Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Aqlli shahar»ning yetti ustuni

«Aqlli shahar»ning yetti ustuni

Foto: Hsto.org

Hozir Yer aholisining katta yarmi — shaharliklar, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahon aholisining urbanizatsiyalashuv darajasi 2050-yilda 70 foizga yaqinlashadi. Megapolislardagi singari zamonaviy imkoniyatlardan mosuvo kam aholi yashovchi va olis hududlarni odamlar tark etish jarayoni tezlashib bormoqda.

Chetdan aholining oqib kelishi shaharlarda muammolarni keltirib chiqaradi — transport tiqinlari, shahar xizmatlariga yuklanma, energiya resurslari iste’moli ortishi, ekologiyaning buzilishi. Shu kabi muammolarga barham berish uchun jahon hukumatlari axborot texnologiyalaridan najot qidirmoqda. Boshqacha ifodalaganda, dunyoda  Smart City yoki «aqlli shahar» maqomiga da’vogar shaharlar soni ko‘payib boryapti.

Aqlli shahar nima o‘zi?

Oddiy tushuntirganda, aqlli shahar bu — axborot texnologiyalaridan foydalanish sharofati bilan, ham hukumat, ham aholi va tadbirkorlar nuqtai nazarida, infratuzilma va xizmatlarning samaradorligiga erishish. Hokimlik xotirjam — chunki barcha shahar xizmatlari vazifasini ko‘ngildagidek uddalayapti, tadbirkorlar mamnun — shahar infratuzilmasi yaxshiligidan biznes yurishmoqda, aholi baxtiyor — yashash qulay, barcha ehtiyojlar qondirilgan.

Biroq so‘nggi yillarda, resurslar kamayib ketayotgani, ekologiya muammolari tanglashayotgani ortidan, «aqlli shahar» konsepsiyasi yanada kengaytirildi. Endi aqlli shahar deganda nafaqat 5G va sun’iy intellekt kabi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, balki ular bilan yonma-yon oqilona loyihalashtirilgan zamonaviy transport, suv ta’minoti, isitish, yoritish, chiqindilarni olib ketish tizimlari ham tushuniladi. Ko‘cha chirog‘i faqat mashina yoki piyoda o‘tayotganida yonadi, suv quvurlari yorilganida xabar kelmaydi, balki buzilishning oldi olinadi. Yuz foizlik «aqlli shahar»da hamma narsa o‘ylangan va optimallashtirilgan bo‘ladi: turarjoy uyidagi barcha asbob-usukunalarning sinxronlashuvidan tortib, jamoat transporti yo‘nalishlarigacha, chiqindi tashuvchi mashinalar harakatidan tortib mahalliy hokimiyat muhim qarorlar qabul qilishida ko‘maklashuvchi IT-texnologiyalargacha.

Yetti ustun

Umuman, aqlli shahar qanday bo‘lishi kerakligi haqida yondashuvlar xil-xil. Hech qanday nazariyasiz, amaliyot ko‘zi bilan qaraganda ham, asosiy yetti jihat ko‘zga tashlanadi:

  1. Xavfsiz shahar.
  2. Fuqarolarning shahar ichida samarali harakatlanishi (aqlli yo‘llar, aqlli transport, aqlli parkovkalar).
  3. Atrof-muhit muhofazasi (ifloslanish va ko‘kalamzorlashtirish nazorati).
  4. Aqlli kommunal xizmatlar (suv, energiya ta’minoti, chiqindilar)
  5. Shahar boshqaruvida fuqarolarning faol ishtiroki (elektron hukumat).
  6. Qulay elektron ta’lim va tibbiyot (telemeditsina, masofaviy ta’lim).
  7. Kuchli aloqa vositalari va tahlil tizimi.

«Aqlli» bo‘lishga intilayotgan jahon shaharlari yuqoridagi yo‘nalishlarda turlicha bosqichlarda rivojlanish yo‘llarini bosib o‘tgan.

Yetti texnologiya

Qaysi texnologiyalar odatiy shahar hayotini «aqlli»ga aylantira oladi? Interesting Engineering nashrining fikricha, 7 ta asosiy axborot texnologiyasisiz Smart City tamoyilini to‘laqonli amalga oshirish mumkin emas. Aynan ularning negizida yuqori texnologiyali kelajak shaharlari uchun ishlanmalar yaratilmoqda.

IoT (Narsalar interneti). Barcha asboblar va qurilmalar o‘zaro aloqada ishlashi va yuqori samara keltirishi uchun, ular uzatgichlar bilan jihozlanishi va bulutli servislar yordamida bir ekotizimga birlashtirilishi lozim.

Geolokatsiya. Shaharni rejalashtirishda va xizmatlar faoliyatida obyektlarning joylashgan o‘rni haqidagi ma’lumot juda muhim. Geokenglik texnologiyalari aynan shu ma’lumotlarni to‘playdi va tahlil qiladi.

Robotlar. Robotlarning aholi turajoylari, ishxona va jamoat joylariga integratsiyalashuvi nafaqat odamlarni og‘ir va yoqimsiz mehnatdan xalos etadi, balki shahar infratuzilmasi va xizmatlari samaradorligini oshirib, xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.

XR-texnologiyalar. Virtual to‘ldirilgan kenglik — to‘rtinchi sanoat inqilobining asosiy unsurlaridan biri. 2020-yildan boshlab, koronavirus pandemiyasi tufayli, bu texnologiyalar aqlli shaharni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. XR texnologiyalar muammolarni masofadan turib (AR-ko‘zoynaklar) hal etish yoki odamlarga muhim, biroq ko‘nikmasi shakllanmagan narsalar (VR-trenajyorlar)ni o‘rgatish imkonini beradi.

Sun’iy intellekt. Neyrotarmoqlarsiz aqlli shahar ishlab chiqaruvchi ulkan ma’lumotlar oqimini real vaqt tartibida tahlil qilish imkonsiz. Haydovchisiz jamoat transportining yo‘nalishini belgilash, avtomobil trafigi va elektr tarmog‘ini intellektual boshqarish, dronlarda yetkazib berish xizmatlari va boshqalarni faoliyatini sun’iy intellektsiz tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Shahar «sog‘mi», uning «hayotiy muhim a’zolari» ishlayaptimi — bularni tushunishimizda neyrotarmoqlar beqiyos o‘rin tutadi.

5G mobil tarmoqlari.  3G va 4G zamonaviy talablarga javob bermaydigan darajada eskirdi. Aqlli shahar ishlab chiqaruvchi ulkan ma’lumotlar oqimini tashishga bu mobil tarmoqlarning kuchi yetmaydi. Aqlli shahar to‘laqonli ishlashi uchun faqat 5G-tarmoqlar kerak.

Blokcheyn. Butun tizimning shaffofligi uchun kerak. Vositachisiz tranzaksiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi o‘zi bajariluvchi shartnomalar yoki smart-shartnomalarda foydalaniladi.

Jahonning «eng aqlli» shaharlari

PwCJuniper ResearchMcKinseyIMD va Singapur texnologiyalar va dizayn universiteti singari yirik tadqiqot agentliklari har yili qaysi shahar boshqalariga nisbatan «haqiqiy kelajak aqlli shahri» orzusiga yaqinlashganini aniqlashga urinib ko‘radi va tegishli reytinglarini e’lon qilib boradi. Deyarli barcha reytinglarda Singapur, Nyu-York, San-Fransisko, London, Syurix, Amsterdam, Kopengagen va Stokgolm kabi shaharlar o‘zaro raqobatlashayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Haqiqiy «aqlli shahar» qanday bo‘ladi — keyingi mavzu shu haqda: Singapur, Amsterdam, San-Fransisko misolida ko‘rib chiqamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring