

Hamkorlik hujjati «Turon» kutubxonasi direktori D.Abduazizova hamda Ozarbayjon madaniyat vazirligi bo‘lim boshlig‘i A.Maarifli tomonidan imzolandi. Ushbu memorandum ikki kutubxona o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, fan, ta’lim va adabiyot sohalariga oid ma’lumotlar almashish, ikki mamlakatning mashhur tarixiy shaxslari, madaniyat va san’at namoyandalari yubileylari, ijodiy kechalarini tashkil etish, kutubxona va axborot sohasining dolzarb muammolarini hamjihatlikda hal etishga qaratilgan. Hujjat doirasida kutubxonani avtomatlashtirish, virtual ko‘rgazmalar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Bu – ikki mamlakat o‘rtasida kutubxona hamkorligi bo‘yicha so‘nggi 3 oy ichida imzolangan ikkinchi muhim hujjatdir. Joriy yil oktyabr oyida VII Boku xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi va Mirza Fatali Oxundov nomidagi Ozarbayjon milliy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Joriy yil aprel oyida esa O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev Bokuda Ozarbayjon milliy kutubxonasi direktori Karim Tohirov bilan uchrashib, axborot-kutubxonachilik sohasini yanada rivojlantirish masalasida fikr almashgan.

Eslatib o‘tamiz, ikki davlat hukumatlari tomonidan imzolangan «Gumanitar sohada hamkorlik to‘g‘risida»gi bitimda ham kutubxonalar o‘rtasida robitalarni mustahkamlash belgilangan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring