Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh diplomatlarining sirli ravishda kasallanishi sababi ma’lum bo‘ldi

AQSh diplomatlarining sirli ravishda kasallanishi sababi ma’lum bo‘ldi

AQShning Kubadagi elchixonasi.

Foto: “AFP”

Kuba va Xitoydagi faoliyati davomida sirli ravishda turli xastaliklarga chalingan AQSh diplomatlariga doir xulosalar e’lon qilindi. AQSh milliy fanlar akademiyasi mutaxassislariga ko‘ra, diplomatlarga yuqori chastotali nurlanish vositasida akustik hujum amalga oshirilgan.

2016-2017-yillarda AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan. Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan.

AQSh Davlat departamenti bunga javoban Kuba fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatgan va diplomatik vakolatxonaning 60 foiz xodimini chaqirib olgan.

2017-yili Xitoyning Guanchjou shahrida faoliyat yuritayotgan diplomatlarda ham ayni shunday ko‘ngilsiz holatlar kuzatilgan. Xastalik asoratlari uzoq vaqt davom etgan.

Diplomatlarning sirli ravishda kasallanishi yuzasidan turli sabab va taxminlar aytilayotgan edi. AQSh olimlari bir yillik tadqiqotlardan keyin «bu nurlanish oqibati» degan xulosaga keldi. Diplomatlar qasddan uyushtirilgan hujum qurboni bo‘lganmi yoki bu shunchaki tasodifmi – bu borada yakuniy xulosa aytilganicha yo‘q. Ammo bemorlarni davolash juda qiyin kechayotgani aniq.

2017-yili Associated Press axborot agentligi diplomatlar qulog‘i ostida yangragan shovqin yozuvini e’lon qildi. Jabrlanuvchilar chigirtkaning chirillashini yodga soluvchi shovqinni tinglab, ularni bezovta qilayotgan ovoz aynan shu ekanini tasdiqlaganlar. 

NBC telekompaniyasiga ko‘ra, AQSh maxsus xizmati akustik hujum Moskva tomonidan uyushtirilgan deb hisoblaydi.

Qayd etilishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Rossiya vakillarining telefon orqali so‘zlashuvlari va yozishmalariga asoslanib shunday xulosaga kelgan. Shuningdek, AQShning Havanadagi elchixonasi binosi yaqinida Rossiya maxsus xizmatining yuqori chastotali qurollarga aloqador bo‘lgan xodimlari harakati kuzatilgan.

2017-yil dekabr oyida MRBning yuqori martabali vakili Mark Polimeropulos Moskvaga tashrif buyurgan. Safar va uchrashuvlar asnosida josuslik idorasi vakilida ham bosh aylanishi va quloq ostida kuchli shovqin kabi xastalik alomatlari paydo bo‘lgan. M.Polimeropulos safarni bekor qilib oshig‘ich ravishda Qo‘shma Shtatlarga qaytgan. Keyinroq xastalik sabab u hatto iste’fo berishga majbur bo‘lgan. M.Polimeropulos ham Rossiya maxsus xizmatining hujumi qurboni bo‘lganini ma’lum qilgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining iste’fodagi generali Aleksandr Mixaylov amerikalik hamkasbi M.Polimeropulosning xastalanishiga mavsumiy ob-havo o‘zgarishi sabab bo‘lgani, nur yordamida hujum haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasligini bildirgan.

Kuba Davlat kengashi raisi Migel Dias-Kanel ham akustik hujumga Moskva hamda Havananing aloqadorligini rad etgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring