Avtomobillar oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlaganlik uchun notarial to‘lov arzonlashdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 123-son qarori bilan notarial harakatlar uchun undiriladigan davlat boji miqdorlari qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.
Qaror bilan davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimi yanada soddalashtirilib, aholi uchun bir qancha yengilliklar yaratildi. Jumladan:
— avtomashinani boshqarish yoki sotish huquqi bilan ishonchnomalarni yaqin qarindoshlarga berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari, begona shaxslarga berganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi. Bunda davlat boji miqdori 1,7 baravarga arzonlashdi;
— avtomashinalarning oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji avtomashinaning chet elda yoki O‘zbekistonda ishlab chiqarilganidan qat’i nazar, bir xil belgilandi va uning miqdori o‘rtacha 2-5 marotabaga arzonlashdi;
— uy-joylarning oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji ular joylashgan aholi hududiga qarab belgilandi. Bunda viloyatlarning chekka tuman va shaharlaridagi uy-joylar uchun davlat boji 2 baravar arzonlashdi;
— aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar, garov, ipoteka, lizing, kafillik, tekin foydalanish va qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji aniq va tushunarli miqdorlarda belgilandi.
Mazkur yangilik aholiga yengillik yaratish bilan birga, notarial idoralar xodimlari tomonidan boj to‘lovlarini ortiqcha hisoblash va undirish hamda boshqa korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter