Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Senati uyg‘ur musulmonlari huquqini poymol qilayotgan mulozimlarni jazolashni talab qildi

AQSh Senati uyg‘ur musulmonlari huquqini poymol qilayotgan mulozimlarni jazolashni talab qildi

Turkiyadan boshpana olgan uyg‘urlar rasmiy Pekinning Shinjonda olib borayotgan siyosatiga nisbatan norozilik namoyishi o‘tkazmoqda. 2020 yil 5 fevral, Anqara.

Foto: “AFP”

AQSh Senati Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi uyg‘ur musulmonlariga siyosiy bosim o‘tkazib kelayotgan Xitoy rasmiylariga jazo choralari qo‘llash haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Respublikachilar partiyasi vakili, senator Marko Rubio tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyiha bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan.

Qonun hujjatida prezident Donald Tramp ma’muriyati uyg‘ur turklari hamda boshqa millatlarga mansub musulmonlarga nisbatan zo‘ravonlik siyosatini yuritib kelayotgan Pekin mulozimlariga yanada kuchli jazo choralarini qo‘llashga da’vat etilgan.

Hujjatda, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat mahkamasi – Davlat departamentiga Xitoyda inson huquqlari buzilishi holati bo‘yicha hisobot tayyorlash yuklangan.

«Xitoy hukumati va kommunistik partiyasining Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa musulmon elatlarning etnik va madaniy o‘ziga xosligini yo‘q qilishga qaratilgan doimiy urinishlari dahshatli oqibatlarga olib keladi. Agar biz o‘z vaqtida harakat qilmas ekanmiz, bu insoniyat sha’niga dog‘ bo‘lib tushishi aniq», – degan senator Marko Rubio.

Uyg‘urlar haq-huquqlarini himoya qilishga doir qonun (Uyghur Human Rights Policy Act) loyihasining dastlabki varianti Senat tomonidan 2019-yil noyabrda qabul qilingan edi. Ammo 2019 yil dekabrda loyihani muhokama qilgan Vakillari palatasi unga bir qator o‘zgartirishlar kiritib, qayta ko‘rib chiqish uchun Senatga yo‘llagan edi.

Senat qayta qabul qilgan qonun loyihasi Vakillar palatasida ma’qullanishi va imzolash uchun prezidentga yuborilishi kutilmoqda.

Jahon uyg‘urlari kongressi Senat tomonidan qabul qilingan qonun ularga katta umid bag‘ishlaganini qayd etgan va Vakillari palatasidan hujjatni qisqa fursatda ma’qullashni so‘ragan.

AQSh Davlat departamenti hisobotiga ko‘ra, Xitoy tomoni Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida  yashovchi 800 mingdan 2 milliongacha uyg‘ur, qozoq va boshqa millatlarga mansub musulmonlarni lagerlarda tutqunlikda saqlamoqda.

Qayd etilishicha, sudsiz, tergovsiz joriy etilgan ushbu jazo usuli mahalliy musulmonlarni o‘z dini va milliy o‘zligidan mahrum etish va to‘liq xitoylashtirishga qaratilgan. Davlat departamenti hisobotida lagerlarda ruhiy va jismoniy zo‘ravonlik avj olgani, shinjonlik musulmonlar namoz o‘qigani yoki ro‘za tutgani uchungina jazolanayotgani xabar qilingan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida ko‘p sonli yopiq lagerlarda mahalliy musulmonlar tutqinlikda saqlanayotganini qoralagan. 

Xitoy tomoni esa yopiq lagerlarda uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlarga mansub musulmonlar qiynoqqa solinayotgani haqidagi xabarlarni inkor etadi. Rasmiy Pekinga ko‘ra, ekstremizmga moyil aholini qayta tarbiyalashga yo‘naltirilgan ta’lim va kasb-hunar markazlari faoliyati noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

S. Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring