Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Arpa ekib, bug‘doy kutmang!

Arpa ekib, bug‘doy kutmang!

Foto: «112.ua»

Ishdan qaytishingiz bilan farzandingiz istiqbolingizga chiqadi. Ko‘zi to‘rt bo‘lib sizni kutgan emasmi, ko‘rishar-ko‘rishmas savol berishga tutinadi. Farzandingiz berayotgan savollar uning xayolot olamidek keng va rang-barang.

Maktabda muallimidan eshitgan-u, ammo mag‘zini chaqa olmayotgan yangi bilimlar unga tinchlik bermaydi, yon-atrofida kechayotgan turfa hodisalar sinoatiga tezroq yetishga intiladi. Tongda quyosh chiqishi, namozshomda esa yana o‘z yotog‘iga kirishi, tunda quyoshning o‘rnini bilintirmay degandek, osmonda oymomaning paydo bo‘lishi...

Bular siz uchun kundalik voqelikka aylanib ulgurgan. Shundanmi, farzandingizning ana shu hodisalar nima uchun ro‘y berishi haqidagi jo‘n bo‘lib tuyulgan savoliga javob bergingiz kelmaydi. Gohida bilmaganingizdan, gohida esa istamaganingizdan jajji bilimdonning so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirasiz. «Qo‘y, bolam, nima qilasan, boshingni qotirib, undan ko‘ra, multfilm tomosha qil», deysiz tezroq uning xarxashalaridan xalos bo‘lish uchun. Yoki «Bor, onangdan so‘ra, aytib beradi» deya oshxonada kuymalanayotgan ayolingiz qoshiga yuborasiz...

Kun bo‘yi xayolingizni band etgan ro‘zg‘or tashvishlari, tirikchilik urinishlari sababmi, farzandingiz ko‘zida chaqnab turgan ishtiyoq olovini sezmaysiz.

Ota-onasini turfa savollarga ko‘mib tashlagan, ammo birorta ham jo‘yali javob ololmagan kichkina donishmandning ko‘zlarida yonib turgan uchqun asta-sekin so‘nayotganiga ham e’tibor qilmaysiz.

Bu holat deyarli har kuni davom etadi. Asov ot kabi yugurik xayollar bilan bo‘y cho‘zayotgan farzand ota-onasini yana ko‘p bora savolga tutadi. Ular ham anoyi emas, har gal «suvdan quruq chiqish»ning yo‘lini topishadi, bolakay juda tixirlik qilib so‘roqqa tutaversa, yaxshilab urishib ham berishadi. Shu tariqa, bola savol bermay qo‘yadi, ota-onaning ham qulog‘i tinchiydi, ammo... shuning barobarida endigina unib-o‘sib kelayotgan iqtidor so‘nadi, kelajakda biror bir sohada tengsiz mutaxassis bo‘lib yetishishi mumkin bo‘lgan iste’dod yo‘qqa chiqadi.

Psixologlarning aytishicha, bolaligida ko‘p savol berishga odatlangan, voqealikka tiyrak nazar bilan qaragan kichkintoylar kelgusida intellektual salohiyati yuqori, tafakkuri keng inson bo‘lib yetishadilar. Buning uchun esa bolada iste’dod g‘unchalayotgan paytdanoq uni avaylab parvarishlash, gul bo‘lib ochilishiga imkon yaratish lozim.

Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum, deydi xalqimiz. Chindan, tengdoshlarini ortidan ergashtirayotgan kichkintoy aqlini tanib ko‘pning boshini qovushtiradigan yetakchi bo‘lib ketishi hech gap emas. Zehni o‘tkir, hofizasi kuchli bolakay yaxshi ijodkor, yetuk olim, qo‘li gul hunar egasi bo‘lib yetishishi mumkin.

Abu Ali ibn Sino o‘smirlik paytidayoq ulug‘ tabib sifatida dong taratgan, davo istagan bemorlarga shifo ulashgan.

Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy to‘qqiz yoshida Qur’oni karimni yod olgan, bolalik chog‘laridayoq ilmning baland rutbalarini egallagan.

Alisher Navoiy 7 yasharligida Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarini boshdan-oyoq yod bilgan.

Bobur Mirzo o‘n bir yoshida saltanatni boshqargan, hukmdorlikning zalvorli tashvishlarini nozik yelkasida ko‘tara olgan.

Sharq osmonining porloq yulduzi bo‘lgan bu zotlarning hayot yo‘liga nazar solsangiz, bir umumiy jihatni topishingiz mumkin: ular ma’rifatli tarbiyachilar qo‘lida kamolga yetganlar, go‘daklik paytidanoq ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor qaratilgan.

E’tibor berganmisiz, bola tabiatan ishonuvchan bo‘ladi. U hatto kattalarning yolg‘onlariga ham chippa-chin ishonadi. Murg‘ak qalbning ishonuvchanligi esa ota-onalarga qo‘l keladi: ko‘pincha uni aldab, yolg‘on sabablarga ishontirishga urinishadi. Biroq «Aldagani bola yaxshi» qoidasi farzand tarbiyasiga zararli va xatarli ta’sir ko‘rsatishi, mas’um ko‘ngilda turli illatlarning ildiz otishiga sabab bo‘lishini hayot voqeligi ko‘p bora ko‘rsatmoqda.

Bola qalbiga hech bir narsa ota-ona ibratidek kuchli ta’sir etmaydi. Jajji vujudga yashiringan iste’dodni aniqlash va kamolga yetkazish ham ota-ona zimmasidagi vazifadir. Bu vazifa muhimlikda bolani chiroyli kiyintirish, yaxshi taomlantirishdan qolishmaydi.

Donishmandlar bolaning ongu shuurini toza zaminga qiyoslashgani ham bejiz emas. Yerga qanday urug‘ qadasangiz, o‘sha unib chiqqani kabi bola ongiga ham arpa ekib qo‘yib, bug‘doy kutmaslik kerak.

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring