«ArMI-2021»: «Tank biatloni»ga qur’a tashlandi
Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi «Tank biatloni» musobaqasiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda delegatsiya a’zolari, ishtirokchi davlatlar jamoa vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatidan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi Islomjon Qo‘chqorov xabar berdi.
Unga ko‘ra, birinchi divizionda qatnashadigan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoamiz sariq rangli tanklarda harakatlanadigan bo‘ldi. Shunday qilib, polkovnik Juma Atashev boshchiligidagi jamoamizga birinchi divizionda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Belarus, Suriya, Ozarbayjon, Serbiya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Venesuela va Vetnam davlatlari jamoalari raqiblik qiladi.
«Yigitlarning kayfiyati a’lo va jangovar. Eng muhimi shu, menimcha. Musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganmiz, – dedi jamoa a’zosi, kapitan Muhriddin Nuriddinov. – To‘g‘ri, raqiblarimiz kuchli, ammo biz ham hech kimdan kam emasmiz. Nasib qilsa yuqori natijalar bilan yurtimizga qaytishni niyat qilganmiz».
Eslatib o‘tamiz, tankchilar jamoamiz dastlabki tayyorgarlikni Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatida joylashgan 255-umumqo‘shin poligonida olib borib, hozirda Moskva viloyatidagi «Alabino» poligoni yaqinidagi 1-polkka joylashgan. Musobaqaga qadar tayyorgarlik mashg‘ulotlari davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter