Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh razvedkasi Xitoyning maxfiy rejasini oshkor qildi

AQSh razvedkasi Xitoyning maxfiy rejasini oshkor qildi

Foto: AFP

Xitoy Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajal qurollarini yetkazish haqida o‘ylamoqda. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns CBS News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

«Xitoy rahbariyati (Rossiyaga) o‘lim qurollarini yetkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganiga ishonchimiz komil. Lekin bu borada yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Hozirga qadar ajal qurollari yetkazilganiga doir dalillar ham mavjud emas», – deydi u. 

Byornsga ko‘ra, Xitoy yetakchisi Si Szinpin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi tajribasi va hodisalar rivojini sinchkovlik bilan kuzatmoqda.

Josuslik idorasi rahbari Moskvaga qurol yetkazilishini o‘ta qaltis va puxta o‘ylanmagan harakat deb baholagan.

24-fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ham ushbu masalaga to‘xtalib, Putin ma’muriyatiga qurol-aslaha berilishi «qizil chiziq» ekanini ta’kidlagan va Xitoy rahbariyatini buning oqibatlaridan ogohlantirgan edi.

Rasmiy Pekin Rossiyaga qurol-aslaha yetkazilishi haqidagi xabarni rad etar ekan, Xitoy–Rossiya munosabatlari masalasida AQShning biror ko‘rsatmasi qabul qilinmasligini urg‘ulagan.

Avvalroq Vashington Xitoy shirkatlari Rossiyaga Ukraina urushida istifoda etish uchun zirhli nimcha va dubulg‘alar yuborgani yuzasidan xavotir izhor qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Byorns prezident Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi.

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring