Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShga Isroil borasida navbatdagi talab qo‘yildi

AQShga Isroil borasida navbatdagi talab qo‘yildi

Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari AQSh rahbariyatini Isroilga qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishga chaqirdi.

Xalqaro tashkilotlar Qo‘shma Shtatlar ma’muriyatiga Isroil tomonidan G‘azoda 2023 yil 7 oktyabrdan keyin sodir etilgan jinoyatlar va xalqaro huquqqa zid harakatlar yuzasidan hisobot taqdim etgan.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 10 va 11 oktyabr kunlari Isroil armiyasi G‘azo sektori hamda Livan hududiga oq fosfor bombasini tashlagan edi. Dunyodagi aholi eng zich yashaydigan mintaqada oq fosfor qo‘llanishi xalqaro gumanitar huquqqa zid ekani bois keskin tanqidga uchragandi.

Inson huquqlari tashkilotlari Vashington ma’muriyati e’tiborini yana bir karra ushbu faktga qaratgan. Bundan tashqari, yahudiy davlati harbiylari G‘azoda shifoxonalarga hujumlar uyushtirgani, insonparvarlik ko‘magi yetkazishga to‘sqinliq qilayotgani qayd etilgan.

Isroil AQSh tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishi savol ostiga olingan.

Dunyoning yetakchi inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Buyuk Britaniya hukumatiga ham ajal qurollarini sotishni to‘xtatish talabini qo‘ygan edi.

Ekspertlar Isroil armiyasi G‘azoda juda katta miqdorda bomba va o‘q-dori xarjlayotanini aytmoqda. AQSh eng yaqin ittifoqchi sifatida katta miqdorda ajal qurollari yetkazmoqda.

Yediot Ahronoth nashriga ko‘ra, AQSh Isroilga 2023 yilning so‘nggi ikki oyida 230 ta yuk uchog‘i va 20 ta kemada qurol-aslaha, o‘q-dori va harbiy texnika yuborgan.

Dekabr oyida Davlat departamenti ikki marta qonun chiqaruvchi idora (Kongress) ruxsatini ham kutmay Isroilga ko‘p million dollarlik o‘q-dori yetkazishni ma’qullagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil G‘azoga bostirib kirganidan buyon 31923 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 74096 nafari jarohatlandi.

Tinch aholi vakillari, jumladan, bolalar va ayollar o‘limi oshib borayotgan bir pallada AQShda Tel-Avivni qurollantirishni bas qilish talabi balandroq ovozda yangramoqda.

2023 yil oktyabr oyida Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Polga ko‘ra, Isroilga oshig‘ich ravishda qirg‘in qurollari berilishi adolatsiz qaror bo‘lib, bu AQSh oliy deb bilgan qadriyatlarga ham zid sanaladi.

AQSh prezidentligiga nomzod, yahudiy millatiga mansub Jill Stayn Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etayotgani, prezident Jo Bayden esa bu xunrezliklarga sherik ekanini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring