Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asirga olingan rus askarlari o‘ldirilgani videosi tarqaldi. Rossiya BMTga murojaat qildi

Asirga olingan rus askarlari o‘ldirilgani videosi tarqaldi. Rossiya BMTga murojaat qildi

Internetda Ukraina harbiylari asirga olingan ruslarni o‘ldirgani aytilgan video paydo bo‘ldi. Rossiya ushbu yozuvni BMTga topshirgan. Ukraina bu haqda hozircha izoh bermadi.

Kecha, 18 noyabr  kuni internetda ukrainalik harbiylar rossiyalik asirlarni o‘ldirgani aytilgan video tarqaldi. Yozuvlar dastlab Ukrainaning telegram kanallarida paydo bo‘ldi, keyin Rossiya nashrlari ularni faol ravishda tarqata boshladi.

Mustaqil manbalardan olingan videolarning haqiqiyligi tasdiqlanmagan. Ular qachon olingani ham noaniq. Ukraina muxolifat blogeri Anatoliy Shari u yozuvlardan birini «bir necha kun oldin» o‘zining yopiq kanalida joylashtirganini da’vo qilgan.

Videolardan birida Rossiya qurolli kuchlari kiyimidagi bir guruh askarlar turar-joy binosi hovlisida asirga olingan, keyin ulardan biri qurol bilan paydo bo‘ladi, o‘q ovozlari eshitiladi va video uzilib qoladi.

Xuddi shu hovli ustidan drondan olingan ikkinchi videoda bir xil kiyimdagi 12 askarning jasadi aks etgan. Ularning ba’zilari yonida qon izlari ko‘rinadi. Ikki video o‘rtasida nima sodir bo‘lgani aniq emas.

Rossiyaning harbiy telegram kanallari xabariga ko‘ra, videoyozuvlar Lugansk viloyatining Svatovo yaqinidagi Makeyevka qishlog‘i hududida olingan.

Rossiya prezidenti maslahatchisi Valeriy Fadeev sodir bo‘lgan voqeani «namoyishli va provokatsion jinoyat» deb atadi va ma’lumotlar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasiga yuborishini aytdi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova xalqaro tashkilotlardan «bu dahshatli jinoyatni qoralab, chuqur tergov o‘tkazishni» talab qildi.

Ukraina vakillari hali e’lon qilingan videolarga izoh bermagan.

Avvalroq, 15 noyabr kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hisobotida Rossiya asirligidagi ukrainalik harbiy xizmatchilar ko‘p qiynoqqa solinishi va shafqatsiz muomalaga duchor bo‘layotgani haqida bayonot berilgandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti komissari idorasi tomonidan asirga olingan va so‘roq qilingan 159 nafar ukrainalikning mutlaq ko‘pchiligi bu haqda gapirgan. Hisobotda, shuningdek, rossiyalik mahbuslarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish va ukrainalik harbiylar tomonidan qiynoq holatlari ham qayd etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring