AQSh zo‘ravon isroilliklarga jazo qo‘lladi
AQSh prezidenti Jo Bayden G‘arbiy sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini sodir etgan yahudiylarga nisbatan sanksiya joriy etdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, bu AQShda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yuritayotgan siyosatga norozilik oshib borayotgani belgisidir.
«Qora ro‘yxat»ga hozircha to‘rt zo‘ravon (David Chai Chasdai, Einan Tanjil, Yinon Levi va Shalom Zickerman) kiritilgan. Ular G‘arbiy sohilda falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan, shuningdek, tinch aholi vakillarini kaltaklab, mol-mulkiga ziyon yetkazgan.
Taqiq choralariga muvofiq, G‘arbiy sohilda zo‘ravonlik sodir etgan yahudiy ekstremistlariga AQSh viza bermaydi, ularning mablag‘lari muzlatiladi. Qo‘shma Shtatlar fuqarolariga «qora ro‘yxat»dagi shaxslar bilan tijoriy aloqalar olib borish man etiladi.
«Isroil G‘arbiy sohilda tinch aholi vakillariga qarshi zo‘ravonliklarni to‘xtatish va aybdorlarni jazolash uchun ko‘proq chora-tadbirlar ko‘rishi kerak», – deb bayonot bergan Davlat kotibi Entoni Blinken.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi. 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azoda urush boshlanganidan buyon Falastin xalqining ishg‘ol ostidagi hududlari – G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda ham zo‘ravonlik harakatlari avj olgan. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan qariyb 4 oy ichida mazkur ikki hududda Isroil armiyasi va yahudiy aholining hujumi oqibatida 381 nafar falastinlik o‘ldirilgan.
2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham G‘arbiy sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘payganidan chuqur xavotir izhor qilgan va Tel-Avivdan zo‘ravonliklarga chek qo‘yishni talab qilgan edi.
Falastinga nisbatan radikal qarashlari bilan tanilgan Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azo aholisini surgun qilib, hududni egallash haqida ochiq-oshkora bayonotlar bermoqda.
Axios nashri xabariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati ushbu ikki vazirga nisbatan ham sanksiya qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgan, ammo pirovardida bunga jur’at qilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter