Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Isroil rahbariyatini shifoxonaga hujum borasida «trolling» qildi

Erdo‘g‘on Isroil rahbariyatini shifoxonaga hujum borasida «trolling» qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil rahbariyatining Eron shifoxonaga hujum qilgani borasidagi tanqidiga javob berdi. Erdo‘g‘on Isroil armiyasi G‘azo sektorida ayni shunday harakatlarni sodir etganini yodga solar ekan, o‘ziga xos usulda «trolling» qilgan.

«Bugun shifoxonalari zarar ko‘rganidan shikoyat qilayotgan Isroil birgina G‘azo sektoridagi tibbiy muassasalarga 700 dan ziyod hujum uyushtirdi. G‘azoda 21 oydan buyon zamonamizning eng sharmandali vahshiyligi ro‘y bermoqda. G‘azoni dunyodagi eng katta konsentratsion lagerga aylantirganlarning harbiy jinoyatlar haqida bahs etishi nafaqat tuturiqsizlik, ayni choqda, andishasizlik va surbetlikdir», – dedi Turkiya rahbari. 

13-iyun kuni Isroil tomonidan Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy hujumlar uyushtirilishi ortidan yuzaga kelgan urush davom etmoqda.

19-iyun kuni Isroil rahbariyati Eronni shifoxonaga hujum uyushtirishda aybladi.

Yahudiy davlati rasmiylariga ko‘ra, Eron tomonidan uchirilgan raketa Isroilning Beer-Sheva shahridagi «Soroka» shifoxonasiga borib urilgan va oqibatda 84 kishi jarohatlangan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu uchun Tehron javob berishini ta’kidlagan. Isroil sport vaziri Miki Zoar esa «Faqat eng qabih odamlar shifoxonalarni o‘qqa tutishi mumkin», deb bayonot bergan.

Rasmiy Tel-Aviv shifoxonaga hujumni umumiyat-la keskin qoralagan.

Eron tomoni shifoxonaga qasddan hujum uyushtirilganini rad etdi. Fors davlati rasmiylariga ko‘ra, «Soroka» shifoxonasi zarba to‘lqinidan jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Ayni choqda, Tehron «Soroka» shifoxonasi harbiy maqsadda ishlatilgani va u yerda harbiylar davolanganini bildirgan. 

Isroil rahbariyatining o‘z hududidagi shifoxona hujumga uchragani ortidan bergan tanqidiy bayonotlari jahon matbuotida «ikkiyuzlamachilik» deb baholandi.

Isroilning «Haaretz» nashri sharhlovchisi Yoav Groveys ham o‘z davlatini ikki tomonlama standartlarda ayblagan.

«Bu yerda odamlar G‘azo sektoridagi shifoxonalar o‘qqa tutilishini zo‘r berib oqlashdi. Lekin bizning shifoxonalarimiz o‘qqa tutila boshlagach, barcha birdaniga urush qonunlari buzilayotgani haqida jar solmoqda. Biz xuddi g‘irrom o‘ynayotgan va bizga teginib ketishsa, yer yotib olib, «Qoida buzildi!» deb baqirayotgan o‘yinchilardekmiz», – deb yozgan Yoav Groveys.

Tahlillarga qaraganda, Isroil 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektoridagi 36 ta shifoxonani bombalagan.

Urushning ilk kunlaridayoq «Al-Ahliy» baptistlar shifoxonasiga Isroil tomonidan berilgan raketa zarbasi oqibatida 800 nafardan ziyod begunoh odam halok bo‘lgandi. O‘shanda Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra shifoxonalar daxlsiz ekanini eslatgandi.

Isroil G‘azo sektoridagi shifoxonalar va boshqa fuqarolik ob’yektlariga tanlovsiz bomba yog‘dirgani Harvard universiteti olimlari tomonidan ham tasdiqlangan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus sog‘liqni saqlash maskanlari yakson qilingan G‘azo hududida odamlar bombalardan ham ko‘ra ko‘proq turli xastaliklardan vafot etayotgani haqida bong urgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring