Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Australian Open» haqida 6 qiziqarli fakt

«Australian Open» haqida 6 qiziqarli fakt

Foto: Sky Sports

Melburn shahrida davom etayotgan tennis bo‘yicha dunyoning eng yirik to‘rt turniridan biri – Avstraliya ochiq chempionati qizg‘in pallaga kirdi. Uning biz uchun qiziqarli jihatlariga e’tibor qaratamiz...

Jazirama

«Australian Open» turnirining o‘ziga xos jihatlaridan biri uning jazirama mahali bo‘lib o‘tishidir. Har yili meteorologlar ob-havoning issiqligi va rekord harorat haqida bong urishadi. Musobaqa davomida sportchilar muz to‘ldirilgan paketlardan najot izlashadi, suyuqlikni ko‘p iste’mol qilib, soya joylarni qidirib qolishadi. Tomoshabinlar ham ko‘pincha issiqdan jabr ko‘radi. Ba’zan «tez yordam» chaqirishga ham to‘g‘ri keladi. Harorat o‘lchagich 40 darajani ko‘rsatishi odatiy hol. Shuning uchun ham hakam istalgan vaqtda o‘yinni to‘xtatib, sportchilarga dam berishi mumkin, bu qoidalarni buzish hisoblanmaydi.

Kort qoplamasi

Ilgari barcha katta dubulg‘a turnirlarini nufuzliroq sanalgan «Uimbldon»ga moslashtirishga harakat qilishgan. Yashil qit’adagi bahslar ham 83 yil davomida chimli kortlarda o‘tkazilgan. Avstraliyadagi ilk turnir 1905 yilda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, to 1988 yilgacha tennischilar tabiiy chimda o‘ynashdi. Shundan so‘ng qattiq qoplamali kortlarga (xard) ruxsat berildi. Mats Vilander har ikkala turdagi kortlarda g‘alaba qozongan yagona tennischi hisoblanadi.

Birinchilar

XX asr boshida boshqa sport turlari kabi tennisda ham ayollar ishtirok etmasdi. Faqat erkaklar ishtirok etgan Avstraliyadagi dastlabki musobaqalarda Rodni Xit g‘alaba qozongan. 1922 yilga kelib turnirda ayollar ham ishtirok eta boshladi. Margaret Moulsvort Avstraliya ochiq chempionatida g‘alaba qozongan ilk ayol tennischi sifatida tarixga kirgan. Dastlabki chempionlarning har ikkisi ham avstraliyalik edi.

Ommaviylik

Har yili turnirda 40 mingta tennis koptogidan foydalaniladi. Sportchilarga qulaylik yaratish maqsadida 300 dan ortiq koptok olib beruvchi o‘smirlar (bolboy) musobaqaga saralab olinadi.

Rekordlar

Martina Xingis «Australian Open» tarixidagi eng yosh chempion hisoblanib, g‘alaba qozongan yili bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi. Erkak sportchilar orasida Ken Rouzvoll yaqqol rekorchidir. U 18 va 37 yoshida g‘alaba qozonib, «Australian Open»ning eng yosh va eng yoshi katta g‘olibi sifatida tarixga kirgan. Rojer Federerda «eng yoshi katta g‘olib» rekordini yangilash imkoniyati bor. Buning uchun u 2019 yildagi turnirda g‘alaba qozonishi kerak. Turnirda hammadan ko‘p g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchi Margaret Kort sanaladi. U 11 marta zafar quchgan.

Rafael Nadal va Fernando Verdasko ishtirokidagi 2009 yilgi bahs turnirning eng uzoq davom etgan o‘yini sifatida tarixda qolgan. 5 soatu 14 daqiqa davom etgan o‘yinda Nadal 6:7, 6:4, 7:6, 6:7, 6:4 hisobida g‘alaba qozongan.

Biznikilar

O‘zbekistonlik sportchilar orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Denis Istominga tegishli. U o‘tgan yilgi turnirda nimchorak finalgacha yetib bordi. Ilk bahsda xorvat Ivan Dodichni mag‘lubiyatga uchratgan hamyurtimiz ikkinchi bosqichda Avstraliya ochiq chempionatining amaldagi g‘olibi sanalgan serbiyalik Novak Jokovichni 5 setda 7:6, 5:7, 2:6, 7:6, 6:4 hisobida taslim etdi. Denis keyingi bosqichlarda ispan Karreno-Bustani qiyinchilik bilan yengib, nimchorak finalda bolgariyalik Grigor Dimitrovga yutqazib qo‘yadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring