Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Asakabank» oyni etak bilan yopmoqchimi?

«Asakabank» oyni etak bilan yopmoqchimi?

Foto: Xabar.uz

Bugungi og‘ir va sinovli paytda birovga ta’na yoki iddao qilishga hijolat bo‘lasan, kishi. Biroq hayot davom etmoqda. Demak, o‘rinsiz istiholalarni nari surib, har kim o‘z ishi kelgan joyidan davom ettiravergani ma’qul.

Muddaoga o‘tamiz.

Uch kun burun saytimizda ATB «Asaka bank» Andijon filiali sobiq boshqaruvchisi va mazkur filial kredit bo‘limining avvalgi boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabari berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumotlari asosida tayyorlangan mazkur xabarda bank filiali mas’ullari bir tadbirkorga ajratilgan 2.960.000.000 so‘m kredit mablag‘lari maqsadli sarflanmay o‘zlashtirilib yuborilishiga sababchi bo‘lishgani ortidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytiladi. Shu, xolos. Zero, bundan boshqa gap ortiqcha: jinoyat ishi endi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, bank filiali sobiq mutasaddilariga e’lon qilgan ayblovlar masalasida faqat suddan keyingina bir nima deyish mumkin.

Kecha ayni xabarga nisbatan ATB «Asakabank» munosabat bildiribdi. Kaftdekkina va ancha huquqiy savodsizlik bilan yozilgan munosabatda bank o‘zini oqlashga harakat qilgani yaqqol ko‘rinadi. Ya’nikim, kredit shartnomasi qachon va qaysi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt bilan tuzilgani, uning rahbari kim ekani ochiq-oydin aytilib, o‘rtadagi kelishuv shartlari tadbirkor tomonidan buzilgani alohida qayd etilgan holda jinoyat ishi aynan bank filialining prokuraturaga murojaati asosida qo‘zg‘atilganiga urg‘u beriladi.

Jinoyat ishi kimning murojaatiga asosan qo‘zg‘atilgani ko‘pam ahamiyatsiz, muhimi – «delo» kimlarga nisbatan qo‘zg‘atilganida! Masalaning eng ahamiyatli nuqtasi shu. Ikkinchidan, bank o‘z munosabatida jinoyat ishi figurantlarining ismi-shariflarini ochiq-oshkor yozadi, holbuki, «Xabar.uz» aybsizlik prezumpsiyasidan kelib chiqib, ularning nomini ochiqlashdan tiyilgan edi. Huquqiy savodsizlik shu darajadaki, bank murojaatidan so‘ng «...O‘zbekiston Respublikasi JPKning 34, 321-331, 332, 350-moddalariga binoan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani» urg‘ulanar ekan, ayni shu protsessual tartibga ko‘ra aybdorlarga qanday qilmishlari uchun Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan «ish» ochilgani haqida lom-lim deyilmaydi. Har holda, JPK (Jinoyat-protsessual kodeksi) bilan JK (Jinoyat kodeksi) o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, axir?! Yana bir e’tiborli holat – bank o‘zining sobiq mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini na tasdiqlaydi, na inkor etadi!

Nihoyat, uchinchidan: munosabat nihoyasida «... oxirigacha o‘rganilmagan xabarlar, noxolis ma’lumotlarni jamoatchilik hukmiga taqdim etmaslik» so‘raladi. Xo‘p, yaxshi. Biroq «Asakabank»ning Andijon filiali sobiq mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganining nimasi «oxirigacha o‘rganilmagan xabar»? Bu inkor etib bo‘lmas fakt-ku?! Ayni xabar, takror aytamiz, Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumotlari asosida tayyorlangan. Birdan bir vakolatli organ bo‘lgan Bosh prokuratura ma’lumotlari «noxolis» deyilishi sog‘lom aqlga sig‘adimi?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring