Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShning ittifoqchilari ham Tramp ilgari surgan taklifga qarshi chiqdi

AQShning ittifoqchilari ham Tramp ilgari surgan taklifga qarshi chiqdi

Yevropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Trampning G‘azo aholisini Iordaniya va Misrga ko‘chirish haqidagi taklifiga qarshi chiqdi.

YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 27 yanvar kuni Bryusselda tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda G‘azo ahli o‘zi shundoq ham ko‘p azob chekkani, ular ham isroilliklar kabi tinch hayotga haqli ekanini ta’kidlagan. Yuqori martabali diplomat YeI ziddiyatni ikki davlat – Isroil va Falastin davlati tamoyili asosida hal etishga sodiqligini yana bir karra tasdiqlagan.

Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp falastinliklarni Iordaniya va Misrga ko‘chirish haqidagi bahsli taklifni keskin tarzda inkor etgan.  Unga ko‘ra, falastinliklar ham Iordan daryosining G‘arbiy Sohilida, ham G‘azo sektorida qolishi kerak. 

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Saymon Harris esa yaqinda Isroil hamda HAMAS o‘rtasida tuzilgan tinchlik bitimida G‘azo aholisining o‘z uylariga qaytishi nazarda tutilganini eslatar ekan, ushbu hujjat talablari so‘zsiz bajarilishi muhimligini uqtirgan.

Reuters agentligi xabar berishicha, YeIning lokomotivlaridan biri bo‘lmish Germaniya ham G‘azo aholisini qo‘shni davlatlarga quvish rejasiga e’tiroz bildirgan. Germaniya TIV vakiliga ko‘ra, Berlin YeI, arab hamkorlar hamda BMTning nuqtai nazarini dastaklaydi va G‘azo aholisi sektordan quvib chiqarilishi, G‘azo Isroil tomonidan bosib olinishi yoki takror mustamlaka qilinishini  qoralaydi. 

AQShning eng yaqin ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Tramp tashabbusini qo‘llab-quvvatlamagan.

«Falastinlik tinch aholi vakillari (G‘azoga) qaytish, o‘z uylari va hayotlarini qayta tiklash imkoniga ega bo‘lishlari kerak. G‘azoning ko‘plab aholisi hayoti, boshpanasi va yaqinlarini yo‘qotgan so‘nggi 14 oylik ziddiyat chinakam dahshatdir. Shu bois ham Buyuk Britaniya doim G‘azodagi ziddiyatni hal etish lozimligini ta’kidlab kelmoqda», – degan bosh vazir Kir Starmerning matbuot kotibi.

Avval xabar berganimizdek, 25 yanvar kuni Tramp G‘azo sektorini «tozalash» maqsadida anklavning 1,5 million aholisini Misr va Iordaniyaga ko‘chirish kerakligidan bahs etgandi.

Vashington ma’muriyati Trampning ushbu ziddiyatli bayonoti borasida izoh berganicha yo‘q. Ammo bu bayonot mohiyat e’tiboriga ko‘ra Isroil rasmiylari ilgari surayotgan G‘azo sektori aholisini boshqa hududlarga curgun qilish va keyinroq u yerda yahudiy kelgindilarini joylashtirish g‘oyasiga hamohang yangramoqda. Buni Tel-Aviv rasmiylarining munosabati ham tasdiqlaydi. Xususan, Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Trampning bu taklifini «zo‘r g‘oya» deb atagan.

Iordaniya ham, Misr ham falastinliklarni majburiy ko‘chirish tashabbusini rad etgan.

Isroilni shartlarsiz qo‘llab-quvvatlash va Falastin ahli huquqlarini poymol etish deb baholangan bu taklif Arab davlatlari ligasi tomonidan ham jiddiy tanqid qilingan.

Tahlilchilar Isroil hukumati 2023 yil oktyabrda boshlagan urushdan foydalanib, G‘azoning 2,3 million aholisini majburiy ravishda qo‘shni davlatlarga surgun qilish orqali hududni bosib olishni ko‘zlayotganidan ogohlantirmoqda.

Falastin aholisi bu ikkinchi Naqba (1948 yilda yuz minglab falastinlik vatanidan ko‘chirilgani «Naqba», ya’ni «Fojia» deb ataladi) bo‘lishidan xavotirda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring