Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avtomobili bor oilalar ham bola puli olishi mumkin

Avtomobili bor oilalar ham bola puli olishi mumkin

Hukumatning 2021-yil 21-oktyabrdagi «Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ayrim hollarda oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va unga tegishli ravishda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi.

Jumladan, ariza beruvchi yoki uning oila a’zolarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z nomiga rasmiylashtirilgan yoki ularning foydalanuvida bo‘lgan yoxud ishonchnomaga asosan quyidagilar mavjud bo‘lganda:

ishlab chiqarilgan muddati 12 (oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa 7) yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi;

ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;

jami ikki va undan ortiq, texnik holati soz bo‘lgan yengil va yuk tashuvchi avtotransport vositalari, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamni tayinlash rad etiladi.

Ya’ni, kam ta’minlangan oilalarda ishlab chiqarilganiga 12 (oila a’zosi I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa 7) yildan oshgan, texnik holati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi mavjud bo‘lgan taqdirda bu bolalar pulini berishni rad qilishga sabab bo‘lmaydi.

Shuningdek, hujjat bilan 2024-yil 1-martdan boshlab bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan biroq foydalanuvida bo‘lgan avtotransport vositalari ularning arizalarida ko‘rsatgan ma’lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan o‘rganib boriladi va dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunda dalolatnoma fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi va kamida 2 nafar mas’ul xodimlar tomonidan tasdiqlanadi.

O‘rganish natijalari «Yagona reyestr» ATga hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan kiritiladi va axborot tizimi tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovini to‘xtatish yoki davom ettirish bo‘yicha avtomatik ravishda qaror qabul qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring